Oq uy Kongress a'zolariga immigratsiya bobida qanday o'zgarishlar qilishga tayyorligini ma'lum qildi. Tramp ma'muriyati murosa deb atayotgan bu taklif aslida talab, deydi qonunchilar.
Oq uy esa yo qabul qiling yo rad eting, deya ta'kidlamoqda.
Birinchidan, 2 millionga yaqin hujjatsiz yosh muhojirlar, Amerikada katta bo'lgan va bilim olgan, endilikda fuqarolik uchun yo'l ochilishini so'rayotgan avlodning iltimosi hozircha qondirilmaydi.
Balki, deya bildirmoqda rasmiylar, bunday immigrantlarning arizalari 10-12 yillik sinov davridan keyin ko'rib chiqiladi. Ularning axloqi va malakasi elakdan o'tkaziladi.
Bu hujjatsiz yoshlar hozircha xavotirlanmasin, deydi Tramp. Ularni hech kim haydamaydi, lekin "hozir chora ko'rmayotganimiz ular kelajakda fuqarolikka qabul qilinadi degani emas".
Tramp Meksika bilan chegarani mustahkamlash uchun kelasi 10 yilga 25 milliard dollar so'ramoqda. Kanada bilan chegara ham ta'mirlanadi, deydi u.
Doimiy yashash huquqiga ega immigrant hozirgi tartibga ko'ra ota-onasi va boshqa qaram odamlarni Amerikaga olib kelishi mumkin. Tramp bunga chek qo'ymoqchi. U faqat turmush o'rtog'ingiz va balog'at yoshiga yetmagan farzandingizga homiylik qilib, uni AQShga chaqirish imkonini bermoqchi xolos.
Oq uy grin-karta lotereyasi dasturini cheklamoqchi, u faqat ayrim davlatlarning fuqarolari uchun taklif qilinadi.
Kongressda ba'zi respublikachilar bu taklifni olqishlagan. Lekin, umuman olganda, munosabat salbiy.
Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonnellning aytishicha, yaqin orada yangi qonun loyihasi muhokamaga qo'yilishi uchun xohish bor.
Vakillar Palatasi spikeri Pol Rayan ham shu fikrda.
Oldingi ikki prezident tuzata olmagan immigratsiya tizimini Tramp isloh qila oladi, deya ishonch bildirmoqda Rayan.
Texas shtatidan respublikachi senator Ted Kruz nazarida esa AQShga noqonuniy kirib, bola katta qilgan muhojirlar va ularning avlodlarini kechirmaslik kerak. Ular qonunlarni buzgan va farzandlarini shu tarzda katta qilgan, deydi senator.
Ba'zi demokratlar ta'biricha esa, Amerika hozirgi prezident yetakchiligida ksenofobik, yakkalangan va insoniy qadriyatlardan yiroq bir jamiyatga aylanishi mumkin. Hujjatsiz bo'lsa-da, millionlab muhojirlar shu yurt ravnaqi uchun hissa qo'shib kelmoqda. Ularning mehnati, zehni va bilimi, qolaversa yuragi shu yerda, deydi bu qonunchilar.
Xalqaro Qutqaruv Qo'mitasi nomli xalqaro tashkilot rahbari Deyvid Millibandga ko'ra, Oq uy o'z maqsadiga yetsa, Amerika - muhojirlar o'lkasi, degan g'urur chilparchin bo'ladi.
“Qochqinlarga eshikni yopib, mamlakatda yurganlarni haydab, immigrantlarni yaqinlaridan ayirib, bu yerga intilganlarni ko'ksidan itarib, Amerika nimaga erishadi?" - deya so'raydi u.
O'tgan bir yil ichida AQSh qabul qilgan muhojirlarning atigi 13 foizi musulmonlar. Undan oldingi yilda esa 48 foizi musulmonlardan iborat bo'lgan.
Demokrat kongressmen Luis Gutierrez nazarida Oq uy Kongressga ultimatum qo'ya olmaydi.
"Birorta demokrat bu taklifni yoqlamaydi. Taklif allaqachon o'ldi, deyavering", - deydi u.
Hujjatsiz muhojirlar manfaatlari uchun kurashib kelayotgan Griza Martinez Oq uy bayonotini oq tanli millatchilarning "kelgindilarga nisbatan jazosi" deya atab, Tramp taklifini qoralamoqda.