Breaking News

Qozog'istonda iqtisodiy statistika shubha ostida


Aralsk, Qozog'iston, 4-iyul, 2023
Aralsk, Qozog'iston, 4-iyul, 2023

Qozog'istonda tahlilchilar hukumatni statistik usullarni yangilashga undamoqda. Chunki, deydi ular, hozirgi hisobda aholining katta qismi, haqiqatan qashshoq qatlam chetda qolib ketmoqda.

Respublikada oyiga 70 dollardan oz topsangiz, qashshoq hisoblanasiz. Kuniga 2 dollardan sal oshiq. Aholining 5,1 foizi hozir shu tarzda yo'qsil deb qaraladi.

Kambag'allikka qarshi kurashishni maqsad qilgan Jahon banki esa Qozog'istonda odamlarning 10 foizdan ziyodini 2018-yilda qashshoq deya baholagan. Uning hisobida quyi-o'rta daromadli davlatlarda kunlik topish 3 dollar 65 sentdan past bo'lsa, qashshoqsiz. Qozog'iston hozirda bank nazarida yuqori-o'rta daromadli davlatdir. Bu esa masalani yanada chigallashtiradi.

Almatidagi siyosiy tahlil markazidan tadqiqotchi Meruert Maxmutova deydiki, respublika Jahon banki me'yorlariga o'tishi kerak. Shundagina mamlakat ahlining yo'qsil qismi zarur yordam olishi ta'minlanadi, deydi u.

"Ayni damda davlat real vaziyatga nisbatan chora ko'rmayapti. Byudjetdan kambag'allar uchun kam mablag' ajratilmoqda".

Amaldagi statistika Jahon bankining o'ta qashshoq qatlam statistikasiga to'g'ri keladi. Almatidagi "Alternativa" tahlil markazi rahbari Andrey Chebotarev iqlim va ekologik sharoitga urg'u beradi.

"Qahratonda Qozog'istonda tirik qolish qiyin. Hozirgi hisob aholini yanayam murakkab ahvolda qoldiradi", - deydi Chebotarev.

Maxmutova hukumatni minimal maosh va ishsizlikni hisoblash metodlarini yangilashga ham undab kelmoqda.

Aralsk, Qozog'iston, 4-iyul, 2023
Aralsk, Qozog'iston, 4-iyul, 2023

Yaqingacha eng oz oylik 190 dollar deb ko'rstilar edi, vaholanki, o'tgan yilning oxirida hukumat o'rtacha oylikni 890 dollar deb qayd etgan.

"Minimal oylik o'rtacha oylikka qarab belgilanishi kerak. Inflyatsiya darajasi ham inobatga olinmaydi", - deydi Maxmutova.

Qozog'iston Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligidan Baglan Kasenov "Amerika Ovozi"ga tasdiqlashicha, kelasi yildan hukumat statistikani yangicha hisoblay boshlaydi.

Kasenovning aytishicha, respublika endi Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalariga ko'ra ish tutadi.

Ishsizlik statistikasi ham haqiqatdan yiroq, deydi Maxmutova. Oilaviy bizneslar, jumladan fermer xo'jaliklarida maoshsiz ishlaydiganlar hukumat nazarida o'zini o'z mehnat bilan ta'minlovchilardir.

Maxmutova deydiki, hukumat hisobi o'tgan yillarda o'zgarmagan, ya'ni har yili ishsizlar soni 450 ming atrofida deb ko'rsatilgan, aholining 5 foizidan kami.

O'zini o'zi ish bilan ta'minlaydiganlar soni esa 2 million atrofida, ya'ni aholining 10 foizi.

"Qozoqcha shkala bu, to'qima", - deya ta'riflaydi Chebotarev.

"Hukumat ishsizlikka o'zini ish bilan ta'minlash deb qaraydi".

Maxmutova Jahon bankini ham haqiqatga loqaydlikda va hukumatning ishonchsiz ko'rsatkichlariga tayanayotganlikda tanqid qiladi.

XS
SM
MD
LG