Misr poytaxt Qohiraning ziyoli, vrachlar oilasida, to’kis xonadonda dunyoga kelib, ko’chalarini changitgan, katta bo’lib, doktor diplomini olgan odam bugun “al-Qoida”ning boshlig’i. Ayman al-Zavohiriy.
Hamrohi Osama bin Laden o’lib, endi tizgin uning qo’lida.
Lekin Qo’shma Shtatlar terrorchi tashkilotning yangi rahbariga shafqat qilmoqchi emas.
Bin Ladenni qanday qilib tinchitgan bo’lsak, Zavohiriyni ham o’ldiramiz, deydi Amerika admirali Mayk Mullen. Amerika maxsus kuchlari bin Ladenni may oyi boshida Pokistonning Abbotobod shahrida yo’q qilgan edi.
Amerika Mudofaa vaziri Robert Geyts “al-Qoida” G’arbga, Isroilga qarshi xurujlar uyushtirishda davom etishi aniq deydi.
Lekin avvalgi rahnamodan farqli ravishda Zavohiriy quruqroq. Odamlarni o’ziga tortib, ergashtira olish qobiliyatiga ega emas, deb hisoblaydi Geyts.
Shu hafta oxirida 60 yoshni uradigan Ayman al-Zavohiriy kim edi?
Boy xonadonning bu farzandi o’smirlik paytidayoq islomga astoydil ixlos qo’ygan.
1960 yillarda Misrda sotsialist Gamal Abdul Nosir hokimiyat tepasiga kelgan paytlar edi. Mamlakat sovetcha boshqaruvga o’tib, musulmonlar rahbariyat qahriga uchradi. Zavohiriy g’azabini ichiga yutdi.
Lekin doktorlikka o’qiyotib, Misr Islomiy Jihod guruhini tuzishga hissa qo’shdi.
1980 yilda Qizil Xoch Jamiyati safida ilk bor Pokistonning Peshovar shahriga safar qilib, qo’shni Afg’onistonda sovetlar bilan olishib, yaralangan odamlarni davoladi.
O’sha yiliyoq Afg’onistonga ham borib qaytdi.
1981 yilda Misr prezidenti Anvar Sadatning hayotiga uyushtirilgan suiqasdga aloqador deya hibsga olindi.
Aybsiz ekani isbotlangach, noqonuniy qurol saqlagani uchun uch yilga turmaga tashlanadi.
Qamoqdan chiqib, Zawohiriy Peshovarga jo’nadi. Sovet armiyasiga qarshi kurashib, Osama bin Laden bilan tanishdi va uning shaxsiy shifokoriga aylandi.
1998 yildan e’tiboran u bin Ladenning muovini edi. Zavohiriy 2001 yilning sentabrida Amerikaga qilingan hujum mualliflaridan biri deya taxmin qilinadi.
Qo’shma Shtatlar Afg’onistonga qo’shin tortgach, Zavohiriy va bin Laden panaga qochadi.
Uning Amerikaga bo’lgan nafrati shaxsiy alam bilan ham bog’liq: 2001 yilning dekabrida AQSh Qandahor viloyatini bombardimon qilib, Zavohiriyning xotini va ikki bolasini hayotdan ko’z yumdi.
Suiqasd xurujlarini muhim qurolga aylantirgan bu shaxsning shiori ravshan edi: Amerika va uning ittifoqchilariga, ayniqsa, Isroilga imkon qadar ko’p talofat yetkazish.
Ommaga e’lon qilingan video-murojaatlarida Zavohiriy G’arb qo’shinlari musulmon olamidan ketmaguncha kurash davom etishini qayta-qayta takrorlaydi.
Aytishlaricha, u hozirda Pokiston-Afg’oniston chegarasidagi tog’li viloyatlarda yashirinib yuribdi.
Qo’shma Shtatlar uning qayerda ekanini aytganga 25 million dollar mukofot va’da qilgan.