Breaking News

Markaziy Osiyo koronavirus iskanjasida, vaziyat og'irlashmoqda


COVID-19: Markaziy Osiyoda vaziyat tang
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:21 0:00

COVID-19: Markaziy Osiyoda vaziyat tang

Qozog’istonda joriy haftada koronavirusdan o’lganlar soni 76 nafarga chiqqan. Bir kunda mingdan ortiq kishida virus aniqlangan. Hukumat karantin choralarini qayta tiklamoqda.

Virus tarqashi shiddatli tus olgan Qirg’izistonda shifoxonalar kasallar bilan to’lgan. Virusga chalingan, tez tibbiy yordamga muhtoj bemorlarga joy yetishmayapti.

O’zbekistonda ham so'nggi haftada virus yuqtirganlar, o’lim holatlari bir qadar ko’paygan. Sog’liqni saqlash vazirligi odamlarni hushyorlikka chaqirish maqsadida kasallar ahvoli namoyish qilingan videolavhalarni taqdim etmoqda.

Mintaqada COVID-19 bilan kasallanganlar va o’lim holatlari bo’yicha ham eng yirik ko’rsatkich Qozog’istonda qayd qilinmoqda. Bu mamlakatda virusni yuqtirganlar soni 50 mingga yaqinlashmoqda, 264 kishi o’lgan.

Mamlakat Sog’liqni saqlash vazirligiga ko'ra, 7-iyul kuni mingdan oshiq fuqaroda virus aniqlangan, oxirgi haftada COVID-19 dan o’lganlar 76 kishini tashkil etgan.

Koronavirusning keskin xuruji ortidan hukumat karantin choralarini qayta tiklagan, ommaviy tadbirlar bekor qilingan, jamoat transporti qatnovi cheklangan. 60 yoshdan oshganlarning uydan chiqishiga, odamlarning uch kishidan ko’p to’planishiga taqiq qo’yilgan.

Qirg’izistondagi vaziyat ham ancha og’ir. Ijtimoiy tarmoqlarda shifoxonalarda joy yo’qligi, shifokorlar yetishmasligi bois og’ir ahvolda qolgan va yordam kutayotgan bemorlarning ahvoli tasvirlangan videotasvirlarni ko'rasiz.

7-iyul kuni 500 ga yaqin kishida virus aniqlangan. Kasallanganlarning umumiy soni 9 mingga yaqinlashmoqda. 100 kishi koronavirusdan vafot etgan.

Tojikistonda virusga chalinganlar 6 mingdan oshdi. O’lim holatlari 50 dan ziyod. Mustaqil manbalar koronavirusni mutlaqo inkor etib kelayotgan Turkmanistondagi vaziyatni ham og’ir deya baholashadi.

O’zbekistonda virus yuqtirganlar soni 11 mingga qarab ketmoqda. O'lganlar 38 kishiga yetgan. Koronavirusga qarshi samarali kurashish uchun mamlakat “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga bo’lib chiqilgan.

Rasmiylar taqdim etayotgan ma’lumotlardan bu choraning qanchalik samarali bo’layotganini baholash qiyin. 7-iyul kuni Toshkentdagi eng yirik bozor “Abu Saxiy” majmuasi ishchilarida koronavirus aniqlanishi ortidan yopilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuyovlariga qarashli ekanligi aytiladigan bu bozor faoliyatiga pandemiya sharoitida ruxsat berilgani avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy munozaralar bilan kutib olingan edi.

O’zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning matbuotdagi intervyusiga ko’ra, mamlakat hali koronavirus pandemiyasining cho’qqisiga yetgani yo'q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG