Oq uy Kongressdan Eron bilan muzokaralarga aralashmaslikni so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

Oq uy Kongressdan Eron yadro dasturi bo'yicha kechayotgan xalqaro muzokaralarga aralashmaslikni so'ramoqda. Prezident Barak Obama ma'muriyatining rahbari Dennis Makdono Eron atom dasturiga doir bitimning Kongress tasdig'idan o'tishini talab qiluvchi qonun loyihasini tanqid qildi. Oq uy vakili qonunchilarga xat yo'llab, hujjatning muzokaralarga salbiy ta'sir qilishini bildirdi.

Prezident Obama bu mazmundagi qonun loyihasiga veto qo'yadi, deydi rasmiylar.

Bugun AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Shveysariyaga yo'l olmoqda. U Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan yana bir bor ko'rishmoqchi. So'nggi haftalarda ikki arbob bir necha marta muloqot qilgan.

"Muzokaralar samarali o'tmoqda, natija bor, ammo tomonlar kelisha olmayotgan jiddiy mavzular ham mavjud", - dedi Kerri.

Unga ko'ra, respublikachi qonunchilarning Eron rahbariyatiga maktubi jarayonga zarar qilishi mumkin. 47 senatorga ko'ra, Amerikaning keyingi prezidenti Eron bilan kelishuvni istalgan payt bekor qilishi mumkin.

Kerri qonunchilarni xalqaro muzokaralarga aralashayotganlikda va Eron bilan shartnomani imzolashga g'ov bo'layotganlikda aybladi.

Jurnalistlar Kerridan "Eron vaziri bilan Lozannada uchrashganda qonunchilar maktubi uchun uzr so'raysizmi" deb so'rashganda AQSh davlat kotibining javobi shunday bo'ldi: "Senatda endigina ikki oy ishlayotgan qonunchilarning xom o'ylangan va nokonstitutsion ishi uchun uzr so'ramayman".

Kerriga ko'ra, davlat rahbarlari o'rtasidagi bitimni o'zgartirishga Kongressning haqqi yo'q. Respublikachilar nazarida Eronga yadro masalasida ishonib bo'lmaydi.