AQShda prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, Qirgʻizistonda norozilik namoyishlari orqali prezident almashtirildi. Yangi hukumat oldida pandemiya, iqtisodiy va siyosiy inqiroz muammolari hal qilish masalasi turibdi. Sobiq prezident Sooronbay Jeenbekovning isteʼfosini istamagan Rossiya, xohishi amalga oshmagach, yangi hukumat bilan qanday munosabatda boʻlishi mavhum boʻlib turibdi.
Bu orada AQSh bilan siyosiy aloqalarni mustahkamlash ahamiyati yanada ortmoqda. Siyosatshunoslar fikriga koʻra, AQSh bilan iqtisodiy va diplomatik aloqalarning qanday shakl olishi yangi AQSh prezidentining kim boʻlishi bilan ham bogʻliq.
Lekin qaysi nomzodning gʻalabasi Qirgʻiziston uchun manfaatli boʻlishini oldindan aytish qiyin, deydi jamoat arbobi, iqtisodchi Emil Umotaliyev.
“Qirgʻiziston juda kichik mamlakat. Biz Amerikaning eʼtiborini toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qila oladigan darajada emasmiz. Ammo biz bilan ish olib borgan mutaxassislar, diplomatlar, bizda turgan elchilar hamda Qirgʻizistonga kelgan yuqori mansabdagi vakillar 1991-yildan beri uzluksiz ravishda Qirgʻiziston Respublikasi mustaqilligining himoyalanishi va mustaqillikning oʻrnatilishi yoʻlida yordamimizni hech qachon ayamaymiz, deb aytib keladi. Ammo, afsuski, dunyo mamlakatlari ichida birinchilardan boʻlib bu soʻzni AQSh vakillari aytib kelganiga qaramay, qirgʻiz jamiyati, qirgʻiz siyosatchilari, qirgʻiz elitasi bu tilakdoshlikni chuqur his qilmay, koʻproq rus tilida tarqatilgan Amerikani, demokratiyani qoralash, inkor qilishga yoʻnaltirilgan propaganda taʼsiriga tushib, mustaqillikni himoya qilishda, muvaffaqiyatli mamlakatni qurish uchun demokratiyani, parlamentarizmni rivojlantirishda AQSh yordamlarini toʻliq qabul qila olmay, qoʻllana olmay turganidan men afsuslanaman”, — deydi Umotaliyev.
Shu bilan birga, iqtisodchi AQSh prezidentligiga nomzod partiyalarning chiqishlarini, debatlarini diqqat bilan kuzatib, AQShda kechayotgan siyosiy jarayonlardan tajriba olish kerak degan fikrda.
“Bahslarni kuzatib, unga nisbatan ijobiy va salbiy fikrim boʻlsa ham, imkon qadar tanqidiy koʻz bilan qaramaslikka urinaman. Biz u yerda yashamaganimizdan keyin, u yerda haqiqiy turmushni ichidan his qilmaganimizdan va ulardan koʻra muvaffaqiyatli demokratiya oʻrnatish tajribasiga ega boʻlmaganimizdan keyin men bu jarayonlarga tajriba olish, oʻrganish mohiyati bilangina qarayman”, — deydi u.
Qirgʻizistonlik xalqaro munosabatlar boʻyicha mutaxassis Chinara Esenqulovaga koʻra ham Markaziy Osiyodagi “Demokratiya orolchasi” deb atalgan Qirgʻiziston va AQSh aloqalarining iliq yoki sovuqroq boʻlishi koʻproq Rossiya bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlarning holatiga bogʻliq.
Ayni paytda yuzaga kelgan geosiyosat mantigʻi bilan qaraganda, AQSh bilan Qirgʻizistonning yaqin kelajakdagi aloqalari yaxshilanadi deb oʻylayman, deydi Chinara Esenqulova.
“Qirgʻizistonning yangi hukumati AQSh bilan prezidentlik saylovlaridan keyin qanday aloqa qilishini aniq aytish qiyin, albatta. Ammo umumiy holatdan kelib chiqib aytsak, bizning yangi hukumat tarkibida kimlar yurganiga qarasak, koʻproq Turkiyada oʻqib kelganlar, umumiy olganda, hukumatga dinga yaqinroq boʻlgan odamlar keldi. Amerika diniy erkinlik demokratiya qadriyatlari uchun muhim degan fikrda bizning bu hukumatni quchoq ochib kutib olgandek munosabatda boʻlishi mumkin. Ayniqsa, Jeenbekov prezidentlikdan ketgach, undan keyingi prezident Amerika qoʻlloviga ega boʻlish ehtimoli ham katta. Chunki, Rossiya, janob Putin Jeenbekovni qoʻllashga urindi. Ammo bu harakati natija bermadi. Shuning uchun Putin bundan ranjigandek koʻrinmoqda. Odatda, Rossiya yoqtirmagan vaqtda AQSh qoʻllay boshlaydi. Bu geosiyosatning mantigʻi”, — deydi Esenqulova.
Uning fikriga koʻra, AQSh prezidentlik saylovlarida Jo Bayden, ya’ni demokrat nomzodning gʻalaba qozonishi butun dunyoga, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlariga ham bir oz yengillik beradi.
“Masalan, Xitoydagi uygʻurlar masalasi ham katta bir muammo boʻlib turibdi. Uygʻurlar lagerlarga olinib, Xitoy hukumati tomonidan madaniy, milliy jihatdan tazyiqlarga olinmoqda. Bu yerda, albatta, inson haqlari poymol qilinmoqda.
Shularning barini nazarda tutganda prezidentlikka demokratlar partiyasidan nomzod kelsa, inson huquqlari yoki umumiy olganda demokratik ochiqlik koʻproq boʻladi. Respublika partiyasidan nomzod kelgan holda esa AQSh oʻz qobigʻiga oʻraladi va dunyodagi koʻplab jarayonlarga nisbatan xudbin siyosat olib boradi. Koʻproq eʼtiborini oʻz iqtisodini kuchaytirishga qaratadi”, - deydi u.
Facebook Forum