Breaking News

Qrim-tatarlar O’zbekistonni Rossiya yetakchiligidagi bloklarga qaytmaslikka chaqirmoqda


O'zbekiston Rossiya bosimiga qarshi tursin, deydi qrim-tatar faoli
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:56 0:00

O'zbekiston Rossiya bosimiga qarshi tursin, deydi qrim-tatar faoli

Qrim-tatar Milliy Majlis a’zosi Iskandar Bariyev nazarida O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqda emasligi geosiyosiy imkoniyat.

Vatani Rossiya tomonidan bosib olingan va ayni damda yana urush tahdidini boshdan kechirayotgan qrim-tatarlar O’zbekistonga Moskva boshqaradigan ittifoqlarga qaytmaslikni tavsiya qilmoqda.

Bunday xavotir uchun sabablar yetarli, deydi ular. Ukraina va Rossiya o’rtasidagi ziddiyat nafaqat Yevropa Ittifoqi balki Markaziy Osiyodagi vaziyatga ham soya tashlay boshlagan. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoning mintaqa davlatlari, xususan O’zbekistonga doir bayonotlaridan buni sezish mumkin.

Lukashenko Markaziy Osiyoga Rossiya iznidan chiqmang, deya ishora bermoqda.

Qozog’istondagi noroziliklar bostirilishi Rossiya liderligidagi harbiy ittifoq mamlakatlar ichki ishiga ham aralashish mumkinligini ko’rsatdi.

Belarus prezidentining bayonotlariga ko'ra, bu blok boshqa davlatlar, hatto Ukraina ziddiyatiga ham tortilishi ehtimoldan xoli emas, deydi kuzatuvchilar.

Lukashenkoning O'zbekistonda ham Qozog’istondagi kabi g'alayonlar bo'lishi mumkin, degan gaplarini Toshkent qoralagan.

Qrim-tatarlar o'zini Markaziy Osiyoga, jumladan O’zbekistonga yaqin tutadi. Milliy Majlis a’zosi, Kiyevdagi Qrim-tatar resurs markazi rahbari Iskandar Bariyev O'zbekistonda tug'ilgan.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda, Bariyev O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqda emasligini geosiyosiy imkoniyat deb ataydi. O’zbekiston bu imkoniyatdan foydalanishi lozim, deydi u, toki mintaqa unga ergashsin.

"Men O’zbekistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotida emasligini qo’llab quvvatlayman. Bu bilan O’zbekiston o’zining subyektligini namoyon etmoqda, hamkorlarga ochiqligini ko’rsatmoqda, ayniqsa Markaziy Osiyodagi xavfsizlik masalasida. Qolaversa, so’ngi paytda O’zbekistonda demokratik o’zgarishlar ketayotgani inobatga olinsa, mamlakat rivojlanishda davom etadi", - deydi Bariyev.

Iskandar Bariyev, Qrim-tatar Milliy Majlisi a'zosi, Kiyevdagi Qrim-tatar resurs markazi rahbari
Iskandar Bariyev, Qrim-tatar Milliy Majlisi a'zosi, Kiyevdagi Qrim-tatar resurs markazi rahbari

"Biz qrim- tatarlar uchun O’zbekiston bilan aloqalar juda muhim, xususan xalqimiz deporatatsiya bilan bog’liq masalalarda ham. Bizning markaz hozir bu borada ish olib bormoqda. Ukrainada bu deportatsiya genotsit sifatida tan olindi. O’zbekiston tomonida qrim- tatarlar surguni, uning genotsid ekanligini isbotlovchi ma’lumotlar ko’p".

O’zbekistonda bosmachalik harakati ishtirokchilari oqlangani haqida xabarlar Qrim-tatarlarni xursand qildi, deydi suhbatdosh.

"Sovet davrida milliy ozodlik uchun kurashgan bu fidoyilarni bizga bosmachilar, qaroqchilar sifatida taqdim etib kelishgan edi. Milliy tarixni xolis qayta ko’rib chiqish ketayotgani albatta umidli xabar, chunki O’zbekiston bugun 35 millionga yaqin aholi ega mintaqaning eng yirik davlati. Aynan shuning uchun ham O’zbekistonning mintaqada subyekt sifatida faoliyat yuritishi, xalqaro siyosiy jarayonlarda mustaqil kuch sifatida qatnashishi juda muhim", - deydi Bariyev.

Uning fikricha, Ukraina va O’zbekiston munosabatlarini ham yangi bosqichga chiqarish vaqti kelgan.

"Chunki har ikki tomonda ham buning uchun imkoniyatlar yetarli. Rossiya ta’siriga kelsak, ha albatta bu bor, ayniqsa Markaziy Osiyoda bu kuchli. Bu ta’sirdan xalos bo’lish oson emasligini ham tushunish kerak, chunki ta’sir mexanizmlari juda ko’p. Ularni birdaniga yo’qotish juda qiyin. Ammo men O’zbekistonda tug’ilgan, bu yurtda 17 yil yashagan odam sifatida so’ngi yillarda mamlakatda kuzatilayotgan o’zgarishlardan xursandman".

Bir muddat avval Ukraina Turk davlatlari tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo’shilishi mumkinligiga doir ma’lumotlar paydo bo’lgan edi. Ukrainada rostan ham shunday maqsad-harakat bormi?

"Ha shunday harakat bor. Ukraina Turk davlatlari kengashiga kuzatuvchi maqomida qo’shilish uchun ariza bergan. Mening nazarimda, u bunga to’la haqli, chunki mamlakatda qrim-tatarlari va boshqa turkiy xalqlar tub aholisi sifatida topildi. Va shuni aytishim kerakki, bu tashabbus ortida Qrim-tatar Milliy Majlisi turibdi. Biz albatta Ukrainaning tub aholisi, turk tilli xalq sifatida Turk davlatlari tashkilotiga kuzatuvchi davlat sifatida qo’shilishiga umid qilamiz. Ukraina umumiy nufuzi 300 milliondan oshiq turk dunyosining bir qismiga aylanishi tabiiy o’z ijobiy samarasini ko’rsatadi", - deydi Bariyev.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG