AQShda 2030-yilda bo’ladigan navbatdagi aholini ro'yxatga olish jarayonida ota-bobolari Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan bo’lgan amerikaliklar o’zlari uchun yangi demografik toifani belgilashi mumkin. O’zini Yaqin Sharq yoki Shimoliy Afrika xalqlariga mansub deb hisoblovchilar uchun MENA demografik guruhi joriy qilindi.
Kaliforniyaning Anaxaym shahridagi arablar mahallasida faollar o'ttiz yildan beri aholini ro'yxatga olish jarayonida o’z demografik toifasiga ega bo’lish uchun kurashib keladi.
Asli falastinlik amerikalik Aya Shiadaning aytishicha, federal formalarda o’z irqini "Oq" deb belgilash orqali u o’zini go’yoki Amerika jamiyatiga ko’rinmas tarzda singib ketayotgandek his qilgan.
"Men har doim o'zimni "Oqlar" katagiga sig'magandek his qilganman va shuning uchun doim osiyolik yoki boshqa demografik guruhni tanlashga harakat qilganman. Va nihoyat, biz ham ko'rinadigan bo’lyapmiz, falastinlik, arab bo'lish normal holatga aylanyapti", - deydi u.
MENA guruhi qariyb 30 xil kelib chiqishni o'z ichiga oladi, deydi Arab Amerika fuqarolik kengashi vakili Amin Nesh.
“U Eron, Iroq, Saudiya Arabistoni, Arabiston yarim orolini, Falastingacha, soʻngra Afrikadan Misrga, Shimoliy Afrikaga, Misr, Tunis, Jazoir, Liviya va Marokashgacha bo’lgan xalqlarni oʻz ichiga oladi", - deydi u.
Neshning aytishicha, bu ko'pincha odamlarning o'zini etnik jihatdan qanday ko'rishiga bog'liq. Misol uchun, MENA tarkibiga kiruvchi isroilliklar o’zini, odatda, "oq" deb taniydilar, chunki ular o'zlarining ajdodlarini Sharqiy Yevropadan deb biladi.
Arab Amerika fuqarolik kengashi ijrochi direktori Rashad Al-Dabbog'ning aytishicha, aholini ro'yxatga olishdagi yangi toifa arab amerikaliklarga o'z ehtiyojlarini yaxshiroq himoya qilishga yordam beradi.
"O'zimizning alohida hamjamiyatimizga ega bo'lishimiz o’z raqamlarga ega bo'lishimizni, jamoalarimizda qancha Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika xalqlari yashashini bilishimizni anglatadi. Biz uchun, arab-Amerika fuqarolik kengashi sifatida, Kongressdagi vakilimiz bilan gaplashganda, bizda ma'lumotlar borligini ularga, "Mana, janob qonunchi, bizning okrugimizda juda ko'p odam bor. Biz katta jamoamiz va siz bizning ehtiyojlarimizni tinglashingiz kerak”, deb ayta olamiz”, - deydi jamiyat yetakchisi.
Al-Dabbog'ning aytishicha, o'zgarish uning jamoasi a'zolariga ozchiliklar uchun biznes kreditlari olish, fuqarolik huquqlarining buzilish holatlarini hisobga olish hamda bu demografik guruhning qanday o’ziga xos sog'liqni saqlash muammolari borligini aniqlashni osonlashtiradi.
Anaxaymning Kichik Arabiston mahallasidagi ko'plab odamlar o'zgarishni olqishlaydi. Asli livanlik Toni Hakim esa ular qatorida emas. Unga ko’ra, bu o'zgarish inklyuzivlikdan ko'ra ko'proq amerikaliklarni bo’lishga xizmat qiladi.
"Odamlar “men endi amerikalikman, shu yerda yashayman. Men kelgan joyimga qaytishni istamayman, chunki men kelgan joy ortda qoldi. Endi men Amerikada bo'lishni, Amerika madaniyatining bir qismi bo'lishni va o'zimni amerikalik deb bilishni istayman”, deb aytishi kerak”, - deydi u.
Yangi MENA toifasi 2030-yilda AQShda o'tkaziladigan navbatdagi aholini ro'yxatga olish jarayonida rasman so’rovnomaga kiritiladi.