Breaking News

2022-yilda o'zbekistonlik muhojirlar uchun qisqa muddatli kurslar


O'zbekistonlik muhojirlar uchun treninglar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:34 0:00

O’zbekistonning Nyu-Yorkdagi bosh konsulligi O’zbekistondan AQShga kelgan mehnat muhojirlari va ularning oila a’zolari uchun 2022-yilda qisqa muddatli trening-kurslar o’tkazishni ko’zlagan.

Bruklinda o’tgan tadbirda konsullik bu yo’nalishda Qo’shma Shtatlardagi hamkor tashkilotlarini jamoatchilikka tanishtirdi.

Amerikaga yangi kelgan muhojirlar qanday muammolarga duch keladi? Ishni nimadan boshlash lozim? Tilni mukammal bilmasangiz, yanada qiyin. O’zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsulligi ana shularni e’tiborga olib, kelasi yildan qisqa muddatli o’quv kurslari tashkil etmoqchi.

Konsullik shu maqsadda AQShdagi ayrim tashkilotlar bilan hamkorlikni yo’lga qo’ygan. Shulardan biri “Urban Upbound” tashkiloti.

“Bugungi tadbirimizda O’zbekistonning Nyu-Yorkdagi bosh konsulxonasi bilan “Urban Upbound” tashkiloti o’rtasida tuzilgan anglashuv memorandumining kichik taqdimoti bo’lib o’tdi”, - deydi O’zbekiston konsuli Qahramon Dalimov.

Konsullik Amerikada yashayotgan O’zbekiston fuqarolarini AQSh hukumati tomonidan berilayotgan ba’zi imtiyozlardan to’liq foydalanishlariga yo’naltirishni istaydi.

“Birinchi kelganingizda har bir masala yuzasidan qayerga borishingizni bilmaysiz, kimga murojaat qilishingizni, qanday ish boshlashingizni ham. Bu hammasi juda qiyin narsa. Mana bugun shu masalalar ko’tarildi. Masalan, ish topib berish, o’sha banklarga qanday a’zo bo’lish, til o’rganish. Bugungi tadbir bizlar uchun juda ham qadrli, elchixona tomonidan mehribonlik bo’lgani sababi shuki, biz bu yerda hammamiz bilmagan holda hali undan so’raymiz, hali bundan so’raymiz, qiynalamiz. Bugun shu masalalar yechildi. Bizlarga ancha yordam berdi”, - deydi o’zbekistonlik Gulira’no Hakimova.

Konsullik “Urban Upbound” tashkiloti bilan kelishuv doirasida 2022-yilda qisqa muddatli treninglar tashkil etadi.

Maqsad - muhojirlarga Amerika jamiyatida iqtisodiy, kasbiy o’sish yo’lida yaratilgan imkoniyatlardan foydalanish, uy-joy ijarasi va xaridi davomida hamda turmushning boshqa jabhalarida vujudga keladigan masala-muammolarni yechish yo’llarini o’rgatish.

Tashkilotchilar “Urban Upbound” taqdim etadigan dasturlar qatori Nyu-York shahridagi iqtisodiy, ijtimoiy xizmatlarni ko’rsatadigan yana qator boshqa tashkilotlar vakillarini ham taklif qilishdi.

Jumladan, soliq deklaratsiyalarini to’ldirishda bepul xizmat ko’rsatish, moliyaviy muammolarga duch kelganda aholini bepul maslahatlar bilan qo’llaydigan xizmatlarning mutaxassislarini.

Shuningdek, ingliz tilini bepul o’rgatishga ixtisoslashgan maktab vakilini.

“Bu ishlarni olib borish jarayonida biz yana bir muammoga duch keldik. O’zbekistonliklarning asosiy muammolaridan biri tilni yetarli darajada bilmasligi ekan. AQShda ingliz tilini yetarli darajada bilmaslik albatta ko’p muammolarni keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, Nyu-Yorkda joylashgan “Jewish Community Council” (Yahudiylar jamiyati kengashi) bilan kelishuvga erishdik va ingliz tilini o’qitish sinflarini tashkillashtirdik. Bugun buning ham taqdimoti bo’lib o’tdi”, - deydi Dalimov.

Dastur va mashg’ulotlar 2022-yilning 1-yanvaridan boshlanishi kutilmoqda. Ular O’zbekistondan AQShga kelgan mehnat muhojirlari hamda ularning oila a’zolari uchun mo’ljallagan.

Konsul Qahramon Dalimovga ko’ra, bu dasturlar Qo’shma Shtatlardagi deyarli barcha o’zbekistonliklarni qamraydi.

“Mehnat muhojirlari sifatida biz barchani ko’ramiz, negaki odamlarimizning [AQShga] kelishidan maqsadi albatta moliyaviy ahvolini yaxshilash va o’z-o’zidan bu mehnat muhojirlari toifasiga kiradi. Shu bilan birga, grin karta egalarini ham mehnat muhojirlari deb hisoblaymiz. Nega desangiz, ularning asosiy maqsadi pul ishlash va O’zbekistonga yuborish, O’zbekistondagi qarindoshlarini qo’llab-quvvatlash, oilaviy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan. Hamma vatandoshlarimiz bu xizmatlardan foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, AQShda hujjatsiz yashayotgan hamyurtlarimizga ham bu xizmatlarni ko’rsatishga kelishib olindi. Bu yerda qaysidir sabab bilan hujjatsiz qolib ketgan yoki vizasi muddati o’tib qolib ketganlar bor. Ular ham bu xizmatdan foydalanishlari mumkin bo’ladi”, - deydi u.

Tashkilotchilar imkon qadar ko’proq migrantlarning dasturda ishtirokini ta’minlash uchun treningni ham auditoriyada, ham “Zoom” platformasida tashkillashtirishni maqsad qilishgan.

Bu masalada ular vatandoshlar tuzgan jamiyat faollari bilan ham hamkorlik qilishyapti.

“Men 20 yildan beri kelib-ketaman, muqim yashayotganimga 6 yil bo’ldi. Oilaviy birlashish dasturi bilan ko’chib kelganman. E’tibor beradigan masalam, bizlarning O’zbekistondan kelgan fuqarolarimiz birinchi navbatda ish masalasida juda ham katta qiyinchiliklarga uchraydilar, uy-joy masalasida, keyin bu yerdagi qonun-qoidalarni yaxshi bilishmaydi. Hattoki oila miqyosida ham ko’p masalalarda erkinlik sezishadida, bu yerni qoida-qonunlarini yaxshi bilmasliklari sababli ancha muammolarga duch kelib qoladilar. Shuning uchun birinchi navbatda O’zbekistondan kelgan fuqarolarimiz o’zlarini har tomonlama yashash jarayonida iqtisodiy, ijtimoiy va yashayotgan muhitida barcha qonunlarni to’g’ri tushunib, o’zlashtirib, qiynalmasdan yashashlarini xohlardim”, - deya tadbir mohiyatiga urg’u beradi “Mahalla USA” tashkiloti faoli Mahbubaxon To’rayeva.

O’zbekistonliklar jamiyati a’zolariga tushunarli bo’lishi uchun o’quv kurslari o’zbek va ingliz tillarida tashkil etiladi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG