Breaking News

G’azoda sulhga chaqiruvchi hujjat BMTda yana AQSh e’tiroziga uchradi


Bugun BMT Xavfsizlik Kengashida G’azoda sulhga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasi ovozga qo’yildi. Uni Jazoir taklif etgan. Kengashning doimiy a’zolaridan biri Qo’shma Shtatlar Isroil kabi sulhga qarshi. Dushanba kuni AQSh harbiy harakatlarda olti haftalik tanaffusni taklif etuvchi qarshi rezolyutsiya loyihasini taqdim etgan.

Xalqaro hayot - 20-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:21 0:00

Ushbu hujjatda Isroilning Rafahga qo’shin kiritish rejasiga e’tiroz bildiriladi. Isroil XAMAS jangarilari Rafahga qochganini va hatto rahbarining yerosti tunneli orqali qo’shni Misrga qochganini da’vo qilarkan, qo’shin kiritish muhimligini ta’kidlamoqda. AQSh, BMT va boshqa mamlakatlar shunday bo’lgan taqdirda oddiy aholi jabr ko’rishi haqida ogohlantirmoqda.

AQSh taklif etgan hujjat qachon ovozga qo’yilishi noma’lum. Veto huquqiga ega Amerikaning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Jazoir muallifligidagi rezolyutsiya loyihasiga qarshi ovoz berishini ma’lum qildi va shunday bo’ldi ham. Hujjatga qarshi yolg’iz AQSh ovoz berdi, 13 a’zo uni qo’llab-quvvatladi, Britaniya betaraf bo’ldi.

Qizil dengizda xusiylarning kemalarga hujumlari to’xtamayapti

Bu o’rtada yamanlik xusiylar Qizil dengizda AQSh va Britaniyaga qarashli kemalarni nishonga olishda davom etmoqda. Yakshanba kuni Britaniyaning “Rubymar” tijoriy kemasi Bab al-Mandab bo’g’ozida xusiylar hujumida jiddiy zarar ko’rgani aytilmoqda. Qizil dengizda AQShning ikkita kemasiga ham zarba berilgan. Bundan tashqari, dushanba kuni xusiylar dengiz bo’yidagi Xudayda shahri yaqinida AQShning “Reaper” razvedkachi dronini urib tushirgan. Pentagon voqeani tergov qilmoqda.

Germaniya kemalarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan amaliyot doirasida Qizil dengizga o’z fregatini yubormoqchi. Kema Gretsiyaning Krit orolidan yo’lga chiqadi. Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius bugun Gretsiyada.

"Qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni, xalqaro qonunni, dengiz xavfsizligi va navigatsiya erkinligini himoya qilishdan boshqa vazifamiz yo’q”, - dedi u.

Juma kuni parlament german harbiy kemalarining Qizil dengizdagi amaliyot bo’yicha ishtiroki yuzasidan ovoz berishi kutilmoqda. Amaliyotga Yevropa Ittifoqi bosh bo’ladi.

“Gessen” fregati havo mudofaasi tizimi, radarlar hamda ballistik va dronlarni urib tushirish uchun raketalar bilan jihozlangan. Kema xusiylarga qarshi hujumlarda qatnashmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG