Shimoliy Yevropa davlatlari Ukrainaga yordamni to'xtatmaslikka kelishdi

  • Amerika Ovozi

Yevropa shimolida joylashgan 10 mamlakat rahbarlari bugun Rigada to’planib, Ukrainani Rossiyaga qarshi urushida qo’llab-quvvatlashda davom etishga kelishib oldi. Majlis ishtirokchilariga virtual murojaat qilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ulardan xilma-xil qurol berishni so’radi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 19-dekabr, 2022-yil

Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunakning aytishicha, rahbarlar Ukrainaga yordam berish yo’llarini muhokama qilmoqda.

Niderlandiya Mudofaa vaziri Kaysa Ollongren majlisda qatnashayotgan 10 mamlakat Ukrainani qancha kerak bo’lsa, shuncha qo’llab-quvvatlashga tayyor, deb aytdi.

Gap Daniya, Estoniya, Finlyandiya, Islandiya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiya va Birlashgan Qirollik haqida ketmoqda.

Bugun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2019-yildan beri ilk bor Belarusga tashrif buyurdi. So’nggi paytlarda odatda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiyaga borardi. Putinning tashrifi Ukraina va G’arb tahlilchilari va siyosatchilariga Rossiya yaqin kunlarda Belarus tarafidan Ukrainaga katta hujum boshlashi haqida gapirishga sabab bo’ldi.

Aytish joiz, Belarus chegarasidan Kiyevgacha atigi 100 kilometr.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin Belarusga bu mamlakatni Ukrainadagi jangovar harakatlarga qo’shilishga undash uchun borgani haqidagi xabarlarni “ahmoqona va asossiz uydirma” deb atadi.

Ukraina qurolli kuchlari qo’mondoni Valeriy Zalujniyning o’tgan hafta “Ekonomist” jurnaliga aytishicha, Rossiya kelasi oy yoki bahorda Belarusdan Ukrainaga uch yo’nalishda hujum qilish uchun 200 ming askar to’plamoqda.

Rossiya va Belarus qo’shma mashg’ulotlar o’tkazishda davom etmoqda. Bundan tashqari, Rossiyada qisman safarbar etilgan askarlarning bir qismi Belarusda ham mashq qilyapti.

Bugun Rossiya poytaxt Kiyev va atrofidagi energetika infratuzilmasini yana nishonga olgan. Dron hujumiga uchragan joylarda yong’in yuzaga kelgan. Bu so’nggi 6 kunda uchinchi dron hujumi. Ukraina harbiy-havo kuchlari 30 ta dron urib tushirilganini ma’lum qildi.