Londonda asoslangan huquq tashkiloti Xalqaro Amnistiyaga ko'ra, O'zbekistonda hukumat islohot va'dasini hali uddalay olmagan, chunki erkinliklar hamon cheklangan va so'nggi qonuniy o'zgarishlar bundan yaqqol darak. Yillik hisobotda qariyb 150 davlatdagi vaziyat tahlil qilinadi. Markaziy Osiyoning boshqa respublikalaridagi ahvol ham salbiy baholanib, hatto nisbatan erkin hisoblanmish Qirg'izistonda ham fuqaro huquqlari muntazam ravishda buziladi, deya qayd etiladi.
O'zbekistonda tizimni isloh qilish birlamchi vazifa sifatida belgilangan, biroq uzviy huquqlar borasida ijobiy o'zgarishlar sust, deya xulosa qiladi Xalqaro Amnistiya. Tashkilot e'tiborni huquq himoyachilari yuzlashadigan qiyinchiliklar, uyushish erkinligi, so'z va matbuot erkinligi, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar, diskriminatsiya, xotin-qizlar huquqlari, qiynoqlar masalasi hamda adolatsizlik hollari keng ekaniga qaratadi.
Huquq himoyasi bilan shug'ullanadigan shaxslar mahalliy va markaziy idoralar tomonidan tazyiqqa olinadi. Shuningdek, pandemiya davrida zo'ravonlik ko'p uchrab, ulardan qochishga uringan insonlar boradigan muassasalar yopilib qolgani hayotni yanada qiyinlashtirdi.
Panjara ortida qiynoqqa olish hollari ham tinmagan, deya yoziladi tahlilnomada. Gomoseksual insonlarga jinoyatchi deb qarash, ularni kamsitish ham azaliy muammo ekani tanqid qilinadi.
2020-yilda Jizzaxda "Huquqiy tayanch" nohukumat tashkiloti rasman ish boshladi. Uning ro'yxatga olinishi olqishlangan bo'lsa-da, shu kabi boshqa guruhlar haliyam bu imkoniyatni kutmoqda.
Huquq himoyachilari xavfsizlik organlari ularni maxfiy kuzatib, ularning boshqalar bilan onlayn aloqalarini zimdan tekshirishidan nolib keladi.
Fuqaro jamiyati a'zolari, ya'ni nodavlat notijorat tashkilotlar, biror yig'in o'tkazmoqchi bo'lsa, kamida 15 kun oldin hukumatdan ruxsat olishi, tadbir ikki soatdan oshmasligi lozim. Ommaviy to'planishlar va mitinglar keskin cheklangan.
Soxta xabar tarqatganlik uchun O'zbekistonda 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishingiz mumkin. Buni mutasaddilar keng ommani aldash, jamoatchilik orasida vahima uyg'otish uchun munosib jazo, deya tushuntiradi. Ammo Xalqaro Amnistiya va boshqa huquq tashkilotlari nazarida bunday choralar so'z erkinligiga tahdiddir.
O'zbekiston o'tgan yillar ichida majburiy mehnatga qarshi dadil choralar ko'rdi va muammoni yenga boshladi, ammo bu jarayonlarni kuzatayotgan faollarga nisbatan munosabat hamon salbiy va ayrim hollarda hatto qo'pol, deyiladi hisobotda.
Bir jinsdagi insonlarning o'zaro jinsiy aloqalariga jinoyat deb qaralishiga ham Xalqaro Amnistiya qarshi va O'zbekistonni bu borada o'zgarishlar qilishga undab kelmoqda. Respublika rahbariyati bu masala muhokama uchun yopiq ekanini qayd etib keladi.
Xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonlik hollari ham keng ekanini tanqid qilinib, hukumat ko'rayotgan choralar yetmayotgani aytiladi. Gender tenglik borasida O'zbekiston hamon orqada.
Respublikada qiynoqlar man etilgan, ammo hibsxona va qamoqxonalarda hali ham kuzatiladi. O'tgan yili Andijonda bir kishi militsiya azoblagani natijasida halok bo'lgan. Besh zobit uning o'limida aybdor deb topilib, uzoq yilga qamalgan.
Huquq tashkilotlari buni adolat tomon yo'l deya baholagan, ammo O'zbekiston bo'ylab minglab insonlar asossiz qamalishi uchun javobgar insonlar hamon erkin yurganini eslatadi.
O'tgan yili Qashqadaryoda sobiq siyosiy mahkum Cho'yan Mamatqulov butkul oqlandi. Oliy sud unga moliyaviy kompensatsiya berdi. Ammo faolligi uchun qiynoqqa solingan, qiynoqlar ostida turli jinoyatlarga iqror bo'lishga majbur qilingan boshqa insonlar hamon adolat kutmoqda, deya eslatadi Xalqaro Amnistiya.
Facebook Forum