Nyu-York sudi 30-may kuni AQShning sobiq rahbari, ayni damda prezidentlik uchun respublikachi nomzod Donald Trampni 34 noqonuniy harakatni amalga oshirgan, deb topdi.
"Aybdor" degan hukm sud hay'atining ikki kunlik muhokamasi ketidan chiqdi. 12 kishidan iborat guruhga ko'ra, 77 yoshli Tramp 2016-yildagi saylov pallasida qator jinoyatlarga qo'l urgan.
Amerika tarixida biror prezident shu kungacha jinoyatchi deb topilmagan.
Bu sud ishi va boshqa shtatlardagi qator jinoiy tergov va ayblovlarga qaramasdan, Tramp saylov kampaniyasini davom ettirmoqda va poygadan chiqmoqchi emas.
Biroq bugungi hukm natijasida u shartli jazoga tortilishi yoki to'rt yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Sud jazoni 11-iyulda chiqaradi. 15-iyulda respublikachilarning saylovoldi qurultoyi bo'ladi. Unda Tramp partiyaning Oq uyga nomzodi deya rasman e'lon qilinadi.
Trampnig advokati Todd Blansh suddan hukmni bekor qilishni so'ragan, sudya darhol rad etgan. Sudlanuvchi yuqori sudga shikoyat qilish harakatida.
Sudda o'tirib hukmni eshitgan Tramp hech narsa demagan. Tashqariga chiqqach, muxbirlarga qarata o'zini oqlash uchun kurashni davom ettirishini aytgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, Tramp o'zini huquqlarini asossiz poymol etilayotgan shaxs deb biladi. Uningcha, unga tuhmat qilingan va dushmanlarining maqsadi uni Oq uy uchun poygadan va umuman siyosatdan chiqarishdir.
Tramp saylov kampaniyasiga ko'ra, nomzod - "siyosiy mahbus". Kampaniya tarafdorlardan jim turmaslikni, Trampni qutqarish uchun uyushgan holda adolat talab qilishni so'ramoqda.
Tramp sudni liberal rahbariyatning o'yinchog'i deya qoralagan. Tarafdorlarini u demokrat Jo Bayden qayta saylanmasligi uchun jon-jahdi bilan faollik ko'rsatishga undamoqda.
"Donald Tramp qonunbuzarligi uchun hech qachon javob bermayman deb o'ylab keldi", - deya bayon qildi Bayden kampaniyasi.
"Amerikaliklar oldidagi tanlov oddiy va aniq. Donald Tramp Oq uyga saylanmasligi uchun ovoz berish. Sudlanganiga qaramasdan Tramp respublikachilarning nomzodidir".
Tramp apellyatsion sudga murojaat qilib, kampaniyani avj oldirish ilinjida. Sud va aybdor degan hukm uni qonunan bu imkoniyatdan uzoqlashtirmaydi.
Prezidentlikka saylansa, u o'zini afv eta olmaydi, chunki hukm shtat darajasida chiqqan, federal emas.
Trampni yana uch sudlov kutmoqda, jumladan 2020-yildagi saylov natijasini o'zgartirishga uringanlik kabi ayblovlar yuzasidan. Lekin bu jarayonlar bo'yicha qaror saylovgacha chiqishi kutilmaydi, chunki advokatlar va prokurorlar orasida yuridik chigalliklar bor.
Trampni bu sudga yetaklagan omil - 2016-yilgi saylov oldidan pornografiya yulduzi Stormi Danielsga u bilan aloqasini yashirish uchun 130 ming dollar bergani.
Tramp bu ayol bilan biror munosabatda bo'lmaganini aytib keladi. Lekin sudda Daniels ham, unga pulni yetkazgan yurist Maykl Koen guvohlik berib, bu ishlarni tan olgan.
Saylov kampaniyasi hujjatlarida Danielsga uzatilgan pora Koenga to'langan maosh sifatida ko'rsatilgan.
34 ayblovdan 11 tasi aynan mana shu to'lov bilan bog'liq. 12 ayblov hujjatlardagi yolg'onlar, qolgan 11 ayblov esa Koenga buning uchun berilgan cheklar. Ularning 9 tasida Trampning shaxsiy imzosi bor.
Trampning advokatlari sudlov davomida Koenni Danielsga o'zi xohlab pul bergan, ayblanuvchi bu haqda bilmagan, deb keldi.