Breaking News

Yaponiya Markaziy Osiyo bilan aloqalarni kuchaytirmoqchimi?


Yaponiya va Markaziy Osiyo rasmiylari Tokioda o'tgan anjumanda, 2012-yil, 9-noyabr
Yaponiya va Markaziy Osiyo rasmiylari Tokioda o'tgan anjumanda, 2012-yil, 9-noyabr

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida oltinchi maslahatlashuv yig‘inini o’tkazdi.

Tadbirda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog’iston rahbarlari ishtirok etdi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham mehmon sifatida taklif qilindi.

Anjuman mezboni, Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo'mart To'qayev qo’shnilarni mintaqaviy hamkorlik va o’zaro savdo hajmini kuchaytirishga, shuningdek, suv kabi umumiy resurslarni birgalikda baham ko’rishga chaqirdi.

Anjuman doirasida, shuningdek, Ostonada “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti o’tishi kutilgan edi. Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida Yaponiyada kuchli zilzila yuz berishiga oid xavflar paydo bo’lishi ortidan Markaziy Osiyoga belgilangan safarini bekor qildi.

Mutaxassislarning aytishicha, Markaziy Osiyoning tabiiy boyliklari, uning savdo va xavfsizlikdagi strategik roli jahon davlatlari qiziqishini uyg‘otar ekan, Yaponiya, asosan, Rossiya va Xitoy faol bo’lgan mintaqaga savdo va boshqaruvning muqobil modellarini taklif qilishga urinmoqda.

Ammo Tokioning bu faolligi Kremlga xush kelayotgani yo’q. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova Tokio boshchiligida rejalangan bu sammitni “Yaponiyaning Markaziy Osiyoga kirib borishga urinishi” deya tanqid qilib, bunga o'z e'tirozini bildirdi.

“Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz oʻzlarining donoligi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻlidagi yondashuvlarimizni Gʻarb lagerining mintaqani neokoloniya darajasiga tushirish rejalaridan ajrata olishlariga shubhamiz yoʻq”, deb yozdi u.

“Siyosiy risk” jurnali noshiri Anders Korrning aytishicha, Yaponiyaning Markaziy Osiyo bilan o’tkazadigan sammiti mintaqada demokratik ta’sirni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan ijobiy voqea.

“Sammit Yaponiya diplomatiyasi va bizneslarini mintaqaga olib kirishga qaratilgan, bu esa iqtisodiy imtiyozlar orqali demokratik ta’sir o’tkazishga yordam beradi”, - dedi Korr “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Korrga ko’ra, demokratik davlatlar avtoritarizm va inson huquqlari buzilishiga qarshi kurashga qaratilgan bizneslarni rag'batlantirish va sanksiyalar kombinatsiyasi orqali mintaqadagi har qanday yutuqlarni mustahkamlashi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG