Kaliforniya shtatidagi vyetnamliklar jamoasi AQShga ko’chirilayotgan afg’onlarga yordam qo’lini cho’zmoqda. Shtat janubida Kichik Saygon degan mahalla bor, uni vyetnamlik muhojirlar poytaxti ham deyishadi.
AQSh askarlari Afg’onistonni tark etayotganda Kobul aeroportida ro’y bergan voqealar, vatanini tark etishga uringan afg’onlar vyetnamlik amerikaliklar uchun tarixni yodga soldi.
“O’g’limni ko’tarib ketayotganim, oilamiz bo’linib ketgani esimda. Kobul aeroportida chaqaloqni askarlarga uzatishayotganini ko’rdim. Vyetnamda ham bir oila xuddi shu tarzda bolasini kemadagilarga uzatganini, oilaning o’zi ortda qolganini ko’rganman. O’sha voqealar yana takrorlandi”, - deydi AQShga bir paytlar qochqin bo’lib kelgan Kien Tam Nguyen.
Barisha Donish Kobul aeroportida 24 soat davomida o’g’lini yo’qotib qo’ygan, amerikalik askarlar unga yordamlashgan.
“Meni bu dahshatli tushdan uyg’otgin deb xudodan iltijo qildim. Harakat qilib, o’g’limni topib berishdi. Dunyodagi bittayu-bitta xohishim bolamni topish edi, boshqa hech narsa”, - deydi ona.
“Singlim AQSh hukumatiga ishlar edi. U va mening oilam evakuatsiya uchun samolyotga chiqamiz deb markazga bordik. Lekin samolyot bizni qoldirib, uchib ketdi. Afg’onistondagi voqealar o’sha og’riqli damlarni yodimga soldi. Afg’onistonda qolib ketganlarga achinaman, ayniqsa AQSh bilan yaqindan ishlaganlarga”, - deydi vyetnamlik qochqin Nem Lok.
Kichik Saygon mahallasining u kabi yetakchilari ko’plab oilalardan yordam takliflari tushayotganini aytadi. Yaqinda mablag’ jamg’arish uchun o’tkazilgan tadbirda Vyetnam va afg’on musiqachilari birgalikda ishtirok etdi.
“Biz vyetnamliklar afg’on qochqinlariga yordam berishimiz kerak, degan xatlar keldi bizga”, - deydi amerikalik Liza Duong.
Imkon qadar tezroq ish topishlari, oyoqqa turib olishlari kerak. Bu birlamchi vazifa.
Bunday konsertlardan tushgan mablag’ Lyuteran immigratsiya xizmati va afg’onlarga yordam berayotgan boshqa tashkilotlarga xayriya qilinadi. Hozirgacha 160 ming dollardan ziyod mablag’ to’plandi.
AQShga 1992-yilda kelgan Ehson Omonning yangi kelayotganlarga maslahati quyidagicha:
“Imkon qadar tezroq ish topishlari, oyoqqa turib olishlari kerak. Bu birlamchi vazifa. Ikkinchidan, madaniy va ijtimoiy masalalarga, diskriminatsiyaga, kamsitishlarga uncha e’tibor berishmasin”.
Los-Anjeles atrofidagi yuzlab vyetnamlik oilalar afg’on qochqinlariga homiylik qilishga va’da bergan yoki xayriya tadbirlarida qatnashmoqda.
Facebook Forum