Toshkentdan siyosatshunos olim Farhod Tolipov ta’biricha, O’zbekiston Afg’onistondan xalqaro qo’shinlar chiqarilishiga ko’mak berish maqsadida o’z hududida qisqa muddatga tranzit markazi ochishi mumkin. Bu faqat taxmin.
"O’zbekiston qonunchiligiga ko’ra, mamlakatda xorij harbiy bazasi bo’lishiga yo’l qo’yilmaydi. Ammo Afg’onistonda olib borilayotgan amaliyotlarga ko’mak berish, taranzit rolini oshirish va O’zbekiston hududi masalasi tursa, Termizdagi harbiy infartuzilmadan kengroq foydalanish mumkin, lekin doimiy uzoq muddatga emas",- deydi Tolipov.
"Asosan yuklarni Afg’onistonga va Afg’onistondan tashqariga yetkazish maqsadida harbiylarni joylashtirish masalasi ko’rib chiqilishi mumkin, chunki bu harbiy baza ochish degani emas. 2014-yil oxiriga borib Afg’onistondan qo’shinlar, texnika, qurol aslaha, hammasi olib chiqiladi. O’zbekiston ko’mak berishini aytgan… Faqat qisqa muddat haqida gap borishi mumkin. Bu harbiy baza emas, tranzit markazi bo’ladi”.
Germaniya Termizdagi aeroportdan 2001-yildan buyon Afg’onistondagi amaliyotlari uchun foydalanib keladi. Ijaraga olingan bu aeroport modernizatsiyasi uchun 12 million yevro sarflangan. Ijara miqdori va hamkorlik shartlari Germaniya tomonidan ham, O’zbekiston tomonidan ham sir tutib kelinadi. Nemis rasmiylarining ayon etishicha, sir tutishni O’zbekiston talab qilgan.
Germaniyalik ekspert Vitaliy Volkov nemis siyosatini ehtiyotkor va yopiq deya izohlaydi. Termizga ehtiyoj sabab Berlin sukut saqlashga majbur, deydi u.
“Germaniya harbiylari Afg’onistondan to’liq chiqarilganidan keyingina O’zbekiston va Germaniya o’rtasida demokratik qadriyatlarni hisobga oluvchi ochiq bir muloqot boshlanishi mumkin”, - deydi Volkov.
Toshkent Termiz aeroporti uchun ijara bahosini ko’tarishga urinayotgan bo’lishi mumkin. Muzokaralar bir yildan buyon davom etayotgani, ammo Berlin Toshkent talablarini bajarishga shoshilmayotgani, masala paysalga solinishi natijasida Germaniya Termizdagi bazadan ajrashi ham mumkin, deydi kuzatuvchilar. Toshkent ijara haqi oshirilishini aeroport infratuzulmasini yangilash bilan asoslagan.
Germaniya hukumatining Kavkaz va Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili Kort Mayer Klodt Toshkentdagi safari davomida ham Termiz bazasiga oid vaziyatni muhokama qilgan. Biroq natija noma’lum. Mayer O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining “Jahon” agentligiga bergan intervyusida Germaniya munosabatlarni saqlab qolishdan manfaatdor deya mujmal bir bayonot bergan.
Siyosatshunos Farhod Tolipov:
“Ijara siyosiy emas, balki sof moliyaviy masala bo’lishi mumkin. Lekin mantiqan qarasak, ikki xil ko’rinishda talqin qilish mumkin. Birinchidan, Germaniya 2014-yildan keyin ham AQSh bilan hamkorlikda Afg’oniston armiyasiga ko’mak berishni maqsad qilayotgan bo’lishi mumkin, ya’ni cheklangan sondagi harbiylar bu yerda qolib, o’z faoliyatini davom ettirishi mumkin. Agar Germaniya o’z rejasi, o’z stretegiyasiga muvofiq Termiz aeroportida qolishni rejalayotgan bo’lsa, Afg’onistondagi amaliyotlar yakuniga yetganidan keyin, bu inshoot haqiqatdan ham harbiy baza ko’rinishini oladi. Bu esa O’zbekiston siyosatiga to’g’ri kelmaydi, chunki yangi doktrinaga ko’ra O’zbekiston o’z hududidan harbiy baza ochilishiga ruxsat bermaydi”.
Rossiya axborot vositalari Amerika Termiz aeroportidan foydalanish uchun Germaniya bilan raqobatda degan mazmunda mish-mishlar tarqatmoqda. Afg’onistondagi harbiy amaliyotlar nihoyasiga yetar ekan, Germaniya bu bazani saqlab qolishdan manfaatdormi? Bu mavhum.
Vashington na O’zbekistonda va mintaqaning boshqa qismida baza ochish yoki qo’shin joylashtirish niyatidan yiroq ekanini ta’kidlab kelmoqda. Yaqinda AQSh generali Jeyms Ostin Toshkentga borib, prezident Islom Karimov bilan uchrashganidan keyin Rossiya matbuotida shov-shuv yanada avj oldi.
Obama ma’muriyati ham, O’zbekiston hukumati ham muzokarlarda harbiy baza ochish haqida gap ketmadi deya bayonotlar berdi.