Breaking News

Jo Bayden vitse-prezidentlik uchun kimni tanlaydi?


AQSh prezidentligi uchun nomzod Jo Bayden
AQSh prezidentligi uchun nomzod Jo Bayden

Jo Bayden siyosiy karyerasidagi eng qiyin qaror bilan yuzlashmoqda: prezidentlik saylovi uchun u o’ziga yordamchi vitse-prezident tanlashi kerak.

Berni Sanders poygadan chiqqanini e’lon qilishi bilan prezidentlik uchun Demokratik partiyadan Jo Baydenning yagona nomzod bo’lishi deyarli hal bo’ldi. Ba’zi manbalarning xabar berishicha, sobiq vitse-prezident Jo Bayden prezidentlik uchun saylovda vitse-prezidentlik uchun ayol kishini tanlashi kutilyapti. Partiyadan prezidentlik va vitse-prezidentlik uchun nomzodlar rasman shu yil avust oyida bo’ladigan qurultoyda e’lon qilinadi.

Prezidentlikka da’vogar nomzod uchun o’ziga kimni vitse-prezident qilib tanlash doim muhim. Bu, ayniqsa, 77 yoshli Jo Bayden uchun yanada muhim ekani aytiladi. Agar saylansa, u AQSh tarixidagi eng keksa prezident bo’ladi.

Baydenning saylov kampaniyasi koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakat iqtisodiyoti og’ir yo’qotishlarni boshdan o’tkazayotgan bir paytga to’g’ri kelyapti.

Bayden bir necha jabhada bosimlar bilan yuzlashmoqda. Avvalo, u partiyadagi etnik va g’oyaviy jihatdan rang-barang saylovchilarni birlashtira olishi kerak. Vitse-prezidentlik uchun tanlanadigan nomzod mana shu vazifada unga yordamchi bo’lishi kerak.

Bayden kimni nomzod qilib tanlashi haqida ilgari ham gapirgan. Unga ko’ra, uning talablariga javob beradiganlar soni oltitadan 11 tagacha bor. Ba’zilar Baydenga vitse-prezidentlik uchun qora tanli nomzod tanlashni maslahat bermoqda. Chunki, ularga ko’ra, saylov kampaniyasi paytida Baydenning oldinga chiqib olishiga aynan shu toifadagi saylovchilar yordam bergan.

Bayden senator va saylovda sobiq raqibi Kamala Harrisni tanlashi mumkin, degan ma’lumotlar ham bor. So’nggi paytlarda u Harrisni jamoat joylarida bir necha bor olqishlagan.

2018-yil Jorjiya gubernatorligi uchun kechgan saylovda g’alabaga juda yaqin kelgan qora tanli Steysi Abrams ham ehtimoliy nomzodlardan biri.

55 yoshli Harris demokrat donorlar orasida obro’ga ega va mablag’ yig’ishda Baydenga yaxshi yordamchi bo’lishi mumkin. Ayni paytda uning liberal shtatdan ekani respublikachilarning alohida tanqidiga uchrashi mumkinligi haqida xavotirlar bor.

46 yoshli Abrams esa yosh demokratlar orasida yulduz. Yoshlar orasida tarafdor yig’ishga qiynalayotgan Baydenga bu masalada uning nomzodi qo’l kelishi mumkin. Ammo Abramsning shtat qonunchilik organi a’zosi bo’lishdan boshqa yuqori lavozimda ishlamagani zaiflik sifatida ko’rilmoqda.

Demokratlar o’rtasida so’rov o’tkazgan Pol Maslinning aytishicha, Bayden barchaga yoqadigan nomzod topishi imkonsiz.

“Vitse-prezidentdan mafkura, avlodlar orasidagi bo’shliq, jins, irq va tajriba bo’yicha hammani bir-biriga bog’lashni kutish juda ko’p narsani talab qilish degani. Tanlovlarnig har birida nimadir muammo bo’ladi”, - deydi u.

Nyu-Meksiko gubernatori Mishel Grisham, nevadalik ispanzabon senator Ketrin Kortes Masto, urushda jarohat bilan qaytgan illinoyslik senator Temmi Dakvors va floridalik qora tanli qonunchi Val Deming ham vitse-prezidentlik uchun ehtimoliy nomzod sifatida ko’rilayotgan ayollar. Ammo ularning barchasi mamlakat miqyosida taniqli emasligi kamchilik sifatida ko’riladi.

Bayden 2016-yil Tramp g’alaba qozongan Michigan shtati gubernatori Gretchen Mitmerni ham tanlashi mumkin. U pandemiyaga qarshi ko’rgan choralari bilan aholi hurmatini qozongan.

Ammo mamlakat o’rta g’arbidan tanlangan 48 yoshli oq tanli ayol Baydenga qanday afzallik berishi ma’lum emas.

Baydenning saylov paytidagi partiyadosh sobiq raqiblari – minnesotalik senator Eymi Klobushar, massachusetslik senator Elizabet Uorren haqida ham shularni aytish mumkin. Uorren progressiv demokratlarni jalb qilishda qo’l kelishi mumkin, ammo uning 70 yoshda ekani siyosiy risk sifatida ko’riladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG