Iyun boshida Turkiyaning Alanya shahrida futbol bo’yicha Turkiya va O’zbekiston terma jamoalari ilk bor o’rtoqlik uchrashuvini o’tkazdi. 2:0 hisobida turkiyalik futbolchilarning g’alabasi bilan yakunlangan o’yinni Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho’g’li stadionda turib kuzatdi.
O’yin nihoyasida o’zbekistonlik futbolchilar bilan suhbatlashgan vazir O’zbekistonda ham xuddi shunday uchrashuv o’tkazilishiga umid bildirdi.
“Turkiya sizlarning ikkinchi vataningiz, O’zbekiston esa ota-bobolarimizning yurti. O’zbekistondagi aka-ukalarimizni, opa-singillarimizni yaxshi ko’ramiz”, - dedi u.
Mahalliy televideniyega intervyu bergan Mavlut Chovusho’g’li oxirgi paytda O’zbekiston va Turkiya o’rtasidagi aloqalar tobora yaxshilanib borayotganini aytdi. Islom Karimov davrida sovib etgan o’zbek-turk munosabatlari Shavkat Mirziyoyev davriga kelib shitob bilan iliqlasha boshladi. Ikki davlat rahbarlarining tashriflari amalga oshdi, ular tez-tez telefon orqali muloqot qilib turibdi.
O’zbekiston Markaziy Osiyoda eng katta aholiga ega davlat, shuning uchun ham muhim bozor hisoblanadi. O’zbekiston - investitsiya kiritsa bo’ladigan joy, chunki ishlab chiqarishda tannarx nisbatan arzonga tushadi
O’zbekistonning tashqi savdo hamkorlari ro’yxatida Turkiya beshinchi o’ringa chiqib oldi. Qolaversa, ijtimoiy-madaniy aloqalar ham rivojlanyapti: Turkiya bilan hamkorlikda tarixiy serial suratga olish rejalashtirilgan, joriy yilda Buxoroda Turkiya Sog’liq bilimlari universiteti qoshidagi Oliy tibbiyot maktabining filiali ish boshlaydi.
Hozirda Istanbulda yashayotgan iqtisodchi Erkin Po’latov fikricha, O’zbekiston va Turkiya o’rtasida aloqalarning rivojlanishidan har ikki tomon manfaatdor.
“Taniqli olim Daron Ajemo’g’li bir kitobida shunday deydi: xalqlar rivojlanish yo’lini tanlar ekan, o’zlarini mustamlaka qilgan davlatdan ulgi olishga harakat qiladi. O’zbekiston misolida bu davlat - Rossiya. Turkiya esa hech qachon mustamlaka bo’lmagan, shuning uchun o’ziga xos rivojlanish modelini yarata oldi. Turklardan ko’p narsani o’rgansak bo’ladi, lekin ularga ko’r-ko’rona taqlid qilish ham to’g’ri emas”, - deydi u.
“Ma’lum bir tomonlarini olishimiz kerak bo’ladi, o’zimizga qaysi tomoni to’g’ri kelsa, albatta, tadqiqot qilib olishimiz kerak. Turkiya ham vaqtida Yevropadagi ba’zi narsalarni ko’r-ko’rona oldi, shundoq olib - shundoq joylashtirishga harakat qildi, keyin 60-70 yil muammoga uchradi. Hozir o’zimizdan (Turkiyaga) kelishni boshlashdi. Soliq tizimi bo’yicha kelib o’rganishyapti. Turizm bo’yicha o’rganishyapti, qanday qilib turizmni rivojlantirsak bo’ladi deb. Yoki ta’lim tizimini oladigan bo’lsak, hamkorlikni yo’lga qo’yishimiz kerak, xususan, oliy ta’lim bo’yicha”.
Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O’zbekiston bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan Bursa shahridagi Uludog’ universiteti tadqiqotchisi Erkan Avji O’zbekiston Markaziy Osiyoning markazi hisoblangani tufayli nafaqat Turkiya, balki jahonning boshqa davlatlari uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi degan fikrda.
“Tarix davomida mintaqadagi eng muhim o’zgarishlar aynan O’zbekiston hududida ro’y bergan”, - deydi u.
Turklardan ko’p narsani o’rgansak bo’ladi, lekin ularga ko’r-ko’rona taqlid qilish ham to’g’ri emas
“Mintaqa ham strategik, ham iqtisodiy, ham madaniy va tarixiy nuqtai nazardan, yana ko’plab jihatdan muhim ahamiyatga ega. Buni faqatgina O’zbekiston uchun aytmayapman, lekin O’zbekiston biz mintaqaga kira olishimiz uchun kalitdir. Chunki O’zbekistonga madaniyat va til jihatidan yaqinmiz. O’zbekiston qadimda Ipak yo’lida joylashgan edi, hozir esa Xitoyning loyihasi hisoblanuvchi Yangi ipak yo’lining Markaziy Osiyodagi markaziy nuqtalaridan biri hisoblanadi. Shunday ekan, O’zbekiston bilan hamkorlik qilishning iqtisodiy foydalari bor. Qolaversa, O’zbekiston Markaziy Osiyoda eng katta aholiga ega davlat, shuning uchun ham muhim bozor hisoblanadi. O’zbekiston - investitsiya kiritsa bo’ladigan joy, chunki ishlab chiqarishda tannarx nisbatan arzonga tushadi”.
Erkan Avji Turkiya va O’zbekiston xavfsizlik sohasida ham hamkorlik qilishi mumkinligini aytadi. Uning fikriga ko’ra, qadimdan islom dinining markazlaridan biri bo’lgan O’zbekistonga, ayniqsa, Farg’ona vodiysiga dinni niqob qilib olgan guruhlar suqilib kirishga urinadi.
“Bunday guruhlarning ta’sirida jangariga aylanganlar ham bor. O’zbekiston va Turkiyaning bunday guruhlarga qarshi hamkorlikdagi kurashi har ikki tomonga ham foyda keltiradi”, - deydi u.
Ammo u Turkiya Markaziy Osiyo, xususan, O’zbekiston bilan aloqalarda o’z imkoniyatlaridan to’liq foydalanmayotganini aytadi.
“Bir qator kamchiliklarimiz bor, hatto keragidan ortiq bor. Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan beri 2,5 yil vaqt o’tdi. Bu vaqtda Xitoy bilan 23 milliard dollarlik kelishuv imzolandi, Rossiya bilan 16 milliard dollarlik, Koreya bilan 9 milliard dollarlik, hatto okean ortidagi AQSh bilan 4-5 millard dollarlik bitimlar imzolandi. Turkiya bilan tuzilgan kelishuvlarning qiymati esa 3-3,5 millard dollar atrofida, vaholanki, Turkiya o’z ustunliklaridan foydalangan holda mintaqada faol bo’lishi zarur. Hozirgi holatning sababi Turkiyaning o’z yuzini Markaziy Osiyodan Yaqin Sharqqa o’girishi bilan bog’liq, holbuki, 90-yillarda Turkiya Markaziy Osiyoga hozirgidan ko’ra ko’proq e’tibor qaratar edi”, - deydi tadqiqotchi.
Erkan Avji Turkiyaning O’zbekiston bilan aloqalarini yanada rivojlantirishi kerakligini, o’z navbatida O’zbekiston ham Turkiyada o’zini jamoatchilikka yaxshiroq tanitishi zarurligini ta’kidlaydi.
“Bu turizm uchun ham foydali bo’ladi”, - deydi u.
Facebook Forum