Breaking News

Ukrainalik qochqinlarni qabul qilgan davlatlarga yordam kerak


Moldova: Ukrainalik qochqinlarga yordam kamaymoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:19 0:00

Rossiya-Ukraina urushi millionlab ukrainaliklarni qochqinga aylantirdi. Polsha, Moldova kabi qo’shni davlatlar qochqinlarga yordam qo’lini cho’zdi. Lekin donor tashkilotlar Moldovani asta-sekin tark etmoqda.

Vera Rashkovskaya - ukrainalik. Hozir Moldovada. Urush boshlangandan so’ng uch opa-singil - Vera, Nadya va Lyubovlar qizlari va nevaralari bilan mamlakatni tark etishdi. Aka-uka va o'g'illari esa Odessada qolishdi.

Ular hozir Moldova poytaxti Kishinyovda autizm sindromli bolalar uchun mo’ljallangan maktabda yashamoqda. Hukumat maktabni qochqinlar uchun bo’shatib bergan. Veraning aytishicha, Moldova qochqinlarga ko’p yordam berdi.

“Pnevmoniya bilan kasallanib, kasalxonaga tushdim. Hamma narsa bepul bo’ldi, bir tiyin ham to'lamadim. Hamshiralarga hech bo’lmasa shokolad bermoqchi edim, olishmadi”, - deydi qochqin.

Qizi Marina boshqa ukrainalik qochqinlarni tez-tez uchratishini aytadi. Vatanimizni sog’inamiz, deydi ular.

“Dilimiz og’riydi albatta. Shuncha yil yashaganman u yerda. Shu yoshimda qochishimga to’g’ri keldi. Lekin odamlar bizni bu yerda juda iliq kutib olishdi. Yaxshi odamlarni uchratdik bu yerda, qarindoshday", - deydi ayol.

Urush boshlangandan so’ng bir yarim million ukrainaliklar qo‘shni Moldovaga qochgan.

Ichki ishlar vaziri Adrian Efros urush boshlanganida Moldovada inqirozni boshqarish markaziga rahbarlik qilgan.

“Qochqinlarning bunday katta oqimiga hech kim tayyor emas edi. Muammo faqat ichkariga kiritishda emas, keyin nima qilish kerakligida. Ularga boshpana kerak, oziq-ovqat va hokazo”, - deydi rasmiy.

Keyingi vaqtlarda Moldovada qochqinlar soni asta-sekin kamaydi. Hozir mamlakatda 100 mingga yaqin ukrainalik qochqin bor. Bu Moldova aholisining qariyb 5 foizi degani.

“Talab hali ham yuqori. Bizda Yevropa mamlakatlariga o’tuvchi muhojirlar keldi-kettisi bor”, - deydi Efros.

Moldova bo'ylab o'nlab qochqinlar markazlari ochilgan. Moldova Yevropaning eng kambag’al mamlakatlaridan biri. Shu bilan birga, jon boshiga eng ko'p ukrainalik qochqinlarni qabul qilgan mamlakatlardan ham biri.

“Moldova Tinchlik uchun” notijorat tashkiloti kinostudiyadan ukrainaliklarga gumanitar yordam tarqatish markazi sifatida foydalanmoqda.

“Odamlar Moldovada qochqinlar qolmadi deb o’ylashyapti. Lekin unday emas. Chunki ukrainalik qochqinlar allaqachon jamiyatga singib ketdi. Ish, uy-joylari bor. Endi qochqin topishingiz qiyin”, - deydi tashkilot vakili Tudor Arnot.

O’tgan yili omborda qochqinlarga issiq kiyimlar tarqatishgan. Lekin bu yil omborga ehtiyoj qolmasligi mumkin. Chunki, deydi u, donorlar mamlakatdan asta-sekin chiqib ketmoqda, kiyim-kechaklar zaxirasi ham tugab boryapti.

"Yirik donorlar allaqachon Moldovani tark etishmoqda. Omborni ushlab turishga sabab bo’luvchi donorlarni topish qiyin endi”, - deydi u.

AQShning Moldovadagi elchisi Kent Logsdon yordamni kamaytirmaslik kerakligini aytadi. Xalqaro hamjamiyatni ham shunga da’vat etadi.

“Biz Moldovaga qochqinlarga g‘amxo‘rlik qilish uchun yordam berishga tayyormiz. Qo‘shma Shtatlar 123 million dollarga yaqin mablag‘ ajratdi, xususan, Moldovadagi qochqinlarga yordam berishda xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun”, - deydi Logsdon.

Bu maktabdagi ukrainalik qochqinlar urush tugaganida vataniga qaytishini aytadi. Lekin urush qachon tamom bo’ladi, hech kim bilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG