Rossiyalik siyosatchilar AQSh va Yevropa Moskvaga sanksiya qo’yib, o’ziga zarar qilayotganini aytmoqda. Xususan Rossiya bosh vazirining o’rinbosari Aleksandr Novakning aytishicha, G’arb davlatlari bunday siyosati sabab, masalan, gaz va neftni qimmatroq narxda sotib olishga majbur.
Your browser doesn’t support HTML5
"AQSh va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida nafaqat gaz va neft, balki elektr quvvati, kommunal xizmatlar ham qimmatlamoqda. Yashil energiya siyosati endi o’zgacha rangga kirmoqda”, - dedi Novak.
Unga ko’ra, G’arbning adolatsiz sanksiyalari natijasida Rossiya mahsulotlarini yangi bozorlarga yo’naltirish uchun dunyo bo’ylab yangi logistika zanjirlarini tashkil qilishga majbur.
Yevropadagi ko’p mamlakatlar kelayotgan qish o’ta qiyin bo’lishini bashorat qilmoqda.
Kremlning bildirishicha, agar Yevropa qishdan eson-omon chiqishni istasa, “Shimoliy oqim-1” quvuri faoliyatini tiklashi zarur.
Quvur turbinalariga xizmat ko’rsatayotgan Germaniyaning “Simens” kompaniyasi Kanadada ta’mirdan chiqarilgan uskunani sanksiyalar sabab qaytara olmasligini ma’lum qilishi ketidan Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi gaz ta’minotini cheklab qo’ydi.
Gaz turbinalari kompressorlarni harakatga keltiradi, kompressor esa quvurdagi gaz bosimini oshirish uchun kerak.
Natijada Germaniyaning o’zi qish uchun saqlab qo’yilgan gaz zaxiralarini hozir ishlatishga majbur bo’lyapti.
Iqtisodiyot vaziri Robert Xabekning aytishicha, mavhumlik tabiiy gazni tejashni talab qiladi, aks holda mamlakat qishda katta muammolarga duch keladi.
Xabek quvur orqali kelayotgan gazni omborxonalarda saqlab, elektr quvvatini ishlab chiqarish uchun gaz emas, ko’mir yoqishni taklif etdi. Omborxonalar hozirda 56 foizga to’lgan. Hukumat noyabrgacha ulardagi gaz miqdorini 90 foizga yetkazishga umid qilmoqda.
U, shuningdek, aholini va tijoriy kompaniyalarni elektr quvvatini tejashga chaqirdi.
Germaniya Rossiyadan kelayotgan gazning 35 foizini elektr quvvati olish uchun ishlatadi.
Gaz va neftning qimmatlashishi ko’plab mahsulotlar narxining oshishiga olib keldi. Bugun Belgiya poytaxti Bryusselda o’n minglab odam ko’chaga chiqib, qimmatchilikdan nolib namoyish qildi. Bryussel aeroporti xodimlarining ish tashlashi oqibatida ko’plab reyslar bekor bo’ldi, mamlakat bo’ylab avtobus qatnovi to’xtab qoldi.
Kasaba uyushmalarga ko’ra, norozilik namoyishida 80 ming odam qatnashmoqda.
Iyun oyida Belgiyada inflyatsiya 9 foizga yetdi.
Bu o’rtada Kreml qo’shni Litva hukumatining Rossiyaga qarashli Kaliningrad oblastiga ayrim tovarlar tranzitini man qilish qarorini keskin qoralab, tegishli choralar ko’rilishini bildirdi.
Rossiyadagi ayrim siyosatchilar eksklav maqomidagi Kaliningrad qamalini Litvaga qarshi urush boshlashga qonuniy asos deya ko’rmoqda.
Rossiyaning asosiy hududidan Kaliningradga yagona temir yo’l Litva orqali o’tadi. Rasmiy Vilnyus bu qarorini Yevropa Ittifoqi sanksiyalari bilan izohlamoqda. Asosan ko’mir, metal, qurilish mollari va ilg’or texnologiya tranziti man qilingan.
"Bu qarorni noqonuniy deb bilamiz. Vaziyat jiddiydan ham o’tib tushmoqda. Javob choralarimiz va keyingi qadamlarimizni belgilashdan oldin vaziyatni chuqur tahlil qilishimiz kerak”, - dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.