Breaking News

Bayden: Kiberhujumlar urushga turtki berishi mumkin


Rossiya AQShda 2022-yilda o’tadigan oraliq saylovlarga allaqachon aralashishni boshlagan. Prezident Jo Bayden Milliy razvedka idorasiga tashrifi chog’ida bu haqda bayon qildi.

AQSh rahbari uning uchun tayyorlanadigan kundalik maxfiy brifingdagi ma’lumotlarga ishora qilib deydiki, Mosvkaning bunday xatti-harakatlari “suverenitetimizni buzish demakdir”.

“U prezident. Xohlagan sirni, xohlagan paytda oshkor qilishi mumkin, – deydi tahlilchi Emili Xarding. – Rossiya 2022-yildagi saylovga doir dezinformatsiyaga tayyorlanayotgani hech kimni ajablantirmasligi kerak. Bu Rossiya bunday ishlarini davom ettirayotgani, hech narsa ularni to’xtashga ko’ndira olmagani haqida eslatmadir”.

AQSh hukumati kuchayib borayotgan kiberhujumlarda Xitoyda davlat tomonidan qo’llab-quvvatlanadigan xakerlarni va Rossiyada joylashgan guruhlarni ayblab kelmoqda.

Baydenga ko’ra, agar Qo’shma Shtatlar “yirik bir davlat bilan urushga boradigan bo’lsa”, bunga kiberhujumlar sababchi bo’lishi ehtimoli yuqori. G’anim davlatlarning bu sohadagi imkoniyatlari tobora kengayib bormoqda, deydi u.

AQSh rahbari razvedka xodimlari oldida qilgan nutqida Vladimir Putinga qayta-qayta ishora qildi.

Putin, deydi u, “yadroviy qurol va neftga ega, boshqa hech narsasi yo’q”. Rossiya rahbari mamlakatida iqtisod chatoq ekanini biladi, shuning uchun Putin yanada xavfli, deydi Bayden. U Rossiya va Xitoyni AQShning ashaddiy raqobatchilari sifatida tilga oldi.

Bayden so’zlariga ko’ra, Si Zinpin Xitoyni “dunyodagi eng qudratli harbiy kuchga, 2040-yilga borib eng yirik iqtisodiyotga aylantirish” qarorida qat’iy.

AQSh rahbari g’animlarning gipertovushli qurollari to’g’risida ham gap ochar ekan, auditoriyada eng yuqori tekshiruvdan o’tmagan odamlar borligini qayd etib fikrini yakunlamadi.

Bayden 17 razvedka idoralari xodimlariga qarata shunday dedi:

“Menga ma’lumotni borligicha yetkazing. Safsataga, quruq gapga hojat yo’q. Ishonchingiz komil bo’lmasa, buni ham ayting. Haqqoniy, xolis xulosalar menga yetkazilmasa, zarur qarorlarni qabul qila olmayman. Menga ijobiy gaplar kerak emas. Siz haqiqat deb bilgan narsani gapiring”.

Baydenga ko’ra, razvedka organlari Kongress yoki Oq uy qaysi partiya qo’lida ekaniga mutlaqo befarq bo’lishi lozim.

“Har qanday siyosiy bosimdan, partiyaviy ta’sirdan xoli bo’lishingiz muhim. Prezident ekanman, biz yuzlashayotgan har qanday vaziyat to’g’risidagi xulosalaringizga ta’sir o’tkazishga, faoliyatingizni siyosiylashtirishga harakat qilmayman. Bu borada so’z beraman”, - deydi prezident.

Baydenning tashrifi hozirda razvedka idoralari bilan munosabatlar Donald Tramp davridagidan ko’ra o’zgacha ekanini namoyish etishga ham qaratilgan.

“Farqni o’zingiz ko’rib turibsiz”, - dedi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki jurnalistlar bilan muloqotda.

Sobiq prezident Tramp 2018-yilda Finlyandiyada Putin bilan uchrashgan. AQSh razvedkasi Rossiya 2016-yilgi AQSh saylovlariga aralashgani to’g’risida xulosa qilgan bo’lsa-da, Tramp o’shanda Putinning raddiyasiga ishonishini ta’kidlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG