Breaking News

Kongressga intilayotgan musulmon amerikaliklar


Kongressga intilayotgan musulmon amerikaliklar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:45 0:00

Noyabrda Prezident Donald Tramp saylanganiga ikki yil to’ladi, Kongressga saylovlar bo’lib o’tadi. Demokratlar fikricha, aholining yarmidan ko’pi prezident va uning siyosatidan norozi va shu bois uning partiyasi qonunchilik organida o’rinlarni boy beradi. Kongressga harakat qilayotganlar orasida 100 ga yaqin musulmon amerikaliklar ham bor, aksariyati Demokratik partiyadan.

Rashida Tolib Detroyt mahallasida eshiklarni qoqib, unga ovoz berishni so’ramoqda. Kun bo’yi saylovchilar bilan uchrashar ekan, ovqat yemaydi, suv ichmaydi. Kongressga saylanishga harakat qilayotgan musulmon ayol Ramazon oyini shunday o’tkazdi.

“E’tiqodim ko’proq ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinadi. Yuzma-yuz uchrashuvlarda so’rashmaydi”, - deydi u.

Yozning jazirama kunlarida hamma ichkarida. Rashida Tolib buni saylovchilar bilan tanishib olish uchun imkoniyat deb biladi. U Michigan shtatidan Kongressga saylanmoqchi.

“Odamlar haliyam ismimni aytolmaydi, lekin ishlarimni bilishadi”, - deydi ayol.

Tolib siyosatda yangi emas, Michigan qonunchilik palatasida ishlagan. U falastinlik oila farzandi. Detroyt shahrining asosan afro-amerikaliklar yashaydigan mahallasida ulg’aygan, shu yerda maktabga borgan. Uni hamma taniydi.

“Aynan shu mahallada o’sib ulg’ayganim odamlar uchun muhim”, - deydi suhbatdosh.

Rashida Tolib
Rashida Tolib

U bilan uchrashayotganlar saylovchilarning hammasi ham siyosatda nimalar bo’layotganini bilmaydi.

“Michigan qonunchilik organida ishlagan birinchi musulmon ayol edim. Saylansam, Kongressda ham shunday bo’ladi”, - deydi Tolib.

Osama Siblani - Michiganda “Arab-Amerika yangiliklari” degan haftalik gazeta chiqaradi. Shtat janubi-sharqida katta sonda arab-amerikaliklar yashaydi. Uning aytishicha, Rashida Tolib qatorida shtatda yana ikki musulmon amerikalik poygada qatnashayotgani bu hududda siyosiy uyg’onish ro’y berayotganidan darak.

“Shunday paytlar bo’lganki, yashirib yurardik, ismimizni o’zgartirardik. 11-sentabr voqealari va Tramp prezident bo’lishiga qaramasdan, oldinga siljiyapmiz”, - deydi Siblani.

“Tarixiy saylovlar. Meni qo’llayotganlar ko’p. Yaqinda bir musulmon saylovchi “g’alaba qilsangiz, bizning ham mavqeimiz oshadi”, deb qoldi. Musulmonlar allaqachon bu jamiyatning ajralmas qismi, deb aytdim”, - deydi Rashida Tolib.

Tolib yutishi uchun unga turli guruhlarning quvvatlovi kerak. Michigandagi arab-amerikaliklarning katta qismi uning okrugida yashamaydi va unga ovoz berolmaydi.

Musulmon ayol demokrat kongressmen Jon Konyers o’rniga saylanmoqchi. Konyers shilqimlikda ayblanib, yaqinda iste’foga chiqdi. Kongressga saylovlar noyabrda bo’lib o’tadi. Hozir esa shtatlarda partiyaviy saylovlar bo’lib o’tmoqda. G’oliblar kuzda yana kuch sinashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG