Oziq-ovqat taqchilligi Somalini tanglik domiga tortgan. So’nggi kunlarda qayd etilgan shiddatli yog’ingarchilik ortidan boshlangan toshqin 113 ming aholini boshpanasiz qoldirgan.
Somalida o’tgan yil so’nggi 40 yildagi eng qurg’oqchil davr bo’ldi.
20-noyabr kuni London mezbonlik qilgan Global oziq-ovqat taqchilligi sammitida Somali prezidenti ham qatnashdi. Britaniya bosh vaziri Rishi Sunakning ta’kidlashicha, global moliya va hamkorlik oziq-ovqat taqchilligiga innovatsion yechim topishni tezlashtiradi.
“Toshqin va kasalga bardoshli guruch va bug’doy navlarini yaratish millionlar hayotini saqlab qoladi”, - dedi Sunak.
Bosh vazirga ko’ra, iqlim o’zgarishi, nizolar, COVID-19 pandemiyasi, Rossiyaning Ukrainaga bosqini taqchillikni kuchaytirdi.
Ekspertlar nazdida, yangi texnologiyalar global ocharchilikning yagona yechimi emas. Tahlilchi Stiv Viggins shunday fikrda.
“Global ocharchilikning yetakchi omillari qashshoqlik, tabaqalar o’rtasidagi bo’shliqning ortishi va muhtoj qatlamning himoyasiz qolishi bilan bog’liq. Asos e’tiborni shu muammolarga qaratish lozim. Texnologik taraqqiyot hayotni biroz yengillashtirishini ham inkor etib bo’lmaydi”, - deydi olim.
Xususan, Malida irrigatsiya uchun quyosh energiyasidan foydalanilmoqda.
“Dalalarga suv haydash uchun dizelga pul sarflash shart emas endi”, - deydi olim.
Tanqidchilarga ko’ra, texnologiyaga e’tibor asosiy muammolarni chetga surmoqda.
“Texnologik yechim qishloq xo’jaligi va ta’minot zanjirlari muammosini hal etadi xolos. Biroq ocharchilik zamiridagi asos muammo iqtisodiy tengsizlik bilan bog’liq. Oddiy yechim odamlarga yo oziq-ovqat yo pul berish bo’lishi mumkin”, - deydi Taraqqiyot bo'yicha tadqiqotlar instituti olimi Nik Nisbet.
Londonda sammit o’tar ekan, tashqarida Falastin tarafdorlari G’azoda yuzaga kelgan gumanitar inqirozga e’tibor qaratish talabi bilan chiqdi. BMT bayonotiga ko’ra, sektorda oziq-ovqat va suv zaxirasi tugash arafasida. Isroil esa G’azoga gumanitar yordam kirishiga hanuz to’sqinlik qilmoqda.