Xitoy parlamenti dushanba kuni yakunlagan syezd Si Zinpin hokimiyati kuchayib borayotganidan darak berdi. Xalq vakillari partiyaga so’zsiz itoatda. Kiritilgan takliflarga qarshilar yo’q hisob. Syezdda debat va fikrlar xilma-xilligiga o’rin yo’q.
Bir hafta davom etgan syezd puxta ishlab chiqilgan reja asosida o’tdi. Amalda, bu kutilmagan yangilik emas. Biroq syezdning e’tiborga molik jihati Si Zinpin va Kommunistik partiya hukumat ustidan nazoratni sezilarli darajada kengaytirgani bilan bog’liq.
Syezd yopilishida partiyaning hukumat kabineti ustidan nazoratni kuchaytirishga doir taklifini 2883 delegat ma’qulladi, 8 delegat qarshi ovoz berdi.
Kabinetni Bosh vazir Li Chiang boshqaradi. Vakolati qisqargan rasmiyning yillik matbuot anjumani ham bekor qilingan.
“Bosh vazir hukumatda tobora muvofiqlashtiruvchi rolni bajarib kelayotgan edi. Janob Li’da vakolat bo’lmagandan keyin qator sohalar bo’yicha masalalarni ko’tara olmaydi”, - deydi Chikago universiteti professori Dali Yan.
Vakolatlarini kengaytirayotgan Si Zinpin Xitoyni cheklanmagan muddat bilan boshqaradigan ko’rinadi. Iqtisodiy o’sish sekinlashar ekan, u e’tiborni milliy xavfsizlikka qaratmoqda.
“Ish o’rinlari kamayar ekan, ko’plab fuqarolarning e’tirozi kuchayishi tabiiy. Bunday sharoitda partiya rahbariyati ierarxiyasi bo’ylab barcha amaldorlar muammolarni teran idrok etib, barqarorlikni saqlashga intiladi”, - deydi professor Yan.
Delegatlar hafta mobaynida partiya boshqaruviga tahdid uchun jazolarni kengaytirishga doir qator choralarni qabul qildi.
Pekin “jamoatchilik demokratiyasi” deb ataydigan bu jarayon yakka shaxs tomonidan boshqariladi.