NATOning Madriddagi sammiti paytda virtual chiqish qilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy alyansdan yangi turdagi og’ir qurollar so’radi. Ukrainaga nima va’da qilindiyu, nimalar berildi?
Your browser doesn’t support HTML5
Shu hafta 450 dan ziyod ukrainalik harbiy Britaniyada mahalliy raketa tizimini ishlatishni o’rgatadigan o’quv-mashg’ulotlarini yakunladi.
“Ko’p otar raketa tizimimiz gusenitsada harakatlanadi, ukrainlarniki esa g’ildirakda. Biznikini harakatlantirish osonroq, chunki u mobilroq, demak jangda omon qolish ehtimoli ham yuqoriroq”, - deydi Britaniya armiyasi kapitani Jeyms Olifant.
AQSh va Britaniya gaubitsa, zirhli transport vositalari, dronlar, havo va raketa mudofaasi tizimlari bilan birga Ukrainaga raketa tizimlarini ham bergan.
Zelenskiy ilg’or qurollar berishni so’rayapti.
“Shundagina Rossiyaning shaharlarni vayron qilish, tinch aholini vahimada ushlab turish taktikasini izdan chiqaramiz”, - deydi u.
NATOning o’zi Ukrainaga og’ir qurol jo’natayotgani yo’q.
“NATO tashkilot sifatida qurol bermaydi, chunki unda qurol yo’q. A’zo davlatlarda bor. NATO Ukrainaga yordam bermoqchi bo’lgan ittifoqchilarni qo’llab-quvvatlayapti”, - deydi AQSh mudofaa vazirining sobiq yordamchisi Jim Taunsend.
Madriddagi sammit chog’ida NATOga a’zo bir necha mamlakat Ukrainani qurol bilan ta’minlash va’dasini berdi.
Masalan, AQSh Prezidenti Jo Bayden shu maqsadlarda qo’shimcha 800 million dollar ajratilayotganini ma’lum qildi. Oq uy jami 7 milliard dollardan oshiq pul va’da qilgan.
“G’arbning zamonaviy havo mudofaasi tizimlari, qo’shimcha artilleriya va snaryadlar, kontrbatareya radarlari, HIMARS raketa tizimi uchun qo’shimcha o’q-dori, yana bir necha mamlakatdan qo’shimcha HIMARS tizimlari”, - deya sanab o’tdi Bayden.
Seshanba kuni Britaniya bungacha berilgan 1,5 milliard dollarlik harbiy yordamga qo’shimcha yana 1,3 milliard dollar ajratilishini ma’lum qildi.
Fransiya uzoq masofaga otadigan o’ziyurar “Sezar” artilleriya tizimlaridan bungacha Ukrainaga berilgan 13 taga qo’shimcha yana oltitasini yubormoqchi. Ular Qora dengizning Ilon oroliga yaqin sohillarida o’rnatilgani aytilmoqda. Payshanba kuni rus qo’shinlari orolni tark etgan.
Germaniya iyul oyida samolyotlarni nishonga olish qobiliyatiga ega 15 ta tank, Ispaniya esa 40 ta “Leopard” tanklarini berishini aytgan. “Leopard” tanklari Germaniyada ishlangani uchun Berlin ularning uchinchi tomonga uzatilishiga ruxsat berishi kerak.
Biroq Ukrainaga ko’ra, 4 oydan beri davom etayotgan urushda g’alaba qozonish uchun ko’p qurol kerak, juda ko’p qurol.
“Siyosiy hisob-kitob shuki, Ukrainaga ko’proq qurol berilishi kerak, biroq nazoratdan chiqib ketadigan eskalatsiyaga yetaklaydigan miqdorda emas. Mantiq men uchun tushunarli, biroq bu xato mantiq, chunki biz Zelenskiydan bir qo’l bilan jang qilishni so’rayapmiz”, - deydi NATO rejalash siyosati bo’limining sobiq rahbari Fabris Potye.
Zelenskiy Rossiya qurol va son jihatdan ustun ekanini aytarkan, hozirgidan 10 marotaba ko’p qurol kerakligini ta’kidlayapti.
Ukraina Rossiya Odessaga hujumda 18 odamni o'ldirganlikda ayblamoqda
Bu o’rtada Ukraina Rossiya armiyasini Qora dengiz bo’yidagi Odessa viloyatiga qarashli Sergeyevka qishlog’iga raketa otib, 9 qavatli turar-joy va oromgohni vayron qilganlikda, kamida 18 odamni o’ldirganlikda ayblamoqda.
Kreml bu da’volarni inkor etmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi Lugansk viloyatining Ukraina qo’shinlari nazoratidagi so’nggi hududi bo’lgan Lisichansk shahrida Ukrainadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodi rus askarlari nazoratiga o’tganini ma’lum qildi.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning aytishicha, Lisichanskning yarmi hozir Rossiya armiyasi qo’lida, shahardagi ukrain qo’shinlari iskanjaga olinmoqda.
Bolgariya rus diplomatlarini haydamoqda
Bolgariya hukumatining poytaxt Sofiyada Rossiya elchixonasining 70 nafar xodimini haydash qarori ketidan yuzga yaqin odam elchixona yonida to’planib, hukumat qaroriga norozilik bildirgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bolgariya bu harakatidan voz kechmasa, nafaqat Rossiyaning Sofiyadagi elchixonasi, balki Bolgariyaning Moskvadagi elchixonasi ham yopilishi haqida ogohlantirdi.