Breaking News

Ramazon oyida Xitoy musulmonlari ustidan nazorat kuchaytirildi


Butun dunyodagi musulmonlar uchun Ramazon ro'za tutish, namoz o'qish, xayriya ishlari va jamoat yordamini ko'rsatish vaqtidir. Lekin Xitoyda musulmonlar bu oy yangi cheklovlar bilan yuzlashayotgani xabar qilinmoqda.

Hui musulmonlari Xitoyning turkiyzabon uyg‘urlardan keyingi ikkinchi eng katta musulmon jamoasi bo‘lib, ular soni 10 milliondan ortiq ekani aytiladi.

Ramazon boshlanganidan bir kun o‘tib, janubi-g‘arbiy Yunnan provinsiyasidagi Yuxi munisipal hukumati partiya qoʻmitalari, hukumatlar va barcha darajadagi taʼlim boʻlimlari xodimlari, Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) musulmon aʼzolari hamda voyaga yetmaganlarning roʻza tutish kabi diniy tadbirlarda qatnashishlarini har tomonlama tekshirish va qatʼiy taqiqlash haqida xabar tarqatdi.

Hujjatda ro'za tutish islomning diniy odatlaridan biri ekanligi ta'kidlangan bo'lsa-da, unda siyosiy tartib-intizomni saqlash uchun partiya a'zolari qat'iy marksistik ateist bo'lishlari lozimligi aytilib, ularga diniy faoliyatda qatnashish taqiqlangani qo'shimcha qilinadi.

Hujjatda ta’lim va dinni bir-biridan ajratish tamoyiliga alohida e’tibor qaratilib, maktablar va o‘quv muassasalarida voyaga yetmaganlarning diniy faoliyatda ishtirok etishi uchun xizmat ko‘rsatish qat’iyan man etilishi qayd etilgan. Shuningdek, cheklovlarni buzgan shaxslar yoki tashkilotlar qattiq jazolanishi aytiladi.

“Hozir bolalarga maktablarda ro‘za tutish taqiqlangan, Yuxi esa bu e’lon talablarini amalga oshirishni boshladi”, - dedi familiyasi Na ismli musulmon “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Na xavfsizlik nuqtai nazaridan o'zining to'liq ismini aytmadi.

"Ikki kun oldin men Tonxayga borib, mahalliy aholi bilan gaplashdim. Masjid tekshiruv ostida emas, Faqat maktablarda bolalarga ro'za tutmaslik va ro'za tutsa, qanday jazoga duchor bo'lishlarini aytishgan. Ulardan oila a'zolaridan kimlar ro'za tutganini kuzatib borish ham so’ralgan”, - deydi u.

Yuxi shahridagi davlat boshlang‘ich maktablarida ham quyi sinf o‘quvchilari orasida so‘rovnoma o‘tkazib, oilada kimdir ro‘za tutadimi yoki namoz o‘qiydimi, deb so‘rashgan.

Yunnandagi Vang familiyati musulmonning aytishicha, mahalliy hukumat Ramazon boshlanganidan beri nazoratni kuchaytirgan. U ishtirok etgan oldingi partiya yig'ilishlarida rahbarlar partiya a'zolari namoz o'qimasligi kerakligini ta'kidlagan.

Kornel universitetining Xitoy musulmonlarini o‘rganuvchi tadqiqotchisi Ruslan Yusupovning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, bu xabar Xitoy Islom uyushmasi tomonidan chiqarilgan avvalgi milliy hujjat bilan bog‘liq. Bu, shuningdek, Xitoy hukumati butun mamlakat bo'ylab diniy erkinlikni cheklashni davom ettirayotganidan dalolat beradi.

"Si Zinpin lavozimida bo'lgunga qadar ro'za tutish etnik odat sifatida ko'rilgan va unga ma'lum erkinlik bilan ruxsat berilgan, - dedi u. - Hatto kommunistik partiya a'zolari va amaldorlari orasida ham ko'pchilik ro'za tutgan. Si davrida bu diniy faoliyat hisoblanib, tobora cheklanib bormoqda”.

Avstraliya Milliy Universitetining islomshunos olimi Muhammad Alsudairi bildirishnomaning amalga oshirilishi musulmon jamoalariga nisbatan zulm va chetlanishning kuchayishiga olib kelishi, ijtimoiy keskinlikni kuchaytirishi hamda Xitoy jamiyatining uyg‘unligi va barqarorligiga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirda.

"Xabarda XKP a'zolari o'zlarining ateistik pozitsiyasini mustahkamlashlari va diniy faoliyatda ishtirok etishlari qat'iyan man etilishiga urg'u beriladi, - dedi Alsudairi. - Bu Xitoy hukumati diniy boshqaruvni siyosiy nazorat doirasiga olib kirishga va hukumatni kuchaytirishga harakat qilayotganini ko'rsatadi”.

Yuxi hukumatining bu harakati yagona hodisa emas. Xenan provinsiyasidagi Chjouku, Luoyang, Jumadiyan, Jiaozuo kabi hududlarda voyaga yetmaganlarning masjidlarga kirishi taqiqlangani haqida xabarlar olingan. Ba'zi masjidlarda eshik oldida voyaga yetmaganlarning kirishini taqiqlovchi belgilar osib qo'yilgan.

"XKP a'zolariga namozga borish uchun masjidlarga kirish taqiqlanganligi haqidagi qoida ko'p yillardan beri amalda, - deydi mahalliy hukumatning musulmon xodimi. - Gansu provinsiyasi KXP a'zolaridan ro'za tutmaslikni talab qiluvchi tegishli hujjatlarni chiqarmagan. Lekin Shinjonda musulmonlarning nazorat ostida ovqatlanishini ta'minlash uchun musulmonlarning muqaddas Ramazon oyida tushlik uyushtirilgan".

O‘tgan noyabrda “Human Rights Watch” tashkiloti Shinjondagi uyg‘urlar va boshqa turkiy musulmonlar qatnaydigan masjidlarning uchdan ikki qismi yo’q qilinganidan so‘ng, Xitoy hukumati aholisi ko‘p bo‘lgan Ningxia va Gansu kabi provinsiyalarda masjidlar sonini sezilarli darajada qisqartirishga harakat qilganini xabar qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG