Xitoy Mars sayyorasiga kosmik apparatini qo’ndirgan davlatlar qatoriga qo’shilib, samoviy izlanishlarini yanada jadallashtirmoqda. Bunday poyga, deydi ayrim ekspertlar, butun insoniyat uchun foyda.
Edvin Kayt AQSh va Xitoyning Mars sayyorasini o’rganayotgan robotlaridan muntazam ma’lumotlar olib turadi. Chikago universiteti laboratoriyasida bu ma’lumotlarni tahlil qiladi.
“Biror kashfiyot qilib, bu kashfiyot asosida gipoteza tuzib, gipotezani sinovdan o’tkazish uchun yana bir apparat jo’natish mumkin”, - deydi geolog olim.
Edvin Kayt ishlaydigan sohada ma’lumot to’plash odatda teleskoplar yordamida yoki meteorlarni va 1970-yillarda Oydan olib kelingan toshlarni tahlil qilish orqali amalga oshirilar edi.
Biroq Marsga yangi missiyalar qizil sayyorani to’g’ridan-to’g’ri va to’liqroq o’rganishga yordam bermoqda. Turli mamlakatlar Marsga uchirgan apparatlardan Yerga ma’lumotlar, jumladan suratlar kelib turibdi.
“Ilmiy kashfiyotlarning hali yuzdan birini ham qilmadik. Qaysi davlatning izlanishlari tadqiqotlarning yangi bosqichini ochib berishini hali bilmaymiz”, - deydi Kayt.
Yaqinda AQSh Vakillar patalasi byudjet bo’yicha virtual tinglov o’tkazdi. Unda qatnashgan sobiq astronavt, AQSh Fazo agentligi NASAning hozirgi rahbari Bill Nelson Xitoyning fazodagi yutuqlari haqida so’zladi. Xitoy, deydi u, qizil sayyora bilan chegaralanib qolayotgani yo’q.
“Ular Oyning janubiy qutbiga uch yirik robotni qo’ndirishmoqchi. U yerda suv bor. Biz esa janubiy qutbga kichikroq apparat uchirishimizga hali 1-2 yil vaqt bor”, - deydi Nelson.
Shuning uchun NASA rahbari Kongressni “Artemida” dasturini qo’llab-quvvatlashga undamoqda. Dastur astronavtlarni avval Oyga, so’ng Marsga uchirishni ko’zlaydi. Nelsonga ko’ra, Xitoy ham shuni ko’zlamoqda.
“Xitoyning bu maqsadlari bizni masalaga jiddiyroq yondashishga undashi, Oyga qaytish bo’yicha sa’y-harakatlarimizga kuchliroq turtki berishi lozim”, - deydi Nelson.
“Xitoy bizga yetib olayapti. Qolaversa, poygada yevropaliklar ham qatnashmoqda”, - deydi Roki Kob, Chikago universitetida astronomiya va astrofizika bo’yicha professor. Unga ko’ra, bu ijobiy holat. Kob AQSh va Xitoy fazo agentliklari hamkorlik qilishini istaydi.
“Ularda biz foydalanishimiz mumkin bo’lgan kuchli mutaxassislar, kosmosni o’rganish uchun resurs va pul bor”, - deydi professor.
Ammo suhbatdoshlar Qo’shma Shtatlar va Xitoy o’rtasida real hamkorlikning chegarasi borligini tan oladi.
“Tinch maqsadga qaratilgan fazoviy texnologiyalar harbiy maqsadda ham qo’llanilishi mumkin”, - deydi Kob.
“NASA va Xitoy kosmik dasturi hamkorlik qilishiga qonuniy to’siqlar mavjud. Ammo bu NASA tomonidan moliyalanmaydigan ilmiy muassasalarga taalluqli emas”, - deydi Edvin Kayt.
Shunday ekan, Kayt va Kob hamda xalqaro ilmiy hamjamiyat o’z sayyoramizni chuqurroq tushunib olish uchun Marsdan kelayotgan g’aroyib va noyob ma’lumotlarni tahlil qilishda davom etmoqda. Ilm chegara tanlamaydi, deydi ular.
“Mars o’zi bitta. U AQShniki yoki Xitoyniki emas”, - deydi astrofizik Roki Kob.
Facebook Forum