Afg’onistonda xotin-qizlar har bir huquqi uchun kurash olib borishga majbur. Bu tinimsiz, og’ir jarayon, deydi ayollar. Masalan, mashina haydash uchun ham qator to’siqlardan o’tish zarur.
Afg’oniston 20 yil oldingi, Tolibon hukmronligi ostida xotin-qizlar ko’rinmas insonlarga aylangan jamiyat emas. U paytda ayollarga inson deb ham qaralmagan, deya eslaydi jamoatchilik.
Lekin bugun ham ayolning rulga o’tirishi muammo.
Layluma Ehson buni o’zgartirmoqchi. O’zi bemalol haydaydi va boshqa ayollarga ham o’rgatmoqda. Maktab ochgan.
“Mashina haydashni boshlaganimdanoq menga ham o’rgating deb so’raydiganlar ko’p edi. Albatta o’rgataman, dedim. To’rt yil oldin xotin-qizlar uchun shunday maktabga asos soldim”.
Mashina haydash ayollarning o’ziga ishonchini oshiradi, deydi Layluma.
“Mashina ham uyali telefondek gap. Qo’limizda bo’lmasa, hayotni tasavvur qilish qiyin. Har bir xonadonga kamida bitta avtomobil kerak”.
Mavjuda haydovchilik guvohnomasini olganidan beri hayoti o’zgarganini aytadi. Bosimni yengishning bir yo’li shu, deydi u, nimaga qodir ekaningizni ko’rsatish.
“Bir tomondan jamiyat sizni ezadi. Ikkinchi tomondan oilangiz. Hamma sizga xo’jayin. U mumkin emas, bu mumkin emas. Yo’q, deyish kerak”.
Balx viloyatida hech qachon buncha ko’p ayol mashina haydamagan, deya bildiradi Yo’l patrul xizmati. Mozori Sharif shahrida manzara o’zgacha.
“Xotin-qizlar mashinani boshqarayotgani bugun biz uchun yangilik emas. Yangi yil boshidan beri 300 ayolga guvohnoma berildi. 200 nafari navbatda turibdi.
Haydash xotin-qizlarga kuch berayotgani aniq, chunki boshqa muammolarga qarshi kurash uchun ularga hali ko’p quvvat kerak.
Facebook Forum