Oq uy: "Islomiy davlat" garovidagi amerikalik o'lgan

  • Amerika Ovozi

26 yoshli Kayla Myuller suratda onasi Marsha Myuller bilan.

Suriyada "Islomiy davlat" to'dasi tomonidan garovga olingan amerikalik ayol o'lgan. Oq uy buni seshanba kuni tasdiqladi.

To'rt kun oldin ekstremistlar bayonot chiqarib, 26 yoshli Kayla Myuller Iordaniya jangovar samolyotlarining havo hujumida jon berganini da'vo qilgan edi.

Insonparvarlik tashkilotlari bilan ishlagan, suriyalik qochqinlarning dardiga malham bo'lgan ayol Raqqa shahrida tutqinlikda yashayotgan bo'lgan. Jangarilar uni 2013-yilda Suriyada o'g'irlab qochgan edi.

Davlat xavfsizligi bo'yicha kengash matbuot kotibi Bernadett Mihanning aytishicha, jangarilar bir necha kun oldin Myullerning oilasiga maktub yo'llagan.

Razvedka bu nomani o'rganib, asl ekanini tasdiqlagani zahoti Kaylaning o'limi ham tasdiqlangan.

Oq uy ayolning oilasiga hamdardlik izhor etmoqda.

"Kaylani bag'rimizdan yulib olishdi, lekin uning yorqin xotirasi yodimizda qoladi. Uning hayoti boshqalarga namuna bo'lib qoladi. Kayla halol, adolatli, xolis inson edi. Qo'shma Shtatlar qanday qilib bo'lmasin, Kaylaning o'limi uchun javobgar terrorchilarni topib qilmishi uchun jazolaydi", - deydi Prezident Obama.

Kayla Muller 2013-yilda Suriyada o'g'irlab qochilgan edi. U insonparvarlarlik tashkilotlariga yordam bergan, qochqinlarning og'irini yengil qilgan.