Yamanda prezident daxlsizligini kafolotlovchi qonunga qarshi namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Yaman parlamenti ishdan ketayotgan prezident Ali Abdulla Solihni jinoiy javobgarlikdan ozod etuvchi qonunga ovoz bermoqda, 21-yanvar, 2011-yil

Yamanda prezident Ali Abdulla Solih daxlsizligini ta'minlovchi qonun qabul qilinganiga norozilik bildirib, minglab odamlar poytaxt Sano ko'chalariga chiqdi.

Kecha parlament hujjatni tasdiqlagan. Unga ko'ra, prezident 33 yillik faoliyati davomida biror jinoyatga qo'l urgan bo'lsa, barcha yuridik javobgarlikdan ozod etiladi. Bunday kafolat evaziga Solih prezidentlikni bo'shatishga rozi bo'lgan. Qonun ayrim safdoshlarining ham daxlsizligini qisman ta'minlaydi.

Fors ko'rfazi hamkorlik kengashiga a'zo davlatlar Yamanda ko'p oylik siyosiy tanazzulga barham berish maqsadida Solih va muxolifat o'rtasida vositachilik qilgan. Bitim noyabrda imzolangan.

Biroq faollar qonundan norozi. Ular ta'biricha, prezident hukumatga qarshi namoyishga chiqib, xavfsizlik kuchlar o'qidan nobud bo'lgan yuzlab odamlarning o'limi uchun qonun oldida javob berishi kerak. Yangi saylovlar o'tguncha, mamlakatda hokimiyat vitse-prezidentga o'tgan.