Breaking News

G’azo Sektoriga qo’shin kiritgan Isroil amaliyotlarini kengaytirmoqda


Isroil XAMASga qarshi amaliyotining keyingi bosqichi boshlangani haqida ma’lum qildi. Tanklar, zirhli buldozerlar G’azo Sektoriga kirgan.

Xalqaro hayot - 30-oktabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:19 0:00

"So’nggi bir kunda harbiy faoliyatimizni kengaytirdik, sektorga qo’shimcha askarlar kiritildi – piyoda qo’shinlari, zirhli korpuslar, jangovar muhandislik va artilleriya korpuslari. Havo hujumlarida binolarga yashirinib u yerdan yaqinlashayotgan kuchlarimizga hujum qilgan o’nlab terrorchi yo’q qilindi”, - dedi Isroil mudofaa kuchlarining so’zlovchisi kontr-admiral Daniel Hagari.

Isroil so’nggi kunlarda XAMASning 600 dan ortiq obyektlariga zarba berganini bildirmoqda.

G’azolik rasmiylar Isroil askarlari sektorga turli yo’nalishlardan kirayotganini ma’lum qiladi.

G'azoda o'lganlar bolalar soni 3450 dan oshib ketdi

7-oktabrdan beri Isroil hujumlarida G’azoda kamida 8300 odam o’lgan, qurbonlarning 3450 dan ziyodi bolalar. “Bolalarni asrang” tashkiloti G’azoda so’nggi uch haftada nobud bo’lgan bolalar soni dunyoda oxirgi 3 yil davomida barcha qurolli mojarolarda har bir yilda o’lgan bolalar sonidan ko’p ekanini ta’kidlaydi.

Masalan, 2022-yilda 24 mamlakatda 2985 ta bola, 2021-yilda esa 2515 ta, 2020-yilda 2674 ta bola o’lgan. 2019-yilda esa dunyo bo’ylab turli mojarolarda 4019 ta bola hayotdan bevaqt ketgan.

Bugun Isroil G’azo Sektorining Rafah shahriga hujum qilib, bir necha odamni o’ldirgan. Aholi vayron bo’lgan imoratlar ostidan odamlarni chiqarishga harakat qildi.

Parijda asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining tergovi 13-oktabrdagi hujumda “Reyter” axborot agentligining videojurnalisti Issam Abdulla Livan janubida Isroil o’qidan o’lganini tasdiqladi.

Falastinning Qizil Yarim oy jamiyatiga ko’ra, Isroil 14 ming odam jon saqlayotgan al-Quds kasalxonasi atrofini bombardimon qilgan.

Qo’shma Shtatlar Isroilni tinch aholi hayotini asrashga yana bir bor da’vat etdi.

“Har bir davlatga qurol uzatganda begunoh insonlar hayotini saqlashga chora ko’rish shartini qo’yamiz”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan.

7-oktabr kuni XAMAS jangchilari tomonidan o’g’irlangan odamlarning yaqinlari Isroil G’azoga qo’shin kiritsa, garovdagilarning hayoti xavf ostida qolishidan xavotir bildirdi.

XAMAS dushanba kuni tarqatgan videoda garovga olingan odamlar tasvirlangan. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu uni “shafqatsiz psixologik tashviqot” deb atadi.

AQSh armiyasining iste’fodagi generali Robert Abrams XAMASni yengish oson bo’lmasligini, bunga ko’p oy vaqt ketishini aytadi.

“Aholi zich yashovchi shahar sharoitida so’nggi yillarda tashkil etilgan himoya tizimi mustahkam bo’lib, uni yengish uchun juda qattiq jang qilishga to’g’ri keladi”, - deydi u.

General Abrams mojarodan keyin qanday siyosat yuritish kerakligi xususida ham fikr bildirdi.

“XAMAS Falastin davlatining yo’qligi sabab vujudga kelgan. Bu muammoni hal qilish kerak bo’ladi”, - deydi u.

Uylaridan ayrilib, chodirlarda yashayotgan g’azoliklar xalqaro hamjamiyatdan yetarlicha yordam olmayotganidan nolimoqda. Havo hujumlaridan qochgan minglab odam oziq-ovqat, ko’rpa-to’shak kamligini aytmoqda.

BMTning Gumanitar masalalar bo’yicha koordinatori idorasiga ko’ra, yakshanba kuni suv, oziq-ovqat, dori ortilgan 33 ta yuk mashinasi G’azoga kirgan. Tashkilot yordam ko’lami kamligiga e’tibor qaratarkan, odamlar gumanitar yordam yuki to’plangan omborlarni talon-taroj qilgan.

Isroil shimolda Livan bilan chegarasiga ham ko’z-quloq bo’lib turibdi, “Hizbulloh” harakati bilan o’q almashmoqda. Shimoli-sharqda esa Isroilga g’anim yana bir davlat – Suriya joylashgan.

Isroil armiyasi Suriyada bir nechta harbiy inshootga zarba berganini, Suriyadan kelgan hujumga javob qaytarganini ma’lum qildi.

Falastinga xayrixoh namoyishlar

Isroil G’azoga qo’shin kiritishi ketidan dunyo bo’ylab, jumladan G’arb davlatlarida Falastinga xayrixoh namoyishlar yanada avj olmoqda.

Yakshanba kuni Kanadaning Toronto shahrida ko’chaga chiqgan namoyishchilar G’azoda gumanitar sulh joriy etishga chaqirib, G’arb mamlakatlaridan Isroilni moliyalashni bas qilishni talab qildi. Namoyishda yahudiylar ham qatnashgan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Netanyaxuni terrorchi, Isroilni esa harbiy jinoyatchi deb atadi, G’arbni G’azodagi qatliomga aloqadorlikda aybladi. Bunga javoban Isroil Turkiyadan diplomatlarini chiqarib, Anqara bilan munosabatlar qayta ko’rib chiqilishini bildirdi.

Islomobod, Nyu-York, London va boshqa shaharlarda ham Falastinga xayrixoh namoyishlar o’tkazildi.

Britaniya Ichki ishlar vazirasi Suella Braverman bunday chiqishlarni Isroilni yo’q qilishga chaqiruvchi “adovat yurishlari” deb atadi.

Isroil va G’azoda ko’plab qurbon yerga qo’yilmagan

Iudaizmda ham islom dinida bo’lgani kabi mayitni yerga darhol qo’yish kerak. Biroq urush sharoitida bunga amal qilish oson bo’lmayotgani aytiladi.

XAMAS hujumida Isroil janubida 1400 dan ortiq odam, asosan tinch aholi o’lgan.

Yuzlab jasad hozir harbiy bazada saqlanmoqda. Mutaxassislar 300 ga yaqin qurbonning shaxsi aniqlanmaganini aytadi - ko’pi kuyib kulga aylangan, DNK tekshiruvisiz ularning kimligini bilib bo’lmaydi.

“Ayrim odamlarning qoldig’i bir kilodan oshmaydi, butunlay kuyib ketgan. Ba’zilari esa turli bo’laklarga bo’lingan”, - deydi Isroil Milliy sud ekspertizasi institutidan Chen Kugel.

G’azoda esa o’layotganlar soni isroilliklardan ancha ko’proq.

“Vayronalar ostida 1500 ga yaqin jasad borligini aytishyapti. Yarmidan ko’pi bolalar ekan. Ularni chiqarishga texnikamiz ojizlik qiladi. Ba’zi jasadlarga bir haftadan oshdi. Ularni ko’mish kerak, hurmatini joyiga qo’yish kerak”, - deydi G’azo ruhiy salomatlik dasturi direktori Yosur Abu Jamay.

Unga ko’ra, mayitni yuvish uchun suv taqchil, ko’p hollarda jasadlar yaxlit emas, o’lganlar ko’pligidan ularni alohida qabrga ko’mishning iloji yo’q.

Rossiya Dog’istondagi tartibsizliklarni tashqi kuchlardan ko’ryapti

Yakshanba kuni Dog’iston aeroportidagi tartibsizliklarda Kreml tashqi kuchlarni ayblamoqda. Tashqi ishlar vazirligi esa bunga Ukraina aloqador ekanini, soxta xabar tarqatish orqali milliy nizo keltirib chiqarishga harakat qilganini bildirdi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligiga ko’ra, Isroildan kelayotgan reysda yahudiy qochqinlar borligi haqida Telegram kanalida xabar tarqailishi ketidan G’azodagi hujumlar uchun Isroildan o’ch olish niyatida bo’lgan dog’istonliklar Maxachkala aeroportida yahudiylarni jazolamoqchi bo’lgan. Vaziyatga bir necha soat o’tib aralashgan politsiyachilar namoyishchilar bilan to’qnashib, bir posbon jon bergan, 60 kishi qo’lga olingan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Zaxarova tartibsizliklarga turtki bergani aytilayotgan “Utro Dagestan” Telegram kanali ortida Ukrainaga qochgan rossiyalik muxolifatchi Ilya Ponomaryov turganini da’vo qildi. Ponomaryov o’tmishda kanal uchun pul ajratganini tan olarkan endi unga aloqasi yo’qligini bugun aytdi.

Dog’iston Respublikasining rahbari Sergey Melikov tartibsizliklar oqibatida zarar ko’rgan Maxachkala aeropotini ko’zdan kechirdi.

Isroil Rossiya hukumatidan fuqarolari va rossiyalik yahudiylarni himoya qilishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG