AQShda prezidentlikka ikkita asosiy da’vogar Kamala Harris va Donald Tramp reytinglarda deyarli teng ketmoqda. Biroq Harrisning saylovchi ayollar orasida reytingi balandroq. Amerika saylovlarida ayollar odatda erkaklarga qaraganda faolroqdir.
AQSh prezident saylovlarida ayollar 1984-yildan beri erkaklarga qaraganda faol. Ularning aksariyati demokratlarga ovoz beradi. Iyul oyida poygadan chiqqan Prezident Jo Bayden o’rnini vitse-prezident Kamala Harrisning egallagani saylovchi ayollarni jonlantirib yubordi.
“Ancha salmoqli demografik o’zgarishlarni ko’rdik, biroq aynan ayollarning jonlanganini alohida ta’kidlash lozim. Bayden poygadan chiqishi bilan ayollarda endi demokrat nomzodga ovoz berish ehtimoli oshdi”, - deydi tahlilchi Erin Kovi.
Joriy saylov mavsumida har besh ayolning biri abort huquqlari u uchun muhim ekanini aytadi. Donald Tramp prezidentligi paytida Oliy sudga tayinlangan sudyalar 2022-yilda abortga konstitutsion huquqni bekor qildi. Tramp bu masalani har bir shtat mustaqil hal qilishi tarafdori. Harris esa reproduktiv erkinlikni mamlakat bo’ylab himoya qiluvchi federal qonun qabul qilinishini istaydi.
"Harris hammaning o’z qarorlarini qabul qilishga oid, o’z tanasi, tanlovi bo’yicha barcha huquqlari, ayollar huquqlari ta’minlanishini istaydi”, - deydi viskonsinlik saylovchi Klo Longmayr.
“Uning xalq uchun harakat qilayotgani haqidagi gaplarini, ayollar huquqlari haqidagi qonunlarni qo’llab-quvvatlashini olqishlayman. Xalq o’rta sinfdan iborat va men o’rta sinf vakiliman”, - deydi arizonalik Letitsiya Guylen.
Saylovchi ayollar orasida Harris reytinglarda Trampdan 9-13 punkt oldinda.
“Uni mustaqil, biror partiyaga bog’lanmagan, 50 yoshgacha bo’lgan, aksariyati 40 ga yetmagan ayollar qo’llab-quvvatlamoqda. Ular Harris nomzodini saylovda qo’yganidan xursand”, - deydi sotsiolog Pol Maslin.
“Shu tobda qora tanli ayollar Harrisga ovoz berishga tayyor. Ispanzabon ayollar ham. Harris muayyan irq va ma’lumotga ega saylovchilar, ayollar ovozini qozonmoqda”, - deydi Erin Kovi.
"Harris prezidentlikka tayyor emas”, - deydi jorjiyalik bir saylovchi.
“Kamala Harris yo’q joydan chiqib, Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo’ldi. Partiyaviy saylovda uni umuman nomzod sifatida tanlashmagan bo’lardi”, - deydi montanalik Aleks Lastig.
1995-yildan keyin tug’ilgan “Zet” avlodiga mansub erkaklarning aksariyati Tramp tarafida, deydi yana bir sotsiolog Deyvid Maklennan.
"Yosh erkaklar orasida savlat to’kib yuruvchi, macho, jangovar arbobga havas kuchaygan”, - deydi u.
Maklennanning aytishicha, yosh erkaklar internetda rahbar ayollar haqidagi nomaqbul fikrlarni ko’rib, eshitib, siyosiy ijtimoiylashuvga uchramoqda.
"Ular agar Qo’shma Shtatlar urush yoki xalqaro inqirozga yuz tutsa, ayollar qattiq qaror qabul qila olmaydi deb o’ylashadi. Ya’ni ayollarning qattiq bo’lishiga, jiddiy qaror qabul qila olishiga ishonishmaydi”, - deydi mutaxassis.
2016 va 2020-yillardagi saylovlarda oq tanli ayollar Trampga ovoz bergan. Hozir esa so’nggi ommaviy so’rovlar natijalariga ko’ra Harris va Tramp bu borada teppa-teng ketmoqda.
Bu o’rtada Tramp Harris bilan yana bir debat o’tkazish fikridan qaytdi.
“Ikkita debatda qatnashdim, ikkisi ham yaxshi o’tdi. O’rtoq Kamala Harris ustidan tarixiy g’alabaga erishdik. Uchinchi debatga hojat yo’q”, - deydi Tramp.
Biroq seshanba kungi debatdan so’ng o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalari Tramp mag’lub bo’lganini ko’rsatmoqda.
Tadbirni 67 million odam televideniye orqali tomosha qilgani ma’lum.