Breaking News

Azimjon Asqarov BMTdan madad so'ramoqda


Azimjon Asqarov bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgan
Azimjon Asqarov bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgan
Qirg'izistonda bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgan o'zbek faoli Azimjon Asqarov BMT Inson huquqlari qo'mitasidan yordam so'ramoqda.

Mahbusning advokatlari bugun bu borada ariza topshirgan. Asqarovning himoyachisi Nurbek Toktakunov Ochiq Jamiyat Institutining Adolat Tashabbusi nomli guruhi bilan hamkorlikda 115 betlik shikoyatnoma tayyorlagan.

Hujjatda qayd etilishicha, Asqarov begunoh va soxta ayblovlar bilan qamoqda o'tiribdi. Sud jarayoni biror xalqaro me'yorlarga javob bermagan, asl guvohlar tinglanmagan va Qirg'iziston hukumati haqiqatni bila turib adolatni ta'minlamayapti.

"Birlashgan Millatlar Tashkilotiga murojaat qilishimning sababi Qirg'izistonda qonun ustuvor emas. Rahbariyat konstitutsiyani chetga surib qo'ygan, unga amal qilmaydi",- deyiladi shikoyatnomada.

"Men aybsiz hibsga olingan, qiynoqqa solingan va adolatsiz sud oqibatida panjara ortida o'tirgan ko'plab insonlardan biriman",- deya yozadi Asqarov.

BMT Inson huquqlari qo'mitasi 18 ekspertdan iborat maxsus organ bo'lib, yilda uch marta yig'iladi. Bahorda Nyu-Yordagi bosh qarorgohda, yoz va kuzda esa Jenevada. Muhokamada jahon bo'ylab huquqqa doir ahvol, shuningdek, a'zo davlatlar fuqarolaridan tushgan shikoyatnomalar ko'rib chiqiladi. Oxirgi uchrashuv 15-oktabrdan 2-noyabrgacha Jenevada kechgan.

Yaqinda Azimjon Asqarov Nyu-Yorkda asoslangan tashkilot, Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita (Committee to Protect Journalists) tomonidan yuksak sovrin bilan taqdirlangan edi.

U 2010-yil iyun voqealari ketidan hibsga olinib, Jalol-Obod viloyatining Bozor-Qo'rg'on tumanida bir militsionerning o'limida va bir nechtasiga tan jarohati yetkazganlikda hamda qurol saqlaganlik, garovga olishga harakat qilganlik va etnik adovat qo'zg'atganlikda aybdor deb topilgan. 2011-yil dekabrida Oliy Sud uning ishini qayta ko'rib chiqib, hukmni o'z kuchida qoldirgan.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita nazarida esa, Azimjon Asqarov begunoh qamoqda o'tiribdi.

Tashkilot tahlilicha, sudda keltirilgan dalillarning birortasi pichoqqa ilinmaydi, ko'rsatmalar qiynoqlar ostida olingan, ayblovlar soxtalashtirilgan.

"Azimjon Asqarovning yolg'iz aybi korrupsiyaga botgan huquq-tartibot organlari xodimlari va ba'zi rasmiylarning ikki yil burungi etnik qirg'indagi harakatlarini fosh etganida", - deyiladi qo'mita bayonotlarida.

Asqarovga qarshi sudda na ashyoviy dalil, na mustaqil guvohlar ko'rsatmalari taqdim etilgan. Haqiqiy guvohlar esa qo'rquvdan sukut saqlashga majbur, deydi himoyachilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG