Breaking News

O'zbekiston fuqarosi Rossiya generalini o'ldirishda gumonlanib hibsga olindi


Moskva, 17-dekabr, 2024
Moskva, 17-dekabr, 2024

Moskvada 29 yoshli O’zbekiston fuqarosi 17-dekabr kuni o’ldirilgan Rossiya armiyasi generali Igor Kirillovga uyushtirilgan suiqasdda ayblanib hibsga olingan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) jamoatchilikka O’zbekiston fuqarosi sifatida taqdim etilgan shaxsning so’roqqa tutilayotgani aks etgan videoni taqdim etdi.

Bu videoda O’zbekiston fuqarosi (ayrim manbalarda uning ismi sharifi Ahmad Qurbonov ekanligi ta’kidlanadi) sifatida taqdim etilayotgan shaxs Moskvaga Ukraina maxsus xizmatlari topshirig’i bilan kelgani, keyin elektrosamokat sotib olgani, bu samokatga joylashtirilgan portlovchi vositani general Kirillov yashagan uy yo’lagiga qo’ygani, bomba masofadan ishga tushirilgani, buning uchun unga 100 ming dollar va Yevropa pasporti va’da qilingani haqida gapiradi.

Rossiya Tergov qo’mitasi taqdim etgan ma’lumotga ko’ra, ayblanuvchi general yashayotgan uyning yoniga kuzatuv kamerasi o’rnatgan, kamera yozuvi onlayn tarzda Ukraina xavfsizlik xizmatiga uzatib turilgan, portlash masofadan amalga oshirilgan.

Rossiya armiyasining generali, kimyoviy va biologik himoya kuchlari rahbari Igor Kirillov va uning yordamchisi mayor Ilya Polikarpov 17-dekabrda uyushtirilgan portlash natijasida halok bo’ldi. Portlash ortida Ukraina turgani ta’kidlanyapti.

“Reuters” axborot agentligi Ukraina hukumatidagi manbaga tayanib, portlash Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan amalga oshirilgani, urushda ukrain askarlariga qarshi kimyoviy qurol ishlatilishiga buyruq bergan general qonuniy nishon sifatida ko’rilishi haqida yozdi.

Rossiya xavfsizlik xizmati bu terakt ortidan ikki nafar gumonlanuvchi hibsga olingani haqida ma’lum qilgan edi.

Rossiya matbuotida portlashda ayblanib hibsga olingan shaxs 29 yoshli O’zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov ekanligi aytiladi.

O’zbekiston rasmiy idoralari hozircha bu ma’lumotni tasdiqlagani ham, inkor etgani ham yo’q. “RIA Novosti” yozishicha, O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hodisa o’rganilayotganini bildirgan.

Rus generaliga suiqasdda O’zbekiston fuqarosi gumonlanayotgani Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari taqdiriga doir xavotirlarni uyg’otgan. Ijtimoy tarmoqlarda Moskvadagi bu suiqasd keng muhokama qilinmoqda.

Bu munozaralarda terakt ijrochisi O’zbekiston fuqarosi ekanligiga doir shubhalardan tortib, “Krokus” konsert zalidagi xurujdan keyin mehnat muhojirlariga nisbatan avjga chiqqan bosimlar yana kuchayishi, aynan o’zbekistonliklar nishonga olinishiga doir xavotirlarni kuzatish mumkin.

Ukraina tomoni o’ldirilgan generalni taqiqlangan kimyoviy qurollarni qo’llashda aybdor deb hisoblaydi. Suiqasddan biroz avval Ukraina Xavfsizlik xizmati Kirillovga nisbatan harbiy jinoyatlar sodir etish, xususan taqiqlangan kimyoviy qurol ishlatish bo’yicha ayblov e’lon qilgan edi.

Uch yildirki davom etayotgan Rossiya-Ukraina urushi Markaziy Osiyoni, xususan o’zbekistonliklarni ham chetlab o’tmayapti. Har ikki tomonda turli sabablarga ko’ra urushda qatnashayotgan mintaqaliklarni uchratish mumkin.

Ammo Rossiya armiyasiga yollanish asosan muhojirlarga ko’rsatilayotgan bosimlar hisobiga amalga oshayotgani kuzatiladi.

Yaqinda Farg’onada shunday ish bo’yicha, Rossiya armiyasiga yollangan o’zbekistonlik ustidan sud hukmi o’qildi.

Qayd etilishicha, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan ayblanuvchi deportatsiya tahdidi ostida Rossiya armiyasi bilan bir yillik shartnoma tuzishga qaror qilgan.

Ayni paytda general Kirillovning o’limida gumonlanayotgan O’zbekiston fuqarosini hibsda ushlab turish bo’yicha sud qarori chiqarilishi, ayblov e’lon qilinishi kutilmoqda.

O’zbekiston rasmiy idoralari hozircha Moskvadagi hodisa yuzasidan biror munosabat bildirgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG