Breaking News

Mablag' yetishmasligi Afg'onistondagi gumanitar vaziyatni og'irlashtirmoqda


Aravada suv tashiyotgan afg'onistonlik qiz, Kobul, Afg'oniston, 2023-yil, 6-iyul.
Aravada suv tashiyotgan afg'onistonlik qiz, Kobul, Afg'oniston, 2023-yil, 6-iyul.

28 milliondan ortiq odam yordamga muhtoj bo'lgan Afg'onistonda yetarli miqdorda gumanitar mablag’ yig’ish uchun donorlar yetishmayapti.

Tolibon hukumati afg'on ayollariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) va boshqa xalqaro nohukumat tashkilotlarda ishlashni taqiqlaganidan so'ng moliyalashtirish darajasi sezilarli darajada kamayib ketgan.

"Tashkilotimiz uchun eng katta qiyinchilik hozirda moliyalashtirishni qisqartirish bilan yuzma-yuz kelayotganimizdir. Bu bizning joylarda yordam ishlarini davom ettirish qobiliyatimizga ta'sir qiladi", - dedi CARE xalqaro yordam tashkilotining gumanitar targ'ibot bo'yicha maslahatchisi Melissa Kornet.

BMT joriy yilda Afg‘oniston uchun belgilangan 3,2 milliard dollarlik moliyalashtirish rejasini, 12-iyul holatiga ko‘ra, 477,7 million dollar miqdorida yoki bor-yo’g’i 14,8 foizga bajargan, xolos.

Kornet va boshqa ekspertlar AQSh Tinchlik institutida bo'lib o'tgan tadbirda so'zlar ekan, moliya yetishmasligi sababli afg'on nohukumat tashkilotlari va ayollar boshchiligidagi tashkilotlar katta aziyat chekayotganini aytdi.

Afgʻonistonda BMT loyiha va dasturlarining qariyb 70 foizini mahalliy nodavlat-notijorat tashkilotlari amalga oshiradi.

Bir qancha donor mamlakatlar Afg‘oniston xalqiga yordam berishga sodiq ekanliklarini aytmoqda. Shu bilan birga, ular Tolibonni keskin qoralab, ularni inqirozni yuzaga keltirganlikda ayblashgan.

AQSh Davlat departamenti avvalroq “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, “AQSh hukumati Tolibon qabul qilgan va nodavlat tashkilotlar ishini qiyinlashtirgan farmon tufayli yanada kuchaygan gumanitar va iqtisodiy inqiroz paytida afg’on xalqiga yordam berishga sodiq qoladi”.

Joriy yilning boshida Afg‘onistonning “TOLOnews” telekanaliga bergan intervyusida AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tomas Uest Ukraina, Suriya va Turkiyadagi favqulodda vaziyatlar ham favqulodda ehtiyojlarni yuzaga keltirganini ta’kidladi.

"Ochig'ini aytganda, fiskal sabablarga ko'ra, bizda gumanitar mablag'lar kamroq va shu sababli men kelgusi yilda yordam yanada kamayishidan xavotirdaman", - dedi u.

Tolibonning taqiqiga javoban, BMT va boshqa yordam agentliklari o'zlarining mahalliy ayol xodimlariga uydan ishlashga ruxsat berdi. Sog'liqni saqlash sohasi bilan shug'ullanuvchilarga esa sog'liqni saqlash muassasalariga borish taklif qilindi.

Tolibon bilan muloqot

Afg'onistonda ikki yildan beru hukmronlik qilayotganiga qaramay, Tolibon rejimi hech bir davlat tomonidan hanuz rasman tan olinmagan va uning ko'plab rahbarlari sayohat sanksiyalari ostida qolmoqda.

Koʻplab jahon yetakchilariga ko’ra, Tolibon Afgʻonistonning qonuniy hukumati sifatida tan olinishi uchun, avvalo, ayollarning mehnati va taʼlim olishiga qoʻyilgan barcha cheklovlarni olib tashlashi va inklyuziv hukumat tuzishi kerak.

2020-yilda Tolibon bilan muzokara olib borgan va tinchlik bitimini imzolagan AQSh hukumati Tolibon hukumatga kelishi ortidan guruh bilan diplomatik aloqalarini deyarli toʻxtatdi.

“Men Tolibon bilan muloqot mumkinligiga ishonaman”, - dedi Afg‘onistonning sobiq moliya vaziri vazifasini bajaruvchi Xolid Payenda.

"Siz ularni jalb qilishingiz, ular bilan birga o'tirib, ba'zi dasturlarni siz xohlaganingizdek davom etishiga ishonch hosil qilish uchun ularga doimiy bosim o'tkazishingiz kerak", - deya qo’shimcha qildi u.

Global inqiroz

Afg'onistondagi og'ir vaziyat so'nggi to'rt yil ichida 122 milliondan ortiq odamni ocharchilikka olib kelgan global gumanitar inqirozning bir qismidir.

“2019-yildan beri dunyoda pandemiya va takroriy ob-havo inqirozlari va mojarolar, jumladan, Ukrainadagi urush tufayli qo’shimcha 122 milliondan ortiq odam ocharchilikka duchor bo‘lmoqda”, — deyiladi BMTning besh ixtisoslashgan agentligi birlalikda tayyorlagan yangi hisobotda.

BMT ma'lumotiga ko'ra, dunyo bo'ylab jami 735 millionga yaqin odam ocharchilikka duch kelmoqda.

2023-yilning 10 ta eng og’ir insonparvarlik inqirozi Afg‘oniston, Ukraina, Yaman, Suriya, Gaiti, Burkina-Faso, Janubiy Sudan, Kongo, Efiopiya va Somalida yuz bergan. Yordamga muhtoj dunyo aholisining 90 foizi shu hududlarga to’g’ri keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG