Breaking News

Tramp va Harrisning iqtisodiy qarashlari qanday?


Tramp va Xarrisning iqtisodiy siyosati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00

AQSh Vitse-prezidenti Kamala Harris va sobiq prezident Donald Tramp mamlakat uchun iqtisodiy qarashlarini bayon qilib, inflyatsiyani jilovlashga va choychaqa uchun soliq olmaslikka va'da berdi. Noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari oldidan amerikaliklarga har ikki g‘oya ham ma’qul bo‘lsa-da, ekspertlarning aytishicha, ularni amalga oshirish unchalik oson emas.

Amerikalik saylovchilar, demokratlar va respublikachilar yakdil bo’lgan ehtimol yagona masala bor: bu inflyatsiya.

“Narxlar 25 sentga, 50 sentga oshib borayotganini ko'ryapman. Ko’p narsani hamyoningiz ko’tarishi qiyin", - deydi Jeyms Rassel ismli saylovchi.

Noyabrdagi saylovlar oldidan ikki raqib – Vitse-prezident Kamala Harris va sobiq prezident Donald Tramp asosiy e’tiborni inflyatsiyaga qaratmoqda.

"Prezidentlikka saylansam, xarajatlarni kamaytirish va barcha amerikaliklar uchun iqtisodiy xavfsizlikni oshirish ustuvor vazifam bo’ladi”, - deydi Kamala Harris.

“Kamala Harris va egri Jo davrida Tramp ma’muriyati davridagidan ko‘ra o’zini boyroq his qiladigan odam bormi? Kamala Harris va egri Jo davrida qimmatlashmagan narsa bormi?” – deya so’raydi Donald Tramp.

Oziq-ovqat narxlarini qasddan oshirishni taqiqlashga chaqirgan Harris, ayniqsa, go'sht sanoatini alohida tilga oldi.

Tramp esa neft va gaz qazib olishni ko‘paytirish orqali narxlarga qarshi kurashishini aytmoqda.

"Prezident tomonidan kiritiladigan har qanday yagona siyosat inflyatsiyani hozirgi darajadan Markaziy bank xohlaydigan 2 foizlik darajaga tushira olishi juda dargumon", - deydi tahlilchi Endryu Lautz.

O'tgan oy AQShda yillik inflyatsiya 2021-yil mart oyidan beri birinchi marta 3 foizdan pastga tushdi, ammo amerikaliklar hali ham og'riqni his qilmoqda. Chakana savdo ko'rsatkichlari ijobiy, ishsizlik past va ko'plab iqtisodchilar tanazzul xavfi yo’qligini aytmoqda.

Shunga qaramay, iqtisodiyotning umumiy ahvoli saylovchilar va saylov kampaniyasi uchun eng asosiy masalaga aylangan.

“Biz bu layoqatsiz sotsialist telbaning yana to'rt yil davomida iqtisodiyotimizni buzishiga yo'l qo'ymaymiz. Bu bizning mamlakatimizni vayron qiladi”, - deydi Tramp.

“Mening rejamni Donald Trampniki bilan solishtiring. U milliarderlar uchun yildan-yilga soliqlarni kamaytirmoqchi va korporativ soliqlarni bir trillion dollardan ortiqqa qisqartirishni rejalashtirgan”, - deydi Harris.

Ikkala nomzod ham xizmat ko'rsatish sohasi ishchilari oladigan choychaqa soliqqa tortilmasligi haqida va'da berdi.

Tanqidchilarning aytishicha, bu taklif fast-fud tamaddixonalari yoki choychaqa olmaydigan boshqa kam ta'minlangan ishchilarga yordam bermaydi.

"Bundan oddiy mehnatkash odamlar foydalanishiga qanday ishonch hosil qila olamiz? Ba’zilar o’z bonuslari va boshqa daromadlarini choychaqa sifatida tasniflab, soliqdan qochishi ham mumkin", - deydi soliq bo’yicha ekspert Stiven Rozental.

Tramp avvalroq so’zovlarda iqtisodiy masalalar bo‘yicha Prezident Jo Baydendan oldinda edi.

Bayden nomzodlikni Harrisga topshirgach, tomonlarning imkoniyati tenglashdi. Kamida bir so’rovga ko’ra, saylovchilarning 42 foizi Harrisga, 41 foizi esa Trampga ko’proq ishonadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG