Natali Pavlenko - AQShdagi Ukraina Ayollari Milliy Ligasi rahbari. Tashkilotga 1925-yilda Nyu-Yorkda asos solingan. Bir qancha tashkilotlarning birlashmasi. Madaniy-ma’rifiy, xayriya tadbirlar o’tkazib tanilgan.
“Birinchi jahon urushidan keyin mamlakatda ijtimoiy muammolar ko’p edi, gumanitar yordamga ehtiyoj bor edi. Shu sabab ayollar tashkilotlari alohida ishlashdan ko'ra birlashib ishlagan yaxshiroq degan qarorga kelishgan. Ukraina Ayollari Ligasi ana shunday yuzaga kelgan", - deydi Pavlenko.
Dastlab Ukraina madaniyatini saqlab qolish maqsadida tashkil etilgan. Eng katta birinchi loyihasi 1933-yilda o’tkazilgan, Chikagodagi xalqaro ko’rgazmada ishtirok etadi.
"A'zolar Lvovdan AQShga madaniy meros namunalarini olib kelishdi, yarmarkada namoyish qilishdi", - deydi Pavlenko.
1976-yilda Nyu-Yorkda Ukraina muzeyi ochildi. Chikagodagi butunjahon yarmarkasida namoyish etilgan buyumlar ana shu muzeyga taqdim etildi. Muzey arxivida 15 mingdan ortiq san’at, madaniyat namunalari bor. Ukraina Ayollari Milliy Ligasining 1700 dan ortiq a'zolari bor. Mamlakat bo'ylab 65 ta idorasi mavjud, ya’ni har bir shtatda o’z bo’limiga ega.
Mariana Krets Amerikada besh yildan beri yashaydi. O’tgan yili tashkilotga a’zo bo’ldi.
“Ligaga qo‘shilganimda o‘zligimni his qildim, jamiyatdagi qadriyatlarimizni, Ukrainaga yordam berish kerakligini. Neki tadbir uyushtirsak, mablag’ yig’sak, Ukrainani qo’llab-quvvatlash uchun qilamiz”, - deydi Krets.
Urush boshlanganidan beri liga Ukrainaga gumanitar yordam jo’natishga ko’proq eʼtibor qaratmoqda. Mablag’ yigishga qaratilgan turli aksiyalar o’tkazmoqda.
“Yangi qoʻmita tuzdik, rahbar sayladik, Vashingtondagi siyosatchilarga ta’sir o’tkaza oladigan tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Gumanitar yordam jo‘natish, mablag‘ yig‘ish nihoyatda muhim. Vashingtonning yordamisiz qiyin”, - deydi Pavlenko.
Pavlenkoning aytishicha, urush boshlanganidan beri tashkilot tadbirlarida ishtirok etayotgan, mablag’ bilan yordam berayotgan vatandoshlar ko’paydi. Ayol urush tugagandan keyin ham bu faollik davom etishiga umid qilishini aytadi.
Facebook Forum