Breaking News

Tolibondan norozi AQSh afg'on muxolifati bilan muloqotda


Tolibonga qarshi kurashayotgan kuchlar lideri Ahmad Mas'ud va ayollar huquqlari uchun ter to'kayotgan Aliya Yilmaz, Vena, Avstriya, 16-sentabr, 2022
Tolibonga qarshi kurashayotgan kuchlar lideri Ahmad Mas'ud va ayollar huquqlari uchun ter to'kayotgan Aliya Yilmaz, Vena, Avstriya, 16-sentabr, 2022

AQSh 2020-yilning 20-fevralida imzolangan kelishuvni eslatib, Tolibonni bu hujjatda bergan va'dalarini bajarishga chaqirmoqda. Tolibon boshqa afg'onlar bilan murosa qilishi kerak.

“Tolibon afg'on xalqi ravnaqi uchun boshqa siyosiy guruhlar bilan aloqani yaxshilamas ekan, bizning munosabatimiz ham ijobiylashmaydi", - deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Ned Prays.

2021-yilning avgust oyida hukumatni egallaganida ham Tolibon Amerikaga terrorizmga qarshi chora ko'rish haqida so'z bergan, shuningdek, inklyuziv ma'muriyat tuzishi xususida bong urgan, hatto xotin-qizlarni ezmasligini bildirgan. Birortasi o'z aksini topmadi, deydi AQSh rasmiylari.

Xalqaro hamjamiyat bu va'dalar va shartlar bajarilmas ekan, Tolibon hukumatini tan olmoqchi emas.

Tolibon nazarida esa asosiy to'siq Amerikadir. Harakat yetakchilari fikricha, Kobuldagi bugungi rahbarlar shartlarni bajargan.

Amerikaning biror diplomati Tolibon bilan bevosita aloqada emas. Bayden ma'muriyatiga ko'ra, Kobul afg'on xalqiga zulm o'tkazish va o'zini aldash bilan band.

AQSh elchixonasi yopiq. Tolibon hokimiyatni egallaganidan beri biror amerikalik rasmiy Afg'onistonga bormagan.

2019-2020 yillarda yetakchi diplomatlar Tolibon bilan gaplashgan, hatto Donald Tramp prezidentligi davrida harakatning yetakchisi bilan telefonda so'zlashgan. O'sha paytdagi Davlat kotibi Mayk Pompeo toliblar bilan bir necha bor uchrashgan.

Kobulda otishma, notinchlik, 12-dekabr, 2022
Kobulda otishma, notinchlik, 12-dekabr, 2022

Amerika Tolibon rasmiylariga eshikni ochmaydi. Bu oy Afg'oniston bo'yicha maxsus vakil Tomas Uest Birlashgan Arab Amirligida Tolibonning Mudofaa vaziri va Tolibonga qarshi siyosatchi Ata Muhammad Nur bilan gaplashgan. Nur hozirda muxolifat liderlaridan biridir.

Amerikaning yana bir diplomati, Karen Deker yaqinda Tojikistonda afg'on oppozitsiyasi bilan muloqot qilgan.

Afg'on qochqinlarini qabul qilgan va Kobulda yangi hukumat tuzishga undab kelayotgan Tojikiston rahbariyati qo'shni davlatning muxolifatchilariga ham bag'rini ochgan.

O'zini Afg'onistonning to'laqonli hukumati deb biladigan Tolibon esa bundan g'azabda.

Vashingtonga ko'ra esa afg'on xalqi bilan uchrashib turish muhim. AQSh Afg'onistonda biror partiyani quvvatlamaydi, deydi diplomatlar, ammo qonunsizlik va zulmni qoralaydi.

Afg'on muxolifati hozirda AQShda o'z lobbisiga, ya'ni siyosiy targ'ibotchilariga ega. Kongress a'zolari orasida Tolibonga qarshi kuchlarga madad ko'rsatish kerak, deb chiqayotganlar ko'p.

Davlat departamentining "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, Bayden ma'muriyati zo'ravonlikka qat'iyan qarshi va dialog tarafdori.

"Afg'onistonda faqat muloqot va murosa bo'lishini istaymiz", - deya bildiradi departament.

Tolibon hukumatiga chek qo'yish kerak deb yurgan liderlardan biri, Ahmad Mas'ud hozirda Tojikistonda yashaydi va harakatini o'sha yerdan boshqaradi. Yevropaga borib turadigan muxolifatchi Amerikaga ham kelish niyatida.

BMTning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Roza Otunbayeva tahlilicha, hozirgi vaziyatda kelishuv deyarli mumkin emas. Afg'on siyosiy doiralari, jumladan toliblar va muxolifat bir-biridan bag'oyat uzoq, deydi u, murosa u yoqda tursin, hatto gaplashish uchun iroda yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG