Oq uy Kongress tomonidan moliyalanuvchi, dunyo bo’ylab 40 dan oshiq tilda efirga chiqadigan “Amerika Ovozi” teleradiosini tanqid qilib chiqdi.
Tramp ma’muriyati “Amerika Ovozi” koronavirus pandemiyasini qanday yoritayotganidan norozi. Oq uyning kundalik xabarnomasida yozilishicha, teleradio “soliq to’lovchilar hisobiga faoliyat yuritib, avtoritar rejimlarga yon bosmoqda”.
Media agentlik ijtimoiy tarmoqlarda qo’ygan videoda Xitoyning Uxan shahrida karantin bekor qilingani, fuqarolar ko’chaga chiqayotgani ko’rsatilgan. Shuningdek, pandemiya boshlanganidan beri virus turli davlatlarda qanday tarqalayotgani, undan qancha odam vafot etganini sxema va grafiklar orqali ko’rsatib kelmoqda. Oq uy nazarida bu propagandadan boshqa narsa emas.
Xabarnomada, xususan, AQSh va Xitoydagi o’limlar sonini taqqoslab ko’rsatuvchi statistik ma’lumotlar tanqid qilinadi.
“Amerika Ovozi” taxminan 200 million dollarlik yillik byudjetini o’z missiyasini bajarishga, ya’ni “Amerika, uning tarixi va siyosatini global auditoriyaga aniq tushuntirish” uchun sarflagani ma’qul, deyiladi matnda.
Media agentlik Eron va Rossiyaning AQShga nisbatan tanqidlarini yoritib kelayotgani ham nozorilik uyg’otgan. Oq uyning ijtimoiy media bo’yicha direktori Den Skavino nazarida bu “sharmandalik”.
"Amerika Ovozi" propaganda bilan shug'ullanmaydi
“Amerika Ovozi” kabi davlat moliyalaydigan mustaqil media va davlat nazorat qiladigan media o’rtasidagi eng katta farq shuki, biz masalaning barcha tomonlarini ko’rsatishda erkinmiz. Bu qonunda ko'rsatilgan. Qolaversa, 1976-yilda Prezident Jerald Ford imzolagan “Amerika Ovozi” nizomi buni talab qiladi”, - deydi Bennett.
"Biz Xitoy tarqatayotgan yolg’on ma’lumotlar haqida ham, faktlarni ham sinchkovlik bilan tekshirib, ingliz va xitoy tillarida xabar beryapmiz", - deydi direktor.
Bennett deydiki, qator xorijiy OAVlar qatorida “Amerika Ovozi”ning ham Xitoyda ishlashiga to’siqlar qo’yilgan, ammo muxbirlar mamlakatdan ishonchli ma'lumot uzatishda davom etmoda.
“Amerika Ovozi”ni boshqaruvchi AQSh Global Media Agentligi (U.S. Agency for Global Media) tarkibiga Kuba uchun mo’ljallangan “Marti” teleradiosi, arab dunyosini qamrovchi “Alhurra” televideniyesi va “Sava” radiosi, shuningdek, “Ozodlik” va “Erkin Osiyo” radiosi ham kiradi.
Xalqaro teleradio to’g’risidagi qonunga ko’ra, Kongress moliyalovchi barcha OAVlar jurnalistik me’yorlarga qat’iy amal qilib, xalqaro auditoriya uchun ishonchli manba bo’lishi shart.