“Garuda qalqoni” harbiy mashg’ulotlari 2009-yil AQSh va Indoneziya o’rtasida boshlangan. Qo’shma treninglarga yana bir necha mamlakat kuchlari qo’shilishi ortidan mashg’ulot nomi “Super Garuda qalqoni” nomini oldi. Ayni damda Hind-Tinch okeani mintaqasida eng yirik mashg’ulot sanaladi.
“14 kunlik mashg’ulotlarda olti mamlakat harbiylari, 11 mamlakat kuzatuvchilari qatnashmoqda”, - deydi Indoneziya Quriolli kuchlari admirali Yudo Margono.
Qo’shma harbiy operatsiyalarga AQSh va Indoneziyadan tashqari, Yaponiya, Avstraliya, Singapur va Britaniya qo’shinlari ham jalb etilgan.
“Super Garuda qalqoni” ko’lami avvalgi mashg’ulotlarnikidan ancha yirik. Raqobat tangligi va ehtimoliy konfliktlar tahdidi fonida treninga tobora ko’proq mamlakatlar qiziqish bildirmoqda. Operatsiyalar va harbiylararo muvofiqlikka erishish eng muhim maqsad”, - deydi AQSh generali Xaviyer Branson.
Indoneziya qo’mondonlarining ta’kidlashicha, missiyaning asosiy maqsadi mintaqada ikki va ko’p tomonlama hamkorlikni takomillashtirish. Biroq ayrim tahlilchilar nazdida, Hind-Tinch okeanida vaziyat taranglashgan bir paytda AQSh va uning ittifoqchilari ishtirokida mashg’ulot o’tkazilishi Xitoyga noxush signal yo’llamoqda.
“Ha, treninglar taranglik darajasini oshiradi. Zotan taranglik allaqachon yuqori darajaga yetgan. Biroq Xitoyning Indoneziyaga munosabatlari borasida katta o’zgarish yasamaydi”, - deydi ekspert Rafiq Dossaniy.
AQSh yaqin harbiy hamkorlik qilayotgan, janubi-sharqiy Osiyoda eng ko’p aholiga ega Indoneziya mintaqadagi geosiyosiy raqobatda biror tomonga og’ishi gumon.
“Qariyb 300 million aholiga ega Indoneziya har qanday davlat bilan hamkorlik uchun ochiq. Janubi Sharqiy Osiyoda yirik iqtisodiy va harbiy kuch sanalgan bu mamlakat raqobat maydonida tarafkashlik qilmaydi. Manfaatidan kelib chiqib AQSh, Yaponiya va Xitoy bilan ham hamkolrik qilaveradi”, - deydi ekspert Gregori Poling.
Jakartaga xos pragmatizm ifodasi sifatida, bu yilgi mashg’ulotlar otgan yil treninglaridan farqli ravishda, ayrim qismiga Xitoy da’vo qiladigan Natuna dengizida emas, Sharqiy Yava sohillari atrofida o’tmoqda. Mahg’ulotlat 13-sentabrga qadar davom etadi.