20 yillik urush davomida afg’on tarjimonlari AQSh askarlariga yaqindan yordam bergan. AQSh qo’shinlari Afg’onistonni tark etar ekan, minglab tarjimonlar hayoti xavf ostida. Ularga maxsus immigratsion viza berilmoqda.
Bayden ma’muriyati rejasiga ko’ra, tarjimonlarning 750 kishilik ilk guruhi va ularning 1800 nafar oila a’zolari Virjiniya shtatidagi harbiy bazaga ko’chiriladi va o’sha yerda vizasini kutadi. Rasmiylarning aytishicha, ular tekshiruvlardan o’tib bo’lgan.
Tarjimonlarning 4000 kishilik yana bir guruhi va ularning oila a’zolalari Qatar va Quvaytga ko’chirilishi mumkin.
Hoji Tolibon qo’liga tushmaslik uchun Afg’onistonda bir shahardan boshqa shaharga ko’chib yuradi. U 11 yil davomida AQSh maxsus kuchlariga tarjimonlik qilgan.
“Logar viloyati, Kobul, Nuriston, Kunor, Nangarxor, butun Afg’oniston bo’ylab ishlaganman”, - deydi u.
Shaxsini himoya qilish uchun uni Hoji deb ataymiz. Ishi davomida jarohat olgan, amerikalik ikki kapitan hayotini saqlab qolgan.
“Ular meni, men ularni qutqarganman, chunki jamoadoshmiz”, - deydi Hoji.
2010-yilda Tolibon Hojining 9 yashar o’g’lini o’g’irlab, pul talab qilishgan.
“Toliblar Amerika harbiylari bilan ishlayotganimni bilishardi. Ular kofir, ularga ishlayotganing uchun sen ham kofirsan, deb aytishdi menga”, - deb eslaydi suhbatdosh.
Afg’on politsiyasi bir necha haftadan so’ng jangarilar bilan otishma ketidan o’g’lini qutqargan. Ammo bir necha oy oldin to’ng’ich o’g’lini o’ldirishdi. Hoji endi o’zini qutqarishga harakat qilayapti.
“Toliblar joyingni, qayerda yashashingni bilamiz deyishdi”, - deydi Hoji.
U maxsus immigratsion viza uchun murojaat qilganiga uch yildan oshdi. AQSh elchixonasi unga jarayon kechikayotganini aytgan. Prezident Bayden yaqinda Hoji kabi tarjimonlarga shunday dedi:
“Istasangiz, AQSh sizni qabul qilishga tayyor. Bizni quvvatlaganingiz kabi sizni ham quvvatlaymiz”.
Maxsus immigratsion viza bilan AQShga 7 yil oldin kelgan Ismoil Xon ham Hoji bilan birga tarjimon bo’lib ishlagan. Hojiga u “GPS” deya laqab qo’ygan.
“U qayerga borishni, qaysi yo’lni tanlashni, qayerda pistirma bo’lishi mumkinligini bilardi. Askarlarga hushyor bo’ling, deya oldindan aytardi. Yonidagi harbiylar omon qolishi uchun qo’lidan kelgan barcha ishni qilgan”, - deydi Ismoil Xon.
Sobiq hamkasbi xavf ostida ekanini aytadi u.
“Uni qidirishyapti. Mamlakatni tark etmasa o’ldirishadi”, - deydi Xon.
Amerikaliklarga yordam bergan afg’onlar namoyishlar orqali o’zi haqida eslatib turadi. Yanvardan buyon Bayden ma’muriyati ular uchun 2500 ta maxsus vizani tasdiqlagan. Ming nafari Ismoil Xon singari Amerikada qo’nim topgan. Ammo Afg’onistonda qolayotganlari hali ham ko’p.
Yana bir tarjimonni Fattoh deb ataymiz. AQSh kuchlari bilan ishlaganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagani uchun unga viza rad etilgan.
“Qo’rqinchli, chunki Tolibon shafqatsiz, hech qachon bizni kechirmaydi”, - deydi Fattoh.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda u o’zi va oilasining xavfsizligidan qattiq xavotirda ekanini aytadi. Ayniqsa AQSh qo’shinlari avgust oxirida Afg’onistondan to’liq chiqib ketganidan so’ng.
Facebook Forum