Breaking News

Yangi Qozog'istonning eski muammolari: umidlar so'nyaptimi?


Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev
Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev

Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev o‘zining avvalgi rahbari va ustozi Nursulton Nazarboyev bilan bog‘liq avtoritar tuzumni bekor qilish bo‘yicha o’z dasturini e’lon qilganidan 30 oy o‘tib, yanada plyuralistik va demokratik Qozog‘istonni qurish haqidagi umidlar so‘nib bormoqda.

2022-yil mart oyida e’lon qilingan “Yangi Qozog‘iston” dasturi ikki oy avvalgi norozilik namoyishlaridan hali ham o‘ziga kelmagan mamlakatda siyosiy tahlilchilar va fuqarolik jamiyati a’zolari tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olingan edi.

Biroq, xuddi o‘sha tahlilchilar va ekspertlarning ayrimlari endi umidsizlik bildirmoqda. Ularning aytishicha, “Yangi Qozog‘iston” asosan qog‘ozda qolib, Nazarboyev va uning qarindoshlari hanuzgacha mamlakatda o‘z ta’sirini saqlab qolmoqda.

Nazarboyev Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin Qozog‘istonni 30 yil davomida boshqarib, mamlakatni rivojlangan mintaqaviy iqtisodiyotga aylantirdi va Rossiya, Xitoy va G‘arb bilan munosabatlarni mohirona muvozanatda ushlab tura oldi.

Uning qarindoshlari va yaqin biznes sheriklari gullab-yashnayotgan bir paytda, Nazarboyev siyosiy muxolifatni bostirib, shaxsga sig‘inishni targ‘ib qildi.

2010-yilda Qozog‘iston parlamenti uni “Millat yetakchisi” deb e’lon qildi; bu unvon jinoiy javobgarlikka tortilmaslik va hokimiyatda cheksiz qolish huquqini berdi. 2019-yilda Qozog‘iston hukumati poytaxt nomini uning sharafiga Astanadan Nur-Sultonga o‘zgartirdi.

2019-yil mart oyida Nazarboyev prezidentlik lavozimidan ketdi va hokimiyatni o‘zi tanlagan merosxo‘ri, o‘sha paytda parlament spikeri bo‘lgan To‘qayevga topshirdi va o’zi Vazirlar Mahkamasini nazorat qiluvchi hukumat organi - Xavfsizlik Kengashi rahbari sifatida haqiqiy hokimiyatni boshqarishda davom etdi.

Nazarboyevning siyosiy taqdiri 2022-yil yanvar oyida keskin o‘zgardi. Yonilg‘i narxining oshishi sababli boshlangan zo‘ravonlik namoyishlari fonida To‘qayev sobiq prezidentni Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimidan chetlatdi va uning sodiq odamlari, jumladan, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Karim Masimovni xiyonatda ayblab, hibsga oldi.

Nazarboyevning qarindoshlari esa yuqori martabali davlat lavozimlaridan voz kechishga majbur bo‘ldi.

2022-yil yanvar oyidagi namoyishlar “To‘qayevning qo‘llarini ozod qildi”, - dedi “Amerika Ovozi”ga anonimlik sharti bilan gapirgan qozoq tadqiqotchisi.

“Avvallari u barcha muhim siyosiy qarorlar uchun Nazarboyevning roziligini olishga majbur edi, bu esa mamlakatda ikki hokimiyatli vaziyatni yuzaga keltirdi. Bu dastlab foydali bo‘lib tuyulgan edi, ammo oxir-oqibat qon to‘kilishiga olib keldi”.

Keyingi haftalar va oylarda To‘qayev Nazarboyevni zaiflashtirishga qaratilgan qo‘shimcha choralar ko‘rdi, jumladan, poytaxtning eski nomi Astana tiklandi. Konstitutsiyaviy sud Nazarboyev va uning oilasini jinoiy javobgarlikdan himoya qiluvchi qonunni bekor qildi.

Nazarboyevning oligarx sifatida tanilgan jiyani Qayrat Satibaldi 2022-yil sentabr oyida davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, olti yilga qamoq jazosiga hukm qilindi. Joriy yilning yanvar oyida prokuratura sobiq prezidentning yana bir jiyanini, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq rahbar o‘rinbosari Samat Abishni lavozim vakolatlarini suiiste'mol qilishda aybladi.

Ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, 2022-2024-yillar oralig‘ida qozog‘istonlik tergovchilar Nazarboyevning qarindoshlari va biznes hamkorlaridan prokurorlar “noqonuniy ravishda o‘zlashtirilgan aktivlar” deb hisoblagan 1,7 milliard dollarni qaytarib olgan.

To’qayevning tarafdorlari bu islohotlarga ishtiyoq bilan qaramoqda.

Parlamentning quyi palatasi — Majlis a’zosi Mixail Kazantsev 2024-yil mart oyida “yangi model” boshlanganini e’lon qildi.

“Bizda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirildi, parlament o‘zgardi, hukumat yanada dinamik bo‘ldi, prezidentning nutqi o‘zgardi va o‘zgarishlar chuqurlashdi”, - dedi u Qozog‘iston ommaviy axborot vositalariga.

Kazantsev Qozog‘iston fuqarolari ko‘proq erkinlikka ega bo‘lganini va hukumat yanada mas’uliyatli bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Biroq boshqa mutaxassislar va tahlilchilar fikricha, siyosiy islohotlar va Nazarboyev merosini yo‘q qilish jarayoni to‘xtab qolgan. Mart oyida Qozog‘iston ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Olmaotada joylashgan siyosiy tahlilchi Dosim Satpayev To‘qayevni 'mini-Nazarboyev' deb ta'riflagan.

“Siyosiy reklamalar pardasi ortida tizimning mohiyati o‘zgarmadi, - dedi Satpayev. - To’qayev oligarxiya tizimini bekor qilgani yo‘q. Uning atrofidagi odamlar islohotchilar emas, balki Nazarboyev davrida o‘z karerasini yaratganlar. Biz yangi shiorlar ostida Nazarboyev tizimining reinkarnatsiyasini ko‘ryapmiz”.

Sentabr oyida Karnegi Xalqaro Tinchlik Jamg‘armasi tomonidan chop etilgan tahlilda qozoq tahlilchilari Aliya Tlegenova va Serik Beysembayev “Yangi Qozog‘iston tobora eski Qozog‘istonga o‘xshab bormoqda”, - deb yozdi.

“To‘qayev hokimiyatni muvaffaqiyatli mustahkamladi, ammo jamiyat qo‘rquv va umidsizlik sababli befarqlikka tushib qoldi”, - deydi ular.

Mart oyida Samat Abish sakkiz yil shartli qamoq jazosiga hukm qilinib, ozodlikka chiqarildi. Avgust oyida Qozog‘iston Oliy sudi Nazarboyevga qarshi korrupsiya ishini ko‘rib chiqishdan bosh tortdi va u Qozog‘iston qonunchiligiga binoan hali ham daxlsizlik huquqiga ega ekanini e'lon qildi.

Ba'zi mutaxassislar To‘qayevning Nazarboyev va uning oilasiga qarshi davomiy tazyiqni qo‘llab-quvvatlashdagi sustkashligini siyosiy maqsadga muvofiqlik deb hisoblamoqda.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan qozog‘istonlik tadqiqotchining aytishicha, Nazarboyev “o‘z imidjini xalqning asoschisi sifatida shakllantirgan. “Qanday qilib ular millat asoschisiga qarshi chiqishi mumkin?” – deydi u.

Tadqiqotchining qo‘shimcha qilishicha, To‘qayev “ustoziga qarshi chiqqan noshukur odam sifatida ko‘rinishni istamaydi”.

2023-yil iyul oyida Qozog‘iston ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Qozog‘istonda faoliyat olib boruvchi jurnalist Joanna Lillis To‘qayev “hali ham o‘z harakatlarida cheklanganligini” aytdi. “Nazarboyev va uning odamlari zaiflashgan bo‘lsa ham, ulardan javob reaksiyasi bo‘lish ehtimoli mavjud”, -dedi u.

“Bundan tashqari, Qozog‘iston jamoatchiligiga o‘ttiz yil davomida Nazarboyev buyuk davlat qurgan buyuk rahbar ekani aytildi, - dedi u. - Agar bu afsonaga barham berilsa, mustaqillikning o‘ttiz yillik davridan nima qoladi? Bu mafkuraviy bo‘shliqni yuzaga keltirishi mumkin”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG