ISROIL
Suriyada isyonchilar Assad tuzumini ag’darishi oqibatida vujudga kelgan tartibsizlik Isroilga G’o’lan tepaliklaridagi demilitarizatsiyalashgan bufer zonani ishg’ol etishga imkon berdi.
So’nggi kunlarda Isroil harbiy-havo kuchlari mamlakat tarixida eng yirik havo hujumini amalga oshirib, Suriya harbiy inshootlariga 310 ga yaqin marotaba zarba berdi. Natijada Suriya armiyasining o’nlab harbiy samolyotlari va vertolyotlari, harbiy kemalari, havo mudofaasi tizimlari, qurol-yarog’ omborlari, ilmiy-tadqiqot markazlari yo’q qilindi.
Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saarga ko’ra, bu yahudiy davlatiga zarar yetkazmoqchi bo’lganlarni harbiy salohiyatidan ayiradi.
"Kimyoviy qurollar, uzoq masofali raketalar kabi strategik qurol tizimlariga hujum qildik”, - dedi u.
Isroil Suriyaning deyarli har bir viloyatidagi harbiy inshootlarni yo’q qilgani aytilmoqda.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Isroilning harakatlarini bosqinchilik deb, 1974-yilda kelishilgan bitim asosida Suriya va Isroil o’rtasida tashkil etilgan bufer hududga kirganini qoraladi.
Ayrim manbalar Isroil armiyasi Damashqqa yaqinlashganini bildirmoqda, biroq Isroil harbiylari bufer zonadan tashqariga chiqqanini inkor etdi.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Isroil yovuz kuchlarga chegara hududga joylashishiga imkon bermasligini aytdi.
Ayrim tahlilchilar Suriyada siyosiy vaziyatning o’zgarishi bu mamlakat va Isroil o’rtasida tinchlik bitimiga yetaklashi mumkinligini taxmin qiladi.
“Suriya va uning xalqi Isroildan yordam olishga, u bilan savdo aloqalarini o’rnatishga tayyormikan deya o’ylanaman. Balki hozir bunga ertadir. Lekin bir narsani aniq aytamanki, Isroil eng kamida harbiy jihatdan mintaqada super qudratli mamlakatga aylanmoqda”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Hazim Alg’abra.
Bashar Assad tuzumining ag’darilishi uni qo’llab-quvvatlab kelgan Eron va Rossiyaga jiddiy zarba ekani aytilmoqda. Shu bilan birga, har ikki davlat isyonchilar bilan aloqada ekani ma’lum.
ROSSIYA
"Moskva Suriyadagi mojaroga aralashib, o’zini global kuch qilib ko’rsatishga harakat qildi, o’zidan uzoqdagi mintaqalarga ta’sir qilish qobiliyati borligini ko’rsatmoqchi bo’ldi. Biroq so’nggi voqealar Rossiya dunyoga o’zini ko’rsatmoqchi bo’lganidan u qadar qudratli emasligiga ishoradir”, - deydi Vashingtondagi “Yangi Amerika xavfsizligi markazi” tahlil institutidan Keyt Jonston.
Rossiya 2015-yilda, Suriyada fuqarolar urushining avjida Assadga yordam qo’lini cho’zib, o’z askarlari jonini fido qilib, Assad tuzumini saqlab qoldi.
Vashingtonlik yana bir tahlilchi Mark Xanna Assad rejimining qulashidan eng ko’p Turkiya manfaatdor ekanini aytadi.
“Bu ishda eng katta g’olib – Turkiya. Erdog’an xursand. Tramp Suriyadan amerikalik harbiylarni chiqarishiga ishora qildi. Shunda Turkiyaning Suriyada ta’siri yanada kuchayadi. Erdog’an va Turkiyaning aksiyalari qimmatlashmoqda, Rossiyaniki arzonlashmoqda”, - deydi “Xalqaro aloqalar instituti” eksperti.
Kreml Suriyaning yangi hukumati bilan harbiy bazalarni saqlab qolish haqida gaplashmoqchi. Biroq isyonchilar ularni kechagina o’qqa tutgan taraf bilan hamkorlik qilishga tayyormi, ma’lum emas.
“Rossiya kasalxonalarni, maktablarni bombardimon qilganini ko’rdik, aholi ustiga bochkali bombalar tashlaganda, kimyoviy qurol qo’llaganida Assadni qo’llab-quvvatladi, Kelayotgan hech bir hukumat – kurdlar bo’ladimi, “Hayot Tahrir ash-Shom” bo’ladimi, ular Rossiyaning tinch aholiga ozor berganini birdan unutadi deb o’ylamayman”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlilchisi Nil Killiam.
TURKIYA
Turkiya suriyalik isyonchilarga eng boshidan yordam bergan bo’lsa-da va hozirgi vaziyatda eng ko’p manfaat ko’rishi taxmin qilinayotgan bo’lsa-da, voqealar qanday rivojlanishi, Suriyada hokimiyat qaysi guruh qo’lida bo’lishi va barqarorlik qaror topishiga kafolat bo’lishi hozircha ma’lum emas.
Anqara oldin “Erkin Suriya armiyasi” deb atalgan, hozir esa “Suriya milliy armiyasi” nomi bilan yuritiluvchi guruhni qo’llab-quvvatlaydi, biroq Assadning qulashida “Hayot Tahrir ash-Shom” radikal islomiy guruhi katta rol o’ynadi. Suriyada yangi hukumatni shakllantirishda ham oxirgi so’z aynan shu tashkilot rahbariyatida bo’ladi.
“Turkiya nazoratni boy berdi deb qo’rqyapman. Turkiya “Erkin Suriya armiyasi”dan boshqasini nazorat qila olmaydi. Radikal guruhlar o’ta ko’p. Kim ularga g’ov bo’lyapti? Turkiyaning qo’lidan kelmaydi bu ish va buni katta muammo deb bilaman”, - deydi Yaqin Sharq texnologiya universitetidan Husayn Bog’chi.
Yana bir tahlilchi va sobiq diplomat Oydin Seljenning aytishicha, agar “Hayot Tahrir ash-Shom” hukumatga, va’da qilganidek, barchani taklif etsa, Turkiya ta’sirini saqlab qolishi mumkin bo’ladi.
“Har qalay Turkiya besh milliondan ko’p suriyalik qochqinga boshpana berdi, Idlibni himoya qilishga yordam berdi. Anqarani ijobiy tashqi kuch deb ko’rishlari aniq”, - deydi u.
Suriya barqaror bo’lsa, Turkiya millionlab qochqinlarni vataniga qaytarishi mumkin bo’ladi, bu esa mahalliy iqtisodiyotga ancha yengillik tug’diradi.
Assadning ag’darilishi va Turkiyaning hozirgi pozitsiyasi AQShda prezidentlikka qaytayotgan Trampga Anqarani muhim vositachi deb ko’rishga imkon beradi, deydi sharhlovchi Sezin O’ney.
“Tramp ma’muriyati Turkiyani strategik o’yinchi, mintaqada muhim strategik sherik deb ko’rishi mumkin. Umuman olganda AQShga ittifoqlar va hamkorlarning qizig’i yo’q, lekin “Hayot Tahrir ash-Shom” bilan muzokara qilishni Turkiyaga yuklab qo’yishi mumkin”, - deydi ekspert.
AQSh
AQShning Suriyada 900 ga yaqin harbiysi bor. Ular mahalliy kurdlarga “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi kurashda yordam berdi, biroq kurdlar hozir ayrim hududlarni isyonchilarga topshirmoqda.
Qo’shma Shtatlar Iroqda amerikalik harbiylarni o’ldirgan va shuning uchun AQSh qidiruvga bergan va boshi uchun mukofot puli belgilagan Abu Muhammad G’o’laniy yetakchiligidagi “Hayot Tahrir ash-Shom” guruhining Assad ustidan g’alabasini nishonlamoqda.
“Rejimning qulashi uning vahshiyliklari va egri siyosatini qo’llab-quvvatlaganlar, ya’ni Eron, “Hizbulloh” va Rossiya ustidan g’alabadir. Hozir tarixiy imkoniyatga yuz tutyapmiz, garchi buning jiddiy xavfi bo’lsa ham”, - deydi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
Suriyadagi so’nggi voqealar “Islomiy davlat” uchun ham faoliyatini jonlantirishga imkon tug’dirdi. AQSh shu hafta unga havodan 75 marotaba zarba berdi.
“Agar “Islomiy davlat” al-Holdagi qamoq lageridan qochishga muvaffaq bo’lsa, minglab jangarilar, minglab ekstremistlar nafaqat Suriya va Yaqin Sharq bo’ylab, balki Turkiya va Yevropa bo’ylab tarqalib ketishi mumkin”, - deydi Vashingtondagi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Maykl Rubin.
AQSh rasmiylari hozir mintaqadagi ittifoqchilari va hamkorlari bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qilmoqda.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin turk hamkasbi bilan gaplashgan. AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo’mondonligi boshlig’i Erik Kurilla esa hozir mintaqada, Iordaniyada rasmiylar bilan ko’rishdi, boshqa mamlakatlarga safari rejalangan.
Bu o’rtada Suriyada o’tish hukumatiga rahbar etib Muhammad Bashir tayinlandi. Suriyaning Assad hukumatidagi bosh vaziri Muhammad Jaloliy seshanba kuni Bashir va G’o’laniy bilan uchrashib, vakolatini topshirgan. Bashir yangi hukumatga vazirlarni tayinlash bilan shug’ullanadi, eski xavfsizlik xizmatini tarqatishi va terrorizmga oid qonunlarni bekor qilishi kutilmoqda.
G’o’laniy esa Assad rejimining jinoyatlariga qo’l urgan mansabdor shaxslar, yuqori lavozimli armiya ofitserlari, xavfsizlik xizmati xodimlari va qamoqxonalar mutasaddilarini harbiy jinoyatchi sifatida javobgarlikka tortmoqchi.