Breaking News

YXHT O'zbekistonda referendumni kuzatadimi?


19-iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari Vladimir Misev bilan muloqot qildi
19-iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari Vladimir Misev bilan muloqot qildi

O’zbekiston hukumati Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) missiyasi bilan jiddiy tanqidlarga tutilgan konstitutsiyaviy islohotlar, shuningdek, referendum o’tkazish masalasini muhokama qilmoqda.

Hafta boshida Toshkentda Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari Vladimir Misev bilan uchrashgan.

Vazirlikka ko’ra, DIIHB missiyasi referendumni o'tkazish va uni baholashda O’zbekiston bilan hamkorlikka tayyor.

O’zbekistonda konstitutsiyasiga qator o’zgarishlar kiritishni maqsadida tashkil qilinayotgan referendum muddati hozircha aniq emas.

Bu boradagi qonun loyihasi Oliy Majlisga kiritilgan, Qoraqalpog’istonda kuzatilgan noroziliklar ortidan loyiha muhokamasi yana cho‘zildi.

Noroziliklar ortidan Nukusga borgan Prezident Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyada Qoraqalpog’iston maqomiga doir rejalangan o’zgarishlarni bekor qildi, Qoraqalpog’iston O’zbekiston tarkibidagi suveren respublika sifatida qoldirildi.

Konstitutsiya o’zgarishi ko’zda titilayotgan asosiy bandlar saylov, prezidentlik muddatiga tegishli.

Taklif etilayotgan o’zgarishlar tasdiqlansa, prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytiriladi.

Konstitutsiyada bir shaxsning ikki muddatga prezidentlik qilishi mumkin emasligiga doir band saqlanib qolyapti.

Ammo konstitutsiyaviy islohotlar ortida turgan islohotchi siyosatchilar bu Prezident Mirziyoyevning o’z nomzodini uchinchi muddatga surishiga to’sqinlik qilmasligini aytgan.

Vladimir Misev, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari
Vladimir Misev, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Ehtiyojlarni baholash missiyasi rahbari

Senat raisi o’rinbosari, mamlakatda jiddiy munozaralar qo’zg’agan konstitutsiyaviy islohotlar tashabbuschilaridan bo’lgan Sodiq Safoyev buni yangi konstitutsiya Mirziyoyev uchun yangi imkoniyatlar ekanligi bilan izohlagan.

Prezident Mirziyoyev bu tavsiyalarga muvofiq o’z nomzodini yana prezidentlikka surishga qaror qilsa, uning boshqaruvi 2040-yilgacha cho’zilishi taxmin qilinmoqda.

Bu muddat O’zbekiston uchun oldingi rahbar Islom Karimovning chorak asrdan ko’pga cho’zilgan hukmronligidan keyingi ikkinchi avtoritar rahbarlik sifatida kuzatilishi mumkin.

Ammo Prezident Mirziyoyevning o’z nomzodini uchinchi muddatga prezidentlikka surish-surmasligi noma’lum. Lekin konstitutsiyaviy islohotlar aynan shu siyosiy maqsad uchun hozirlanmoqdami? Bu savol ijtimoiy tarmoqlarda qizg'in muhokamada.

O’zbekistonda yangi siyosiy partiya tuzishga urinib kelayotgan professor Xidirnazar Olloqulov konstitutsiyaviy o’zgarishlar Mirziyoyevga uchinchi muddat imkoniyatini bergan taqdirda hukumatni xalq qo’zg’alishi bilan ogohlantiradi.

Konstitutsiyaviy o’zgarishlar bo’yicha Qoraqalpog’istondagi namoyishlar hukumat, Prezident Mirziyoyev ham noroziliklar jiddiy tus olgan taqdirda o’z qarorini o’zgartirishi mumkinligini ko’rsatdi.

Ammo vaziyatni kuzatib kelayotgan faollar Qoraqalpog’istondan farqli O’zbekiston misolida konstitutsiyaviy o’zgarishlar bir qadar silliq tasdiqlanishiga shubha qilmaydi.

“Tan olish kerak, qoraqalpoqlar konstitutsiyaviy o’zgarishlarga nisbatan o’z noroziligini bildirdi. Mirziyoyev darhol o’z qaroridan qaytdi. Qoraqalpog’istonga tegishli bandlarni hammasini o’zgarishsiz qoldirdi. Lekin bu konstitutsiyaviy islohotlar o’tkazilmaydi degani emas, aynan O’zbekistonga doxil hammasi rejalanganidek davom etmoqda", - deydi bloger Nafosat Olloshukurova.

"Bu o’zgarishlar agar kutilmagan o’zbekistonliklar tomonidan rad etilgan taqdirda ham buni hukumat inobatga olishiga men ishonmayman. Umuman aksariyat o’zbekistonliklar bu islohotlardan maqsad nimaligini hozircha tushunayotgani ham yo’q. Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim chiqishlarni istisno qilganda. Shundan kelib chiqilsa, hukumat bu o‘zgarishlarni jimgina tasdiqlab oladi”.

DIIHB missiyasi O’zbekistonda uchrashuvlarni davom ettirib, turli idoralar, fuqarolik jamiyati vakillari bilan gaplashmoqda. Yaqin orada undan xulosalar kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG