O’tgan oy xusiylarning raketa zarbasi nishoniga aylangan “Rubimar” tijoriy kemasi Qizil dengiz tubiga g’arq bo’lmoqda.
Rubimar xusiylar cho’ktirishga muvaffaq bo’lgan ilk kema. Biroq ular o’ndan ziyod kemaga zarar yetkazib, bir kema bortida ham hujum uyushtirgan.
“Iqtisodiy va diplomatik inqiroz avjida ekan, negadir Xitoydan darak yo’q”, - deydi AQSh senatori Todd Yang.
AQSh va Britaniya kuchlari tijoriy kemalarga zarba berayotgan xusiylarning qurol va radarlarini yo’q qilish uchun ko’plab hujumlarni amalga oshirdi. AQSh Senatida o’tgan hafta maxsus tinglov o’tdi.
“Bizning erkagu ayol harbiylarimiz xavf ostida kurashmoqda. Qizil dengiz savdo marshrutining yopilishidan eng katta zarar ko’radigan Xitoy bir chetda tomoshabinlik qilmoqda”, - deydi senator Mitt Romni.
“Ayyorlik guvohi bo’layapmiz. Buni qabul qilib bo’lmaydi. Xalqaro yechim kutayotgan xalqaro muammoni hal etishda Xitoy faolroq ishtirok etishi lozim”, - deydi diplomat Tim Lenderking.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi “Amerika Ovozi”ga “Xitoy xalqaro yuk marshrutlari xavfsizligini ta’minlash uchun barcha tomonlar bilan ishlashga tayyor”ligini bildirdi.
Xitoy 21-fevral kuni 46-flotini mintaqaga yo’llaganini bildirgan. Biroq “Amerika Ovozi” flotning Qizil dengizga yetib borganini tasdiqlay olmadi.
“Xitoyning faol ishtiroki uchun ochiqmiz. Biroq joriy bosqichda Xitoy na biror taklif bildirdi, na xalqaro qatnov xavfsizligi uchun bosh qo’shdi”, - deydi Pentagon vakili Pet Rayder.
Tahlilchilarning ogohlantirishicha, Xitoy so’nggi o’n yillikda juda oz xalqaro muammolar yechimiga bosh qo’shgan va har doim ham o’zgalar manfaatiga xizmat qilmagan.
“Xitoy AQShning raketa va dronlarga qarshi tizimiga doir razvedka ma’lumotini to’plash uchun kemalarini yo’llagan bo’lishi mumkin. Xitoy kichik yordam bilan cheklanib, asosan, AQShning harbiy salohiyatini o’rganishga urinadi deb o’ylayman”, - deydi ekspert Maykl O'Xanlon.
Eron neftining yirik xaridori sifatida Xitoy mintaqada ta’sir kuchiga ega. Biroq Eron dastagi bilan kemalarga hujum qilayotgan xusiylarni to’xtatish missiyasiga qo’shilmagan.
Xusiylar Xitoy va Rossiya kemalari Qizil dengizdan xavfsiz o’tishi mumkinligini aytgan. Biroq yil boshida Rossiya nefti ortilgan kemaga raketa hujumini amalga oshirgan.