Breaking News

AQSh Afrikadagi ijtimoiy loyihalarga yuzlab million dollar ajratmoqda


AQSh: Afrika davlatlariga yuzlab million dollarlik yordam
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:53 0:00

AQShning Mingyillik chaqiriqlari korporatsiyasi yaqinda ikki Afrika davlati oʻrtasida iqtisodiy integratsiya va savdoni rivojlantirish maqsadida yangi grant turini ishlab chiqdi. Niger va Benin bilan imzolangan birinchi mintaqaviy kelishuv transport loyihalariga yuzlab million dollar sarmoya kiritishni ko’zlaydi.

AQSh va alohida davlatlar o'rtasidagi ikki tomonlama kelishuvlar asosida Benindagi Kotonu porti va Niger poytaxti Niameyni o’zaro bog’laydigan transport loyihasiga 504 million dollar sarflanadi.

Faqat bu emas, deydi qariyb yigirma yildan beri xorijiy davlatlarga yordam ko'rsatib kelayotgan Mingyillik chaqiriqlari korporatsiyasi deya ataluvchi AQSh agentligi bosh direktori o'rinbosari Mahmud Bax.

“Loyiha yo’llarni ta’mirlashga oid ba’zi muammolarning asl sabablarini hal qilishni ham o’z ichiga oladi. Har ikki mamlakat yoʻl ta’miri bo’yicha o’z zimmasiga majburiyatlar oldi. Bu yo’nalishda yangi siyosat va institutsional islohotlar ham oʻtkaziladi. Ta’mirlanishi kerak bo’lgan yo’llarga ajratilayotgan mablag’lar ham nazorat qilinadi”, - deydi agentlik rasmiysi.

Benin va Niger turli loyihalarga 15 million dollarlik hissa qo’shadi.

Mintaqaviy loyiha ikki davlat o’rtasidagi savdo cheklovlarini yo’qotish va tovarlar oqimini tezlashtirishni ham o’z ichiga oladi.

Korporatsiya shu paytgacha Benin va Nigerga 1,1 milliard dollarlik sarmoya kiritdi. Yangi loyihalar shu paytgacha qilingan ishlarning davomi.

“Umidimiz avvalgi ishlarimizni ushbu yangi sarmoya bilan bog'lash. Benin porti biz birgalikda qilgan ish sifatida mintaqaga namuna vazifasini o’taydi va Kotonu yo'lagi bo'ylab Niameydagi mijozlar, fermerlar va bizneslarni bog'laydigan yo'lning bir qismi bo’ladi. Men mintaqaviy integratsiya butun qit’a taraqqiyotining muhim omili ekaniga chin dildan ishonaman”, - deydi Mahmud Bax.

Bax yaqinda Mozambik safaridan qaytdi. U yerda mamlakatning sohil hududlarini himoya qilishga qaratilgan yangi loyiha bo’yicha kelishuv imzolandi.

“Mozambik iqlimning o'ta salbiy ta'siriga duchor bo'lgan davlatlardan biri. Aholining 65 foizi sohil bo'yida yashaydi. Mamlakat 2300 kilometrlik qirg'oqqa ega va har yili bir-biridan kuchli to’fonlar bilan yuzlashadi”, - deydi Bax.

To'rt yil oldin Iday sikloni Mozambik, Zimbabve va Malavida yuzlab odamlarning hayotiga zomin bo'ldi. BMT ta’biricha, "Afrika tarixidagi ob-havo bilan bog'liq eng yomon falokatlardan biri" bo’lgan bu voqea ortidan millionlab odam qochqinga aylandi.

Korporatsiyadan pul olish uchun mamlakat yaxshi boshqaruvdan tortib iqtisodiy erkinlikkacha bo'lgan bir qator mezonlar bo'yicha agentlik standartlariga javob berishi kerak.

Yaqinda Burkina-Fasoning grantini moliyalashtirish harbiy to’ntarish ortidan to'xtatildi.

“Mamlakatda davlat toʻntarishi, xususan, harbiy toʻntarish yuz bersa, bu rejamizni shubha ostiga qoʻyadi va biz uchun bu qizil chiziq. Bir guruh harbiylar konstitutsiyani oyoqosti qilishga urinayotgan paytda Kongressga yuzlanib, “Biz bu mamlakatni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”, deb ayta olmaymiz”, - deydi AQSh rasmiysi.

Mingyillik chaqiriqlari korporatsiyasi bu yil Sierra-Leone bilan energetika sektorini isloh qilishga yordamlashish bo’yicha shartnoma imzolash ustida ishlamoqda. Agentlikning Afrikadagi boshqa potentsial mijozlari ro’yxatiga Mavritaniya, Togo va Gambiya kiradi. Senegal keyingi mintaqaviy kelishuvga rahbarlik qilish uchun taklif qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG