AQSh Ichki xavfsizlik departamenti bolalar yoki majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan tovarlarni aniqlash va bu tovarlarning mamlakatga kirib kelishiga yo’l qo’ymaslik uchun sun'iy intellektdan foydalanish imkoniyatlarini ko'rib chiqmoqda.
Har yili dunyo bo'ylab millionlab odamlar og’ir mehnat sharoitlarida ishlashga majbur.
Xalqaro mehnat tashkiloti va UNICEFning so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 160 million bola majburiy mehnatga jalb qilingan.
Bu muammoga qarshi kurashish uchun AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas sun'iy intellektdan foydalanmoqchi. Mavzuni o’rganish uchun maxsus ishchi guruhi tuzilgan.
"Biz yuklarni yanada batafsil tekshirish, majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan tovarlar importini aniqlash uchun sun'iy intellektni qo'llashga intilyapmiz", - deydi vazir.
Muammoni kelib chiqqan joyida hal qilish katta yordam bo'lardi, deydi AQSh Mehnat departamenti vazirining xalqaro ishlar bo'yicha yordamchisi o'rinbosari Tia Li.
"Sun'iy intellekt mavjud ma'lumotlarni o'rganish uchun juda kuchli vosita. Masalan, Kongo Demokratik Respublikasida qazib olinishi mumkin bo'lgan kobaltni ko'rib chiqsak: u Xitoyda litiy-ionli batareyaga aylanib, keyin AQShda elektr avtomobil akkumulyatorlariga qo'yilishi mumkinmi?” - deya so’raydi rasmiy.
Sun'iy intellekt chegarada majburiy mehnat yoki bolalar mehnatidan tayyorlangan kontrafakt tovarlarni aniqlashda ham qo’l kelishi mumkin.
"Bunday turdagi tovarlarni oladigan eng katta kirish portimiz Long Bich bo'lib, u yerga yiliga millionlab konteynerlarda barcha turdagi tovarlarni olib kirishadi. Sun’iy intellekt nuqtalarni bir-biriga bog'lashda, nima qayerdan kelayotganini aniqlashda muhim rol o’ynashi mumkin. Ilg'or algoritmlardan foydalangan holda ular jumboqlarni odamlardan ancha tez yecha oladi”, - deydi AQSh bojxona va chegara xizmati sobiq rahbari Pet Simmons.
Sun'iy intellekt foydali bo'lsa-da, ekspertlar undan ehtiyotkorlik bilan foydalanishni tavsiya qilmoqda.
“U atrof-muhitni o'rganishi kerakligini bilaman. Siz Xitoy kabi muhitni o'rganishga harakat qilayotganingizda, Xitoydan aniq ma'lumot olish qanchalik qiyinligini bilasiz. Noto'g'ri ijobiy tasavvurlar paydo bo’lmasligiga, ma’lumotlarning aniqligiga kim kafolat beradi?” - deya so’raydi chegara rasmiysi Allen Jina.
Texnologiyadan tashqari iroda ham kerak, deydi Tia Li.
"Hukumatlar va kompaniyalar qonunlarni qabul qilish, ularni amalga oshirish va sohani tartibga solish uchun tayyor bo'lishi kerak", - deydi u.
Sun’iy intellekt bo’yicha ishchi guruh tez orada o'z xulosalarini vazirlikka taqdim etadi.
Facebook Forum