Breaking News

AQSh sobiq birinchi xonimi Rozalin Karter bilan vidolashdi


Nyu-York, 1980-yilning 13-avgusti: AQSh Prezidenti Jimmi Karter va rafiqasi Rozalin Karter Demokratik partiya tadbirida. O'sha yili Karter Oq uyni respublikachi Ronald Reyganga boy bergan.
Nyu-York, 1980-yilning 13-avgusti: AQSh Prezidenti Jimmi Karter va rafiqasi Rozalin Karter Demokratik partiya tadbirida. O'sha yili Karter Oq uyni respublikachi Ronald Reyganga boy bergan.

Oq uyda bayroqlar tushirilgan. AQSh bo'ylab motam kayfiyati. 26-noyabr kuni mamlakat o'zining sobiq birinchi xonimi Rozalin Karterdan ayrildi.

Karter xonim 96 yoshda edi. Go'zal, mashaqqatli, sarguzashtlarga boy bir umr poyoniga yetdi.

Uning 77 yillik umr yo'ldoshi, AQShni 1977-1981 yillarda boshqargan Jimmi Karter 99 yoshda va rafiqasining motam marosimiga bosh-qosh.

Rozalin anchadan beri xotirasini yo'qotgan edi va bir necha oydirki, to'shakka bog'lanib qolgan edi.

Karter bir muddatgina prezident bo'lgan. Oq uydan keyingi hayotida xalqaro maydonda o'ta faolligi, tinchlikparvar va insonparvar tashabbuslari, oddiy amerikaliklar qatorida yashashi, dabdaba va zodagonlarga xos turmush tarzidan uzoqligi bilan ajralib turadi.

Rozalin Karter Amerika siyosatida hali ayollar ko'rinmayotgan paytda Oq uydagi majlislarda o'tirar, prezidentning eng yaqin maslakdoshi sifatida tanilgan edi. Jimmi Karterning siyosiy xatolari va qoqilishlarida uning rafiqasini ham ayblashgan paytlar bo'lgan.

Chunki, deydi siyosatdonlar, ular haqiqiy juftlik edi - ajralmas, bir-birini ardoqlaydigan, bir-biriga suyanadigan, e'tiqodi va vijdoni bir insonlar.

Rozalin Karterning tobuti, Atlanta, 28-noyabr, 2023
Rozalin Karterning tobuti, Atlanta, 28-noyabr, 2023

Oq uyda o'sha paytda ishlagan arboblar ularni "er-xotin prezidentlar" deb atashgan.

"Rozalin - mening chin do'stim. Mening mukammal qismim, hayotimda eng kuchli ta'sirga ega inson", - der edi Karter.

Ko'plar nazarida aslida Rozalin prezidentlikka loyiqroq shaxs edi, mafkuraviy va amaliy jihatdan. Prezidentga aytilishdan oldin takliflar Rozalinga ko'rsatilar edi.

Jurnalistlar bilan yumshoq, lekin burro muloqotlari sabab unga "temir magnoliya" deb laqab qo'yishgan edi. Janubdan chiqqani, unga xos aksentda gapirishi bois janubiy gulga o'xshatishar edi uni.

1980-yildagi prezident saylovida Karter qayta saylana olmadi. Oila uchun o'gir damlar bo'lgan. Lekin Karterlar yana siyosiy maydonga qaytganida va bu safar demokratik faollar va sahovatpesha insonlar sifatida, Amerika ularni olqishlagan.

Ular dunyo bo'ylab erkinlik va inson huquqlarini targ'ib qildi. Diktaturalar va zulmga qarshi kurash olib borishdi.

Karterlar - dindor nasroniylar. Oq uyda ham ular paytida spirtli ichimliklar cheklangan edi. Cherkov va ibodat ular hayotidagi birlamchi omillardan biri edi.

Jimmi va Rozalin Karter, Atlanta, 30-sentabr, 2018
Jimmi va Rozalin Karter, Atlanta, 30-sentabr, 2018

Rozalin nafaqaxo'rlarning muammolariga e'tibor qaratgan. Mediani u loqaydlikda, ommabop mavzularni yopishib, real masalalarga ko'z yumganlikda ayblab kelgan.

Ruhiy salomatlik, sog'liqni saqlash, tibbiyot tizimi Karter xonim uchun doimo dolzarb mavzular edi.

Oq uydan keyin er-xotin yana janubga qaytishdi, Jorjiya shtatiga. Farzandlari tug'ilgan, tanishib oila qurishgan joylarga.

Atlanta shahrida ular Karter markazini ochishdi va bu fondga tayanib, global loyihalarni yo'lga qo'yishdi. Ular hamon davom etmoqda va keng qanot yozgan.

Jimmi Karter va rafiqasi yillar davomida turli xastaliklar bilan olishdi. Yura olmay qolishgan damlar bo'ldi, og'ir amliyotlarni boshdan kechirishdi. Lekin bu juflik hamisha oyoqqa tura oldi.

Endilikda yolg'iz Jimmi Karter 100 yoshga yaqinlashar ekan, aravachada yuribdi.

Karter - Amerika tarixida eng uzoq umr ko'rgan prezident. Rozalin bu borada ikkinchi, chunki yana bir sobiq prezidentning rafiqasi Bess Truman 97 yoshgacha yashagan.

77 yillik hayot - Rozalin va Jimmi Karter
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:10 0:00

Rozalin 1927-yilning 18-avgustida Jorjiya shtatining Pleyns shaharchasida dunyoga kelgan. To'rt boladan birinchisi. Otasidan yosh ayrilgan qiz jigarlarini katta qilgan. Yetishmovchilikda, qattiq mehnatda ulg'aygan.

Jimmi Rozalinning dugonasining akasi edi. Oilalar bir-birini yaqindan tanir edi.

1946-yilda oila qurishdi. Har ikkalasi bu paytgacha oliy ma'lumotli edi.

To'rt farzand ko'rishdi - uch og'il va bir qiz. Karterlarning 11 nevarasi va 14 evarasi bor.

Jimmi harbiy edi, shu bois oila dunyo kezgan. Keyinroq u otasidan qolgan qishloq xo'jaligi biznesi bilan shug'ullandi. Ko'p o'tmay esa siyosatga kirdi.

Rozalin Karter mumtoz musiqa, cherkov ohanglari va Bibliya qiroati ostida dafn etildi.

Motam marosimida hozirgi prezident va rafiqasi, sobiq prezidentlar va ularning umr yo'ldoshlari ishtirok edi. Atlantaga Karter xonim bilan vidolashish uchun jahonning turli qismlaridan mehmonlar keldi.

Jimmi Karter kim bilan gaplashmasin, bu dunyodagi kunlari sanoqli ekani va yaqin kelajakda Rozalin bilan birga bo'lishini aytmoqda. "Abadiy yo'ldoshim", deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG