O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Liberal-demokratik partiya 31-may kuni, Xalq demokratik partiyasi va Ekologik partiya esa 1-iyun kuni respublika prezidentligiga nomzodini roʻyxatga olish uchun murojaat qilgan va nomzodlarni qoʻllab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etgan.
Komissiya ekspertlari hujjatlarni tekshirib, ularni qonunchilik talablariga mos deb topgan.
Xalq demokratik partiyasidan Ulugʻbek Inoyatov, Liberal-demokratik partiyadan Shavkat Mirziyoyev, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Mahmudova va Ekologik partiyadan Abdushukur Hamzayev 9-iyulga belgilangan prezident saylovida nomzodlar.
"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi ham nomzodlikka Prezident Mirziyoyevni tanlagan, ya'ni saylovda bu siyosiy guruhning o'z vakili nomzod sifatida qatnashmaydi.
7-iyundan saylovoldi targ'ibot ishlari boshlanadi. Komissiya davlat teleradiokanallarida bepul efir hajmi va vaqtini hamda "Yangi Oʻzbekiston", "Pravda Vostoka", "Xalq soʻzi", "Narodnoye slovo" kabi rasmiy gazetalarda va 24 nomdagi mahalliy nashrlarda bepul targ'ibot maydonini tasdiqlagan.
"Yangiliklar dasturlarida va boshqa axborot materiallarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tadbirlarini yoritishda tenglik prinsipiga rioya etishi lozim", - deya eslatadi komissiya.
O'zbekiston tarixida biror saylov, jumladan prezident saylovi xalqaro hamjamiyat, xususan jarayonni kuzatadigan Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) tomonidan erkin va adolatli deb topilmagan.
Markaziy saylov komissiyasi odatda xorijning tanqidiy hisobotlariga yo ko'z yumadi yo ularni inkor etgan holda o'z ijobiy xulosasini beradi.
30-aprel kungi konstitutsion referendum ham demokratik tanlov deb baholanmagan. 2021-yilning 24-oktabridagi prezident saylovi ham boshqa saylovlar singari raqobatsiz, keskin kontrol va siyosiy bosim ostida o'tgan jarayon deya qayd etilgan.
YXHT qoshidagi Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi chiqargan saylov tahlilnomalarida O'zbekiston axborot vositalari saylovda noxolis axborot berishi, ya'ni prezident va amaldagi siyosatni targ'ib qilishi, saylovchiga real tanlash imkoniyati berilmasligi ta'kidlanadi.
O'zbekistondagi sharhlovchilar nazarida ham saylov hukumat nima xohlasa shu demakdir. Yaqinlashayotgan saylovda Prezident Mirziyoyev yagona nomzod, deydi ular, qolganlar - doimgidek qo'g'irchoq kandidatlar, chunki birortasi saylovchini "Mirziyoyevni qayta saylamang, menga ovoz bering", deb undamaydi.
Facebook Forum