AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi fentanil moddasini aniqlash, uning mamlakatga kirib kelishining oldini olishda sun’iy intellektdan foydalanish yo’llarini o’rganib chiqmoqda.
AQSh-Meksika chegarasi - odamlar oqimi va savdo uchun muhim darvoza. Ammo chegarada fentanil kabi xavfli dorilar kontrabandasi ham katta muammoga aylangan. AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas aprel oyida yangi ishchi guruhi tuzilishini e’lon qildi.
“Kontrabanda bilan shug’ullanuvchi to’dalar kuchaygan”, - deydi u.
Choralardan biri sifatida noqonuniy giyohvand moddalarni aniqlash uchun sun’iy intellektdan foydalanish muhokamada.
“Fentanil jo’natmalarini va prekursor kimyoviy moddalarni yaxshiroq aniqlash, jinoiy tarmoqlarning asosiy tugunlarini buzish uchun bu texnologiyadan foydalanishni o’rganamiz”, - deydi vazir.
AQSh Bojxona va chegara xizmati sobiq direktori Pet Simmonsga ko’ra, sun’iy intellekt orqali takomillashtirish mumkin bo’lgan tizimlar mavjud.
Masalan, hozirda qo’llanilayotgan rentgen nurlari o’rniga, skanerdan o’tkazilayotgan yukning aniqroq tasvirini yaratish uchun Muon tomografiya tizimiga o’tsa bo’ladi.
"Agar yuk zich joylashtirilgan bo’lsa, rentgen nurlari unga kira olmaydi. Muon tomografiya tizimi esa bu ishni uddalaydi, zich obyekt ichida nima borligini ko’ra olasiz”, - deydi Chegara xizmati sobiq rahbarlaridan biri Patrik Simmons.
Muon sistemasidan sun’iy intellekt bilan birgalikda foydalanish yangi avlod aniqlash tizimlarini kuchaytiradi. Bu fentanil yashirilishi mumkin bo’lgan, konteynerlar ortilgan kemalarni tekshirishda ayniqsa foydali.
Simmonsga ko’ra, yangi tizim fentanil dorisini yaratish uchun ishlatiladigan prekursorlarni aniqlashda ham asqatadi.
“Sun’iy intellektga nimani qidirayotganingizni o’rgatish kerak bo’ladi. Xitoydan Amerikaga kirib kelayotgan katta miqdordagi prekursorlarni minglab marta skanerdan o’tkazsangiz, sun’iy intellekt taniy boshlaydi”, - deydi u.
Potensial yana bir soha bu – transport vositalari chegarani kesib o’tayotganda razvedka va prognozli tahlil.
“Kimlar chegarani kesib o’tyapti, transportning raqamlari nima? Ular qanday muntazamlik bilan bu tomonga o’tishyapti? Bu vazifalarni amalga oshirishni sun’iy intellektga topshirgan bo’lardim”, - deydi Chegara xizmati sobiq direktori Gil Karlikovski.
Konfet shaklida presslangan fentanil yoki retseptli dorilarni topishda ham undan detektor sifatida foydalansa bo’ladi.
“Tabletka ustiga qanday belgi bosilganini aniqlay olsa, bu odamlarni ogohlantirishda juda foydali”, - deydi suhbatdosh.
Ishchi guruh yaqin oylarda Ichki xavfsizlik vazirligiga o’z xulosalarini bildiradi.
Facebook Forum